AQSh Iroqqa maxsus kuchlarni yuboradi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Iroqda bir tomonlama reydlarni o'tkazish hamda "Islomiy davlat" terror guruhiga qarshi bosimni kuchaytirish maqsadida maxsus tezkor kuchlarni safarbar etadi. Karter bu haqda Kongressdagi tinglovda so'zladi.

Parijdagi terror xurujlaridan so'ng qator respublikachi qonunchilar Obama ma'muriyatining "Islomiy davlat" guruhiga qarshi strategiyasini tanqid qila boshladi. Kongress Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo'mitasida mudofaa vazirini savolga tutishdi.

"Iroq hukumati bilan harakatlarimizni to'liq muvofiqlashtirgan holda maxsus tezkor qo'shinlarni safarbar etamiz. Ular "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Iroq askarlari va kurdlarning peshmerga kuchlariga yordam beradi. Keyinchalik maxsus harbiylarimiz mustaqil ravishda reydlarda ishtirok etadi, garovga olinganlarni ozod qiladi, razvedka ma'lumotlari to'playdi, IShID rahbarlarini qo'lga oladi. Shu kabi amaliyotlar Suriyada ham olib boriladi", - dedi Eshton Karter qonunchilarga.

Pentagon Iroqqa qancha askar yuborilayotganini ma'lum qilmayapti. Tinglovda qatnashgan kongressmenlarning aksariyati bu xabarni olqishladi. Demokrat qonunchi Adam Smitning aytishicha, mintaqadagi davlatlar ham faolroq bo'lishi zarur.

“Regiondagi odamlarni va, ayniqsa, sunniylarni, "Islomiy davlat"ga qarshi kurashga rag'batlantirishimiz kerak. Agar jang maydonida yolg'iz G'arb kuchlari harakatlansa, IShIDning G'arbga qarshi odam yollashi osonlashadi, bizning esa jangarilarni mag'lub etishimiz qiyinlashadi", - dedi qonunchi.

Prezident Obama Parijdagi iqlim anjumanida shu mazmunda so'zlab, mamlakatlar koalitsiyasi "Islomiy davlat"ni yengishiga ishonch bildirdi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Suriyada siyosiy jarayonlarni qo'llab-quvvatlashidan umidvor ekanini aytdi.

“Janob Putin sovetlarning Afg'onistondagi achchiq tajribasini unutmagan holda Suriyada uzoqqa cho'zilgan va hamon davom etayotgan fuqarolar urushiga botishni istamasa kerak deb o'ylayman", - dedi Obama.

Ayrim qonunchilar "Islomiy davlat"ga qarshi amaliyotlarga Kongress ruxsat berishi kerakligini eslatdi.

“Agar Kongress konstitutsion burchini ado etsa, IShIDga qarshi kurashda bu qo'l kelmasmidi?" - deya so'radi mudofaa vaziridan respublikachi Uolter Jouns.

Karterning aytishicha, bu to'g'ri ish bo'lardi. Shunda jonini jabborga berayotgan askarlar Kongress va xalq ularning missiyasini qo'llab-quvvatlashini biladi, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG