Parijdagi terror xurujida 12 odam o'lgan

  • Amerika Ovozi

Bugun Parijda qurollangan uch odam "Sharli Ebdo" hajviy haftalik gazeta tahririyatida avtomat va granatomyot bilan hujum qilib, 12 kishini o'ldirgan, so'ng ikki mashinada qochgan.

Jurnal direktori va kamida uch karikaturachi hamda ikki politsiyachi o'lgan. Prezident Fransua Olland voqeani terror xuruji deb atadi. Uning aytishicha, hech bir yovuz harakat matbuot erkinligini bo'g'a olmaydi.

So'l-qanot jurnal Muhammad payg'ambar haqida bir necha karikatura chiqarib, musulmon davlatlarda norozilik namoyishlariga sabab bo'lgan edi. Bugun esa "Sharli Ebdo" ijtimoiy sahifasida "Islomiy davlat" yetakchisi Abu Bakr al-Bag'dodiyni mazah qilib karikatura chop etgan.

Oq uy xurujni qoralagan. Prezident Barak Obama qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirdi.

"Fransiya Amerikaning qalin ittifoqchisi, bu ikki davlat terrorchilarga qarshi kurashda yelkama-yelka harakat qilgan", - dedi Obama.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Qo'shma Shtatlar erkinlikni himoya qilishda Fransiya bilan birdam.

"Fransiya erkinlik qimmatga tushishini har qanday davlatdan yaxshiroq biladi. Fransiya demokratiyaga hayt bag'ishlagan mamlakat. Fransiyada erkinlik va erkin fikrlashga intilish ko'plab inqiloblarga turtki bo'lgan va ekstremistlar shundan qo'rqmoqda", - dedi Kerri.

Jurnal din va madaniyatlarni mazah qiluvchi karikaturalari bilan yaxshi tanish. Uning bugungi xurujda nobud bo'lgan bosh muharriri Stefan Sharbonyerning o'zi ateist edi.

Uning fikri shu ediki, agar jurnalda chop etiladigan karikaturalar dindorlarga yoqmasa, ular jurnalni o'qimasligi kerak.

"Har bir hazilimizning oqibati haqida o'ylaydigan bo'lsak, faoliyatimizni ancha oldin to'xtatishimiz kerak edi", - degan edi u 2011-yildagi intervyusida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG