Breaking News

Hibsdagi uyg'ur ziyolisi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi


Xitoylik uyg'ur professori Ilhom To'xti
Xitoylik uyg'ur professori Ilhom To'xti
“PEN” Amerika yozuvchilar markazi Xitoyda ayirmachilik va davlat sirlarini oshkor qilish aybi bilan hibsga olingan uyg’ur professori Ilhom To’xtini ozodlik mukofoti bilan taqdirladi.

"PEN/Barbara Goldsmit" nomli yozish erkinligi uchun mukofot 1987-yilda tashkil etilgan. U dunyo bo’ylab qamoqda saqlanayotgan yozuvchilarga beriladi. Shu paytgacha ushbu sovrinni qo’lga kiritgan 38 mahbus yozuvchining 35 nafari xalqaro bosimlar natijasida ozodlikka chiqarilgan.

Ushbu mukofot Ilhom To’xtini ham erkinlikka olib chiqishiga umid qilamiz, deyiladi “PEN” Amerika yozuvchilar markazi bayonotida.

Mukofotni Ilhom To'xtining Indiana universitetida tahsil olayotgan qizi Javhar Ilhom 5-may kuni Nyu-York shahrida qabul qilib oladi.

Xitoyning ozchilik uyg’ur aholisi huquqlari haqida oshkora gapirishi bilan tanilgan 44 yoshli To’xti 2014-yilning 15-yanvar kuni Pekindagi uyida hibsga olingan edi. To’rt va yetti yoshli farzandlari oldida qo’liga kishan solingan, uyida tintuv o’tkazilgan.

Hibsga olish haqidagi order va aybnoma nusxasi To’xtining rafiqasiga 25-fevral kuni topshirilgan. Unda To’xtiga ayirmachilik aybi qo’yilgani va hozir Pekindan minglab chaqirim olisda joylashgan Shinjon avtonom viloyatidagi qamoqxonada saqlanayotgani yozilgan.

To’xtining hatto advokat bilan ko’rishishiga ham ruxsat berilmayapti. Unga, shuningdek, “Uyg’ur Onlayn” sayti orqali o’ziga tarafdorlar yig’ish aybi ham qo’yilmoqda. Agar ayirmachilik jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topilsa, To'xti 10 yildan umrbodgacha bo'lgan qamoq jazosiga, ayrim holatlarda hatto o’limga hukm etilishi mumkin.

Ayni kunlarda Xitoyda Ilhom To’xti nomidagi bank hisoblarining muzlatib qo’yilgani xabar qilinmoqda. To’xtining ikki yosh farzandi bilan yolg’iz qolgan rafiqasi Go’zalnurning aytishicha, bank hisobi Shinjon politsiyasi buyrug’iga ko’ra muzlatib qo’yilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG