Vashingtonda dekret haqida qonun loyihasi muhokamada

  • Amerika Ovozi

Rob va Jessika Lott jajji Shulining ota-onasi.

Rob va Jessika Lott jajji Shulining ota-onasi.

Amerikada dekret degan narsa yo’q. Oqibatda farzandli bo’lgan oilaga qiyin. Lekin ayrim shtatlar ota-onalarga pullik ta’til taklif qila boshlagan, jumladan Kaliforniya, Nyu-Jersi va Roud-Aylend.

Nyu-York ham yaqinda bu ro’yxatga kirdi. Poytaxt Vashingtonda Oilalar uchun dekret to’g’risidagi qonun loyihasi hozir muhokamada. Ma’qullansa, boshqa shtatlar ham o’rnak olishi hech gapmas.

Rob va Jessika Lott jajji Shulining ota-onasi.

Aksariyat ota-onalar kabi bola tug’ilishini, dastlabki oylarda qizaloq bilan ko’proq vaqt o’tkazishni ko’zlari to’rt bo’lib kutishdi.

Lekin Qo’shma Shtatlarda dekret majburiy qilib belgilangan emas ekan, Lottlar oilasi ish beruvchi bilan murosa qilishi kerak. Yillik va tibbiy ta’til uchun to’plagan soatlarini ishlatish – bir yo’l.

“Qizimiz tug’ilganida mening ishim to’rt hafta pullik ta’til berdi. Robga esa umuman hech narsa taklif qilishmadi”, - deydi Jessika Lott.

“U yer, bu yerdan to’plagan soatlarimni ishlatdim. Ikki haftacha uyda bo’ldim. Lekin Jess endi ko’zi yoriganida va Shuli bir necha haftalik bola paytida ular bilan ko’proq qolishni xohlagan edim. Qani endi iloji bo’lsa”, - deydi Rob Lott.

Vashingtonda tez orada bu istak ro’yobga chiqishi mumkin. Poytaxtda muhokama qilinayotgan Oilalarga pullik dekret to’g’risidagi qonun loyihasi ana shu haqda.

Lottlar oilasi hujjat ma’qullanishi uchun kurashayapti.

Charlz Allen qonun loyihasini yozganlardan biri.

“Ish beruvchi o’z xodimiga pullik ta’til taklif qilsa, o’zi yutadi. Bunaqa joyda ishlayman degan mutaxassislar soni oshadi”, - deydi Allen.

Qonun loyihasida ishchi-xodimlarga qo’shimcha bir foiz soliq solish, shu bilan ta’til xarajatlarini qoplash haqida so’z boradi.

Lekin Amerika Tijorat palatasidan Mark Fridman nazarida bundan ish beruvchi katta zarar ko’rishi aniq.

“Ish beruvchi xodimiga dekret havola qiladigan sharoitda bo’lsa, mayli. Lekin bunga qurbi yetmasa, dekret bermaslikka haqqi bor”, - deydi Fridman.

Kaliforniyada oilaviy pullik ta’til majburiy qilib qo’yilgan.

“Kichik bizneslar, ayniqsa, endi ish boshlagan bizneslar daromad qila boshlashi uchun vaqt kerak, ularga osonmas. Kichik bizneslar faoliyatini davom ettirishi uchun sharoit yaratishni xohlaymiz. Shu bilan birga, xodimlar ham zarurat tug’ilsa, pullik ta’til olish imkoniga ega bo’lishi muhim”, - deydi Kaliforniyadan qonunchi Loretta Sanchez.

“Hamma uchun bir xil qolipdagi yechim bo’lishi mumkin emas. Ish beruvchi uchun buni majburiy qilib belgilash o’rniga imtiyoz sifatida olg’a surish kerak. Toki kompaniyalar o’zlariga moslagan holda xodimlariga pullik dekret havola qilishga rozi bo’lsin”, - deydi Fridman.

Faollar esa har bir fuqaro pullik dekret olish imkoniga ega bo’lgunicha kurashishga tayyor.

“Vashington boshlab berishi, namuna bo’lishi kerak”, - deydi Rob Lott.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG