Iroq armiyasi tashqi yordamsiz jangarilarga bas kelolmaydi

  • Amerika Ovozi

AQSh harbiylari xulosasiga ko’ra, Iroq poytaxtiga yaqinlashayotgan sunniy jangarilar toliqqan va Bag’dodga hujum qilishsa ham mahalliy armiya ularni qaytara oladi.

Iroq hukumati AQShdan jihodchilarni havodan nishonga olishni so’rab keladi, ammo Vashingtondan hozircha javob yo’q.

O’tgan oy “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhi Iroq shimolida shiddat bilan harakat qilib, bir necha shaharni bosib olgan edi.

Bugun ular ko’proq qarshilik bilan yuzlashmoqda, masalan Tikrit shahrida.

AQSh generali Martin Demsi so’zlariga ko’ra, ekstremistlar qo’lga kiritgan yutuqlarini saqlab qolish va harbiy yurishni davom ettirishga qiynalmoqda. “Logistika, kommunikatsiya bobida muammolar tug’ilgani bizga ma’lum”, - deydi harbiy.

Bu esa Iroq xavfsizlik kuchlariga oyoqqa turib olishga imkoniyat berdi.

Demsi fikricha, hukumat kuchlari Bag’dodni himoya qilishga qodir, lekin boy berilgan hududlarni qaytarib olishi uchun ularga chetdan yordam kerak bo’ladi.

Jangari manzillarini bombardimon qilishda Iroq Rossiya va Eron samolyotlaridan foydalanyapti. Amerika xuddi shu tarzda ko’mak ko’rsatmayotganidan Bag’dod taajjubda. AQShdan hozircha 200 nafar harbiy maslahatchi yetib kelgan. Shuningdek, Fors ko’rfazidagi kemalardan razvedka amaliyotlari olib borilmoqda.

Xavotirlar o’rinli, deydi siyosiy sharhlovchi Jessika Luis.

“Iroq va Shom islomiy davlati” olis bir joyga hamla qilib, mahalliy armiyani chalg’itib, poytaxt Bag’dodga yurish qilishi mumkin”, deydi u.

AQSh so’nggi kunlarda Bag’doddagi elchixona hamda aeroport xavfsizligini kuchaytirish uchun maxsus kuchlarni safarbar etdi.

Mudofaa vaziri Chak Xeyglning aytishicha, maqsad diplomatlarning turli siyosiy guruhlar bilan muloqot qilishi uchun sharoit yaratib berishdir. Sunniy, kurd va shialarni o’z ichiga olgan koalitsion hukumat tuzish ustida gap ketmoqda.

Obama ma’muriyati nazarida, Iroqdagi muammolar yechimi siyosatga borib taqaladi. Turli mazhablarning namoyandalari kiradigan yangi hukumat barpo etish vahshiyliklarga eng yaxshi javob bo’ladi, deydi ular.

So’nggi xabarlarga qaraganda, “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhining yetakchisi, yaqinda xalifalik e’lon qilgan Abu Bakr al-Bag’dodiy 2005-yilda Iroqda qo’lga olinib, to’rt yil qamoqda saqlangan. Iroqda harbiy operatsiyalar tugagach, AQSh uni mahalliy armiyaga topshirgan.

2010-yilda al-Bag’dodiy qamoqdan qo’yib yuborilgach, “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhiga yetakchilik qila boshlagan. 2011-yildan buyon u AQShning qora ro’yxatida. Uni qo’lga olishga yordam berganlarga 10 million dollar mukofot puli taklif etilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG