Breaking News

Pokiston "Islomiy davlat" ta'siri kuchayishidan xavotirda


Iroq va Suriyadagi "Islomiy davlat" guruhining Pokistondagi jangarilar orasiga ham suqilib kirayotgani haqida xavotirlar bor. Pokiston Toliboni guruhning Janubiy Osiyoda rejalayotgan amaliyotlarini qo'llab-quvvatlashini ma'lum qilgan. Mamlakat rasmiylari esa ehtimoliy tajovuzlarga qarshi xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda.

"Islomiy davlat" va Pokiston, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:25 0:00
Yuklab oling

Pokistonning shimoli-g'arbi va Afg'oniston chegarasidagi viloyatlarida "Islomiy davlat"ning mahalliy tillarga tarjima qilingan varaqalari paydo bo'ldi.
AQSh va Pokiston rasmiylari bu ishlar ortida jangari guruhni qo'llab-quvvatlovchi mustaqil shaxslar turganini va "Islomiy davlat" Pokiston va Afg'onistonda rasman faoliyat olib bormayotganini aytmoqda.

Xavfsizlik bo'yicha Pokiston mutasaddilarinig ta'kidlashicha, Afg'oniston chegarasi yaqinidagi Shimoliy Vaziriston viloyatida olib borilayotgan harbiy amaliyotlar "Islomiy davlat" kabi terror guruhlarining mamlakatga suqilib kirishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida amalga oshirilmoqda. AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya shu yil oxirigacha Afg'onistonni tark etishi kutilar ekan, Pokistonga nisbatan ham tahdid ko'laminining oshishi haqida xavotirlar kuchli.

Pokiston armiyasi so'zlovchisi, general-mayor Asim Salim Bajvaning "Amerika ovozi"ga aytishicha, Yaqin Sharqda davom etayotgan xurujlarning Pokiston ichida ham ro'y berishiga yo'l qo'ymaslik uchun xavfsizlik idoralariga tegishli ko'rsatmalar berilgan.

"Bugun dunyoda hamma narsaning aks ta'siri bor. U butun dunyo bo'ylab hamma joyga tarqalishi mumkin. Biz o'zimiz yashayotgan mintaqada yoki boshqa joylarda bo'layotgan o'zgarishlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Shunga qarab kerakli choralarni ko'ramiz. Mamlakat ichida kimdir terror amaliyotlarini sodir etishiga yoki tuprog'imizda turib boshqa joylarda shunday ishlarni qilishiga yo'l qo'ymaymiz", - deydi harbiylar so'zlovchisi.

Pokiston Toliboni yetakchisi Maulvi Fazlulloh bayonot chiqarib, "Islomiy davlat"ning Suriya va Iroqda olib borayotgan janglarini olqishlagan hamda kerak bo'lsa, u yerdagi "musulmon birodarlar"ga yordam berishga tayyormiz, deb aytgan. Ammo u guruh sifatida Afg'onistondagi Tolibon yetakchisi Mulla Umarga ergashishini ham eslatib o'tgan. Fazlulloh, shuningdek, "Islomiy davlat"ning musulmonlarni kofirga chiqarib, qatl etayotganini qoralagan.

Pokistonlik tahlilchi Zohid Husaynning aytishicha, Iroq va Suriyadagi davlat tuzilmalarining zaifligi va natijada yuzaga kelgan boshboshdoqlik "Islomiy davlat" foydasiga ishladi. Ulardan farqli o'laroq, Pokiston kuchli xavfsizlik tizimiga ega va shu bois "Al-Qoida" va Tolibon kabi guruhlarning ekstremist ideologiyasi mamlakatda muvaffaqiyat qozongani yo'q, deydi u.

"Al-Qoida" bu yerda anchadan beri faoliyat yuritadi va Pokiston davlatiga qarshi urush e'lon qilgan. Ammo Pokiston davlati ular xavfini bartaraf etishga qodir. Shuning uchun "Al-Qoida" va Tolibon oddiy pokistonliklar orasiga muvaffaqiyatli kira olmagan. Agar "Islomiy davlat" bu mamlakatga kiradigan bo'lsa, terror amaliyotlari kuchayishi mumkin, lekin ular Yaqin Sharqda qo'lga kiritgan muvaffaqiyatlariga bu yerda erisha olmaydi. Ammo Pokistondagi jangari guruhlar "Islomiy davlat" bayrog'i ostida birlashadigan bo'lsa, mamlakatda ko'proq qon to'kilishi muqarrar", - deydi tahlilchi Zohid Husayn.

Kuzatuvchilar fikricha, terrorizmga qarshi uzoq muddatli kurash strategiyasi ishlab chiqilmaguncha, Pokiston kabi davlatlar ekstremist kuchlar nishoniga aylanishda davom etadi.

Afg'onistonning Pokistondagi elchisi Janan Musazoyga ko'ra, agar xalqaro kuchlar mamlakatni tark etgandan so'ng "Islomiy davlat" Afg'onistonga kirib keladigan bo'lsa, oqibati yomon bo'lishini Kobul yaxshi tushunadi.

"Terrorchilar bir-birini yaxshi taniydi, hamkorlik qiladi, bir-birini qo'llab-quvvatlaydi. Ularni mag'lub etib, jamiyatlarimizni ozod qilish uchun ikki qo'shni davlat, ularning armiyasi, xavfsizlik idoralari, razvedka agentliklari birga ishlashi kerak. Aksincha bo'lsa, yovuz kuchlar kuchayishda va yanada xavfli tus olishda davom etadi. Shu kunlar Yaqin Sharqdagi vaziyat bunga yaxshi misol", - deydi Afg'oniston elchisi.

Pokistonning sobiq Adliya vaziri Bilol Sufi ham uning fikrlariga qo'shiladi.

"Islomiy davlat" o'ta radikal guruhlardan tarkib topgan. Mo'tadil musulmonlar ularni aslo qo'llab-quvvatlamaydi. Savol shundaki, "Islomiy davlat" yoki uning radikal qarashlari Pokiston, Afg'oniston yoki boshqa musulmon davlatlariga ham tarqalmasligiga kafolat bormi? Ishni hibsda saqlanayotgan mahbuslar qarashlarini mo'tadillashtirishdan boshlash kerak. Buni milliy strategiyaga aylantirish kerak. Chunki ko'p hollarda turli yo'llar bilan ozodlikka chiqqan bu shaxslar "Islomiy davlat" uchun tayyor o'lja bo'lib, radikal qarashlarning targ'ibotchisiga aylanadi", - deydi Pokistonning sobiq vaziri.

Sufiga ko'ra, Pokiston hibsxonalarida 3000 dan ortiq jangari saqlanadi. Ammo ular ishini tez ko'rib chiqib, loyiq jazo belgilashga milliy huquq tizimi yaramayapti, deydi u. Mahbuslar qarashlarini to'g'rilash bo'yicha ham hukumat biror siyosat ishlab chiqmagan, deydi Sufi.

Boshqa tahlilchilar esa shialarga ashaddiy qarshiligi bilan tanilgan "Islomiy davlat" guruhi Pokistonda ozchilik shia aholiga qarshi mazhablararo ziddiyatni kuchaytirib yuborishi mumkinligidan xavotirda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG