Iqlimdagi o'zgarishlarga qarshi choralar Parijda muhokamada

  • Amerika Ovozi

Parij yaqinida bo'lib o'tadigan tadbirga qatnashchilar yig'ilmoqda. 29-noyabr 2015-yil

Parij yaqinida bo'lib o'tadigan tadbirga qatnashchilar yig'ilmoqda. 29-noyabr 2015-yil

Parijda terror xurujlari ro’y berganiga qaramay dunyoning 80 davlati rahbarlari 30-noyabrda Fransiya poytaxtida yig’ilib, iqlim o’zgarishiga qarshi choralarni muhokama qiladi. Ikki hafta davom etadigan tadbirda 25 ming muzokarachi, nodavlat tashkilotlati xodimlari va fuqaroviy jamiyat vakillari qatnashadi. Maqsad – atmosferaga chiqayotgan zararli gazlarni kamaytirish.

Muzokarachilar oktabr oxirida Germaniyaning Bonn shahrida uchrashib, Parijda muhokama qilinadigan 55 betlik hujjatni tayyorladi. Murosaga erishilmagan masalalar orasida boy va kambag’al mamlakatlar o’rtasida iqlim o’zgarishiga sabab bo’layotgan zararli gazlarning atmosferaga chiqishi uchun kim to’lashi atrofidagi bahs. Kambag’al o’lkalar fikricha, xarajatlar sanoati rivojlangani sababli havoni ko’proq bulg’ayotgan davlatlar zimmasida bo’lishi kerak. Badavlat yurtlar esa hamma birdek ishtirok etsin, ayniqsa iqtisodi jadal rivojlanayotgan Xitoy, Hindiston va Braziliya, deydi.

Bundan olti yil oldin Kopengagendagi iqlim sammitida rivojlangan mamlakatlar kambag’al o’lkalarga iqlim o’zgarishiga moslashish maqsadida 100 milliard dollar ajratishni va’da qilgan edi. Jahon resurslari institutining xalqaro iqlim tashabbusi rahbari Devid Vaskou o’sha va’dalar ijrosida gap ko’p, deydi.

“Kelasi yillarda infratuzilmaga trillionlab dollar sarmoya kiritilganiga guvoh bo’lamiz. Biroq bu mablag’ to’g’ri ishlatilyaptimi? Gap mana shunda! Masalan, energetika sohasiga sarmoya kiritganda investor qayta tiklanadigan energiya manbalarini qo’llab-quvvatlayaptimi? Axir, bunday manbalar ko’plab mamlakatlarda an’anaviy energiya manbalari, ya’ni neft va gazdan arzonroq yoki yaqin kelajakda arzonroq bo’ladi”, - deydi mutaxassis.

BMTning Iqlim masalalari bo’yicha bosh vakili Kristiana Figueres bu fikrga qo’shiladi. Rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiy o’sishni ta’minlash uchun ko’p zararli gaz chiqarmaydigan manbalardan foydalanishi kerak, deydi u.

“Biz rivojlanayotgan o’lkalardan shu paytgacha hech kim qilmagan ishni qilishni so’rayapmiz. Atmosferaga zararli gazlar chiqarmay turib, iqtisodiy o’sishni davom ettiring. Hozircha hech kim bunday qilmagan”, - deydi BMT rasmiysi.

Parijdagi uchrashuvdan oldin 150 dan ziyod davlat havoda xavfli gazlarni kamaytirishga qaratilgan milliy dasturlarini e’lon qildi. Ammo rejalarda ko’zda tutilgan kamayishga erishilganda ham o’rtacha havo haroratining Selsiy bo’yicha ikki gradusga oshishiga chek qo’yib bo’lmaydi. Demak, deydi olimlar, dengiz va okeanlarda suv sathi oshadi, bo’ronlar, ayni vaqtda qurg’oqchilik va yong’inlar ko’payadi. Vaskou Parijdagi muzokaralar natijasida keskinroq choralarga kelishib olinadi, degan umidda. Shunda mamlakatlar iqlimdagi o’zgarishlarni kamaytira oladi.

“Ko’pgina milliy dasturlarda qayta tiklanadigan energiya manbalariga o’tish, havoni kamroq bulg’aydigan transportga o’tish, o’rmonlarni tiklash kabi choralar ko’zda tutilgan. Ya’ni nafaqat zararli gazlarni kamaytirish, balki tabiatni asragan holda barqaror taraqqiyotni ta’minlashni ko’zda tutadigan dasturlar haqida gap ketyapti”, - deydi u.

Kristina Figueresning aytishicha, rivojlanayotgan mamlakatlar neft va gaz asridan tezda qayta tiklanadigan manbalar asriga o’tishi kerak, va bunda ularga rivojlangan davlatlar yordam berishi lozim – moliya va texnologiyalar ajratish orqali.

“Bu nihoyatda qiyin vazifa, ammo boshqa yo’l yo’q. Iqlim o’zgarishi muammosini hal qilmaslik uyat”, - deydi Figueres.

Parij rejasidan boshqa reja yo’q, chunki boshqa sayyoramiz yo’q, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG