Pentagon Afrikada terror guruhlari faollashayotganini aytmoqda

  • Amerika Ovozi

Al-Shabab jangarilari, Mogadishu, Somali.

Al-Shabab jangarilari, Mogadishu, Somali.

AQSh Qurolli kuchlarining Afrika qo'mondonligi rahbari general Karter Xemning aytishicha, Qo'shma Shtatlar qit'adagi harbiy faoliyatini kuchaytirmoqda. Chunki terror guruhlari o'zaro hamkorlikni oshirib, mintaqada yangi xurujlar rejalamoqda, deydi general.

General Karter Xemga ko'ra, Afrikada terror tahdidi kun-sayin o'smoqda. Sharqiy Afrikada al-Shabab, shimolda al-Qoidaning islomiy Mag'ribdagi qanoti va Nigeriyada Boko Haram - asosiy jangari guruhlar.

"Bularning har biri o'zicha xavflidir. Bizni xavotirga solayotgan narsa shuki, ular faoliyatini muvofiqlashtirib, birga ishlamoqchi, hamkorlik qilmoqchi. Bu Amerika va Afrika xavfsizligi uchun katta muammodir."

AQSh Mudofaa vazirligi rasmiylari afrikalik hamkasblari bilan uchrashib, ularni bu uch terror guruhi rejalaridan boxabar qildi. General Xemning razvedka ma'lumotlariga tayanib aytishicha, guruhlar mashqlarni birga o'tkazib, hamyonini umumlashtirish ustida o'ylanmoqda.

Qo'shma Shtatlarning yangi mudofaa strategiyasida Afrikaga alohida e'tibor qaratiladi, mahalliy qo'shinlarni tayyorlash va moliyalash ko'zda tutiladi.

Uganda, Kongo Demokratik Respublikasi, Janubiy Sudan va Markaziy Afrika Respublikasiga Jozef Koni boshchiligidagi isyonchilarga yordam berish maqsadida prezident Obama o'tgan yili mintaqaga 100 ga yaqin harbiy mutaxassisni yuborishni buyurgan.

Qit'a davlatlari bilan hamkorlik orqali ularni kuchaytirish mintaqadagi xavfga qarshi kurashda amerikalik harbiylarni u yerga yuborishdan ko'ra yaxshiroq natija beradi, deydi Xem.

"Asbob-uskuna, jihoz bilan ta'minlashda, ma'lumot uzatishda, razvedka bobidagi hamkorlik, aloqada yordam berishimiz mumkin. Mana shu bilan ko'p ishlarni amalga oshirsa bo'ladi", - deydi general.

Jozef Koni rahbarligidagi isyonchilarga qarshi kurashda Qo'shma Shtatlar Afrika davlatlariga kuzatuv va nazorat ishlarida yordam bermoqda.

AQShning Afrikada doimiy harbiy bazasi bitta. Jibutida 2000 qo'shin joylashgan. General Xemning aytishicha, qit'ada qo'shimcha baza ochish rejasi yo'q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG