Pentagon 2017-yil uchun 583 milliard dollar so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter 2017-yilgi byudjet loyihasini taqdim etdi. Kongressdan kelasi yilga 583 milliard dollar ajratishni so’rar ekan, Pentagon rahbari Rossiya va Xitoy bilan raqobat, Shimoliy Koreya va Eron solishi mumkin bo'lgan tahdid hamda terrorizmga qarshi kurashni tilga oldi.

Rossiya va Xitoy - AQShning eng kuchli raqiblari, deydi Karter. Osiyoda kuchlar muvozanati o'zgarib bormoqda. Yevropada AQSh harbiy ustuvorligini saqlash kerak. Bu maqsad yo'lida xarajatni to'rt baravar oshirish rejalangan.

Prezident Barak Obama deydiki, Yevropadagi mudofaa tizimiga ko’proq mablag' ajratishdan maqsad - NATOdagi hamkorlar bilan yelkama-yelka turish, xalqaro me'yor va tartibni saqlash. Rossiyaning ikki yil avval Ukrainada boshlagan bosqinchilik harakatidan keyin, deydi u, Vashington o'z ittifoqdoshlari tashlab qo'ymaydi.

Pentagon kelasi yilda “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi kurash uchun 7,5 milliard dollar so'ramoqda. Bu o’tgan yilga qaraganda 50 foiz ko’proq. Shuningdek, GPS bilan jihozlangan bombalar, lazer bilan boshqariladigan raketalarning 45 ming donasi uchun qo’shimcha 1,8 milliard dollar zarur. Bu turdagi qurollar “Islomiy davlat”ga qarshi havo kampaniyasida keng qo’llanilmoqda.

Byudjetda, shuningdek, suvosti qurol-aslahalari, kiber-xavfsizlik, fazoviy loyihalar hamda ilg'or texnologiya uchun ham katta mablag’ ajratish ko’zda tutilgan.

AQSh 10, 20 va hatto 30 yildan keyingi raqobat va talablarga tayyor bo’lishi lozim, deydi Karter.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG