Pentagon Iroqda vaziyat izdan chiqishidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Iroqning Tikrit shahri uchun janglar avj olar ekan, Eronning ta’siri hamda mazhablararo ziddiyat kutilmagan muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Tikritni ozod qilishga qaratilgan amaliyot sust ketmoqda. “Islomiy davlat” shaharni osonlikcha qo’ldan chiqarmoqchi emas.

“Harakatimizni to’sish uchun “Islomiy davlat” jangarlari yo’llarga ko’p bomba o’rnatganini hisobga olmaganda, kuchlarimiz reja bo’yicha harakatlanyapti”, - deydi Iroq armiyasi generali Amir al-Zaidiy.

Iroq armiyasiga mahalliy shia guruhlari ham yordam ko’rsatmoqda. Dushman bir, ammo qarashlar farqli. Eron hukumati shia jangchilariga harbiy ko’mak ko’rsatayotgani ma’lum.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysalning aytishicha, Fors ko’rfazi davlatlari qo’rqqan narsa aynan Tikritda ro’y bermoqda: Eron Iroqni o’z ta’siri ostiga olyapti.

Sunniy yetakchilar mazhabparastlik kuchayayotganidan ham xavotirda.

“Hukumat “Islomiy davlat”ga qarshi shialarni qurollantirmoqda. Sunniy qabilalarga esa hech qanday qurol berilmayapti”, - deydi Iroq muftiysi shayx Abdul Mahdiy al-Sumayda.

“Iroqda mazhabparastlik nima ekanini ko’rdik. Iroq hukumati yana shu yo’ldan yurmasligi muhim”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter.

Vashington ham vaziyatdan xavotirda.

“Yaqindan kuzatib turibmiz. Agar bu ish etnik jinoyatlarga yo’l ochsa, bu kampaniyamizda jiddiy muammo bor, degani. Demak, uni o’zgartirishimiz kerak bo’ladi”, - deydi general Martin Dempsi.

Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy fuqarolarni himoya qilishga chaqirgan, ammo ayni paytda “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda shafqat ko’rsatilmasligini aytgan.

Bu esa inson huquqlarining buzilishiga yo’l ochadi, deydi huquq faoli Jo Stork.

“Yaqin-yaqingacha jangchi guruhlarning amaliyotlar ortidan dahshatli ishlarga qo’l urayotganiga guvoh bo’ldik”, - deydi u.

Uylarni vayron qilish va odamlarni qatl etish ana shunday dahshatli ishlardan. Masalan, ijtimoiy tarmoqda paydo bo’lgan bir videoda yosh sunniy bolaning Iroq kuchlari tomonidan qo’lga olingani va otib o’ldirilgani aks etgan.

“Odamlar bunday jinoyatlarni sodir etsa, oqibati yomon bo’ladi. Ammo hali buni ko’rganimiz yo’q”, - deydi Stork.

Shimoliy Iroq uchun janglar kuchayar ekan, hukumat askarlarni tinch aholiga nisbatan ehtiyotkor bo’lishga chaqirmoqda. Mazhablararo ziddiyat o’ta tarang ekanini hamma yaxshi tushunib turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG