Pentagon: Xitoy armiyasi xorijdagi ta'sir doirasini kengaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Xitoyning eng so'nggi nusxadagi J-20 harbiy samolyoti

Xitoyning eng so'nggi nusxadagi J-20 harbiy samolyoti

Pentagon tarqatgan ma’lumotga ko’ra, Xitoy o’z harbiy qudratini zamonaviylashtirish hamda xorijiy o’lkalarda ta’sir doirasini kengaytirish yo’lidan bormoqda.

AQSh Mudofaa vazirligi Kongressga taqdim etgan yangi hisobotda Xitoy harbiy byudjetini tinimsiz oshirib borayotgani tilga olinadi. Rasmiy Pekin buni “yangi tarixiy missiyalar”ga tayyorgarlik deb ataydi. Vazifalarning ba’zilari yaqin joyda, ba’zilari sarhadlaridan olisda bo’lishi mumkin.

AQSh Mudofaa vazirligida Sharqiy Osiyo bo’yicha mutaxassis Deyvid Xelvining aytishicha, Xitoy zamonaviy qurollar, raketaga qarshi mudofaa tizimlari hamda harbiy kema va qiruvchi samolyotlar ishlab chiqarishga katta sarmoya ajratmoqda.

“Harbiy sohani keng qamrovli modernizatsiya qilishga qaratilgan bu ishlarga ajratilayotgan mablag’ miqdori tinimsiz oshib bormoqda. Shu yilning 4-martida Pekin o’z harbiy byudjetining 11,2 foizga oshganini e’lon qildi. Hozirda Xitoy harbiy xarajatlari rasman 106 milliard dollar ekani aytiladi. So’nggi 20 yilda sarfiyat faqat o’sib bormoqda”, deydi Xelvi.

AQSh mudofaa vazirligi rasmiylarining aytishicha, o’tgan yili Xitoy harbiy xarajatlari aslida 180 milliard dollar bo’lgan.

Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko’ra, Xitoy o’z harbiy texnikasini takomillashtirishda G’arbdan sotib olingan harbiy samolyot va boshqa texnologiyalardan foydalanmoqda. Hisobotda yozilishicha, Xitoy iqtisodiy josuslikda ham dunyoning eng faol va yetakchi davlati.

Hisobotda Xitoyning harbiy diqqati hozirda Tayvanga qaratilgani aytiladi. Shu bilan birga Xitoy harbiylari Liviyadan xitoyliklarni evakuatsiya qilish, Adan ko’rfazida qaroqchilarga qarshi kurash hamda Lotin Amerikasidagi insonparvarlik missiyalarida qatnashish kabi amaliyotlarda ham faol ishtirok etmoqda. Bu Pentagon hisobotida Xitoy harbiy ta’sir doirasini xorijiy o’lkalarga kengaytirish sifatida talqin qilinadi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Xitoy Xalq ozodlik armiyasining zamonaviylashishi hudud uchun muammolar tug’dirishi bilan birga xalqaro tinchlik missiyalarida Xitoyning faol ishtirok etishi uchun umid ham uyg’otadi.

“Biz Xitoy armiyasining mana shunday missiyalarda ishtirok etishga qiziqayotganini hamda Xitoydan olis hududlarda amaliyot olib borish imkoniyatlarini qidirayotganiga guvoh bo’lyapmiz. Xitoy harbiylari olisdagi hududlarda ish olib borish salohiyatiga ega bo’lar ekan, ular o’z navbatida xalqaro norma va qoidalarga rioya qilish hamda xalqaro hamjamiyatning tinchlik va barqarorlikni saqlash yo’lida olib borayotgan harakatlarini qo’llab-quvvatlash majburiyatiga ham ega bo’ladi”, deydi AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysi Xelvi.

Kelajak urushlari haqida kitob yozgan Dengiz piyoda kuchlarining iste’fodagi polkovnigi Tomas Xammesning aytishicha, Obama ma’muriyatining o’z e’tiborini Osiyo-Tinch okeani hududlariga qaratayotgani ijobiy qadam bo’ldi. Endi Xitoydan keladigan ehtimoliy xavfga qarshi strategiya ishlab chiqish zarur, deydi u.

“Agar Xitoy bilan nizo kelib chiqsa, nima qilish lozimligi haqida hali biror strategiya yo’q. Umuman olganda, Xitoy bilan harbiy mojaroning kelib chiqish ehtimoli juda kam. Lekin inson zotining ba’zan ahmoqona ishlarga qo’l urishi ham bor gap. Shunday ekan, har qanday holatga tayyor turish lozim”, deydi u.

Tahlilchilar fikricha, Xitoy yaqin kelajakda harbiy nizolardan o’zini saqlashga harakat qiladi. Yaponiya bilan munosabatlarni yumshatishga intilayotgani bir misol. Boshqa tomondan esa Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari bilan hududiy tortishuvlarga qaramay Xitoy o’rtadagi ishonchni oshirishga qaratilgan dasturlarga qo’l urgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG