AQSh vitse-prezidenti notinch Koreya yarimorolida

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreyada o'tkazilgan raketa sinovi muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga qaramay, Mayk Pens Koreya yarimoroliga safarini qoldirmadi.

AQSh vitse-prezidenti 10 kun davomida Janubiy Koreya, Yaponiya, Indoneziya, Avstraliyada bo'ladi. Savdo va iqtisodiy hamkorlikdan tashqari bu mamlakatlar bilan xavfsizlik xususida ham muzokaralar olib boriladi. Shimoliy Koreya harbiylarining provokatsiyalari bosh mavzu bo'lishi kutilmoqda.

Pensning matbuot kotibi Mark Lotterning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Tramp ma'muriyati Qo'shma Shtatlar Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilari bilan aloqalari muhim ekanini namoyish etmoqchi.

Shanba kuni Shimoliy Koreyada kommunistik mamlakat asoschisi va birinchi rahbari, amaldagi rahbar Kim Chen Unning bobosi Kim Ir Senning tavallud kuni keng nishonlandi. Kim Ir Sen 1994-yilda hayotdan ko'z yumgan.

Ayrim kuzatuvchilar shu kuni Pxenyan navbatdagi yadro qurolini sinovdan o'tkazadi, deya taxmin qilgan edi. Bayramga bag'ishlangan paradda tadbirni minbardan tomosha qilgan Kim Chen Un eng so'nggi qurollarini ko'z-ko'z qildi.

Ikki hafta oldin Pxenyan Yapon dengiziga o'rta masofali raketa otgan edi, biroq shanba kuni yadroviy sinov kuzatilmadi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Pxenyan bu ishga qo'l ursa, bunga qarshi chora ko'rilishi, AQSh bir tomonlama harakat qilishga tayyor ekanini aytgan edi.

Shu maqsadda Qo'shma Shtatlar yarimorolga bir nechta harbiy kemasini yubordi.

Dushanba kuni Pens Seulda Janubiy Koreya prezidenti lavozimini vaqtincha bajarayotgan Bosh vazir Xvan Gyo An va mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashadi, yakshanba kuni esa mamlakatdagi AQSh harbiylari bilan pasxa bayramini nishonladi.

Seshanba kuni Pens Tokioda Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe bilan muloqot qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG