Manas yonilg'i ta'minoti ustidan tergov yakunlandi, Pentagon loqaydlik va mas'uliyatsizlikda ayblanmoqda


Manas tranzit bazasi Afg'onistondagi harbiy harakatlar uchun o'ta muhim ob'yekt hisoblanadi

Manas tranzit bazasi Afg'onistondagi harbiy harakatlar uchun o'ta muhim ob'yekt hisoblanadi

Qirg’izistonda shu yilning aprel oyida Kurmanbek Bakiyev prezidentlikdan ag’darilib, muvaqqat hukumat vujudga kelgach, yangi rahbarlar Manas aerodromidagi AQShga qarashli tranzit markaziga nisbatan tanqidni kuchaytirgan edi.

Bakiyev oilasini Qirg’izistondagi barcha boyliklarni egallab olganlikda ayblagan tomonlar nazarida, Amerika o’zini bilmaslikka olgan, hatto harbiy bazani yonilg’i bilan ta’minlash ham jinoiy tus olganini ko’rib turib, biror chora ko’rmagan.

AQSh Kongressi masala yuzasidan ekspertlar fikri bilan tanishib chiqqach, maxsus tekshiruv boshlagan edi. 20 dekabr kuni Vakillar Palatasining Davlat xavfsizligi va tashqi aloqalar bo’yicha quyi qo’mitasi o’z xulosalarini e’lon qildi.

"Sakkiz oylik tekshiruv natijasida shuni aniqladikki”,- deydi kongessmen Jon Tierni (John Tierney).

“AQSh Mudofaa vazirligi butun diqqatini faqat bir narsaga qaratgan: harbiy samolyotlarni sifatli yonilg’i bilan o’z vaqtida ta’minlab turish. Bu samolyotlar Afg’onistondagi qo’shinlar uchun har jihatdan o’ta zarur vositalar”.

Manas yonilg'i ta'minoti ustidan tergov yakunlandi, Pentagon loqaydlik va mas'uliyatsizlikda ayblanmoqda

Manas yonilg'i ta'minoti ustidan tergov yakunlandi, Pentagon loqaydlik va mas'uliyatsizlikda ayblanmoqda

Lekin ta’minot ortidagi muammolar va ularning geosiyosiy-diplomatik ta’siriga ko’z yumilgan. Xususiy sektor bilan imzolangan shartnomalar amaliyotida katta xatolarga yo’l qo’yilganiga qaramay Pentagon va Davlat departamenti konkret chora ko’rmagan.

Chuqur ildiz otgan korrupsiya, deyiladi Kongress bayonotida, Qirg’izistondagi ikki inqilob bilan ham bog’liq ekani aniqlangan va AQSh bilan aloqalarga katta darz tushirgan. Gap milliardlab dollar mablag’ haqida ketar ekan, Vashington ogohlik va ehtiyotkorlik bilan ish tutishi shart edi.

Sakkiz yil davomida shunday loqaydlik hukm surgan, deydi kongressmen Tierni.

Manas yonilg'i ta'minoti ustidan tergov yakunlandi, Pentagon loqaydlik va mas'uliyatsizlikda ayblanmoqda

Manas yonilg'i ta'minoti ustidan tergov yakunlandi, Pentagon loqaydlik va mas'uliyatsizlikda ayblanmoqda

Bu qonunchi boshchiligida Pentagon, Davlat departamenti, Federal Qidiruv Byurosi va Manasni yonilg’i bilan ta’minlab kelayotgan Mina Korporatsiyasi va “Red Star Enterprises” firmasi vakillari so’roq qilingan va ulardan izchil ma’lumotlar talab qilingan. Kongress xodimlari Qirg’iziston va Britaniyaga safar qilib, ko’plab guvohlar, jumladan mahalliy rasmiylar, tadbirkorlar va ishchilar bilan suhbatlashgan.

Shu yilning 4 noyabrida Pentagon qoshidagi Mudofaa Logistika Agentligi, yonilg’i ta’minoti uchun mas’ul idora, Mina Korporatsiyasi bilan 600 million dollarlik shartnoma tuzgan.

Nahotki, korporatsiya ustidan ketayotgan tekshiruv Pentagonga biror to’siq qo’ymagan?

Vazirlikning pozitsiyasi shuki, bu kompaniya boshqalarga qaraganda eng sifatli mahsulot va xizmat taklif qiladi. Qolaversa, deya eslatadi ba'zi rasmiylar, Afg'oniston atrofida yulg'ichlik chuqur ildiz otmagan jamiyat yo'q.Prioritet bu yerda korrupsiyaga qarshi kurash emas, harbiylarga zarur mahsulot yetkazish bo'lgan.

Amerika faqat Markaziy Osiyo emas, butun Osiyo bo’ylab, qolaversa Yaqin Sharq mamlakatlarida ham shunday muammolarga duch keladi. "Biz hamma narsani nazorat qila olmaymiz", - deydi Pentagon vakillaridan biri, ism-sharifini aytmaslik sharti bilan so'zlashgan rasmiy.

2002 yildan beri Mina va uning bir qismi sanalmish “Red Star Enterprises” firmasi Manasdagi harbiy inshootga 2 milliard dollarga teng yonilg’i yetkazgan.

Lekin hatto Pentagonning o’zida ham bu kompaniyalarning egasi kimligi haqida aniq ma’lumot yo’q.

Manas yonilg'i ta'minoti ustidan tergov yakunlandi, Pentagon loqaydlik va mas'uliyatsizlikda ayblanmoqda

Manas yonilg'i ta'minoti ustidan tergov yakunlandi, Pentagon loqaydlik va mas'uliyatsizlikda ayblanmoqda

Amerika uchun mahsulot eng muhim sanalgan bo’lsa, Davlat departamenti yonilg’i ta’minoti “bizning ishimiz emas” qabilida ish yutgan, ya’ni bu masalaga umuman e’tibor bermagan.

Kongress tekshiruvi aniqlagan 10 faktga to’xtalsak:

Birinchidan, “Mina” va “Red Star Enterprises” Qirg’iziston va Afg’onistondagi harbiy kuchlarni zarur yonilg’i bilan ta’minlagan, ammo bu kompaniyalar o’ta sirli faoliyat yuritadi. Bu esa ko’p hollarda AQSh diplomatik manfaatlariga soya soladi.

Ikkinchidan, “Mina” va “Red Star Enterprises” Qirg’iziston fuqarosi Erkin Bekbolotov va Amerika fuqarosi Daglas Edelman egalik qiladi. Har ikkisining qo’lida mudofaa va harbiy ta’minot sohasi egalari, usta mutaxassislar ishlaydi.

Uchinchidan, 2003-2005 yillarda “Red Star Enterprises” Manasdagi havo bazasiga yonilg’i yetkazishda o’sha paytdagi prezident Askar Akayevning oilasi bilan hamkorlik qilgan.

To'rtinchidan, “Mina” va “Red Star Enterprises” Kurmanbek Bakiyev va uning ma’muriyati bilan noqonuniy aloqa qilmaganini qayd etib keladi. Haqiqatdan ham ular orasida biror moliyaviy sheriklik bo’lgani haqida ishonchli ma’lumot yo’q.

Beshinchidan, “Mina” va “Red Star Enterprises”ning egalaridan biri Erkin Bekbolotov 2009 yilda prezidentning o’g’li Maksim Bakiyev va Pentagon orasida vositachilik qilgan. Bu paytda Rossiya Kurmanbek Bakiyevga Manasni yop deb bosim o’tkazgani ma’lum. Olti oylik muzokara natijasida AQSh bilan yangi kelishuvga erishilgan. Pentagon baza uchun yiliga 60 million dollar to’lashga ko’ngan va qo’shimcha iqtisodiy yordam va’da qilgan.

Oltinchidan, Bakiyev hukumatdan ag’darilgach, uning o’rniga kelgan yangi rahbarlar Manasni tanqid qilgach, Pentagon yuzaki tekshiruv o’tkazgan, korrupsiya hollariga ko’z yumgan. Haqiqatni aniqlashga harakat qilmagan.

AQSh Kongressi

AQSh Kongressi

Yettinchidan, Pentagon shuncha ogohlantirishlarga qaramay biror jiddiy chora ko’rmagan. Manasda yonilg’i ta’minoti qanday ekani haqida yetarli tasavvur yoki ma’lumotga ega bo’lmagan.

Sakkizinchidan, “Mina” va “Red Star Enterprises” mahsulotni qay tarzda va qayerdan olib kelinayotgani Pentagon tomonidan nazorat qilinmagan. Vaholanki, yonilg’i Rossiyadan sotib olingan. Rossiya rasmiylari esa yonilg’i harbiy maqsadlarda eksport qilinmaydi deb keladi. Ta’minotchi kompaniyalar mahsulot fuqaro aviatsiyasi uchun olinayapti degan hujjatlarni tasdiqlatib olgan. “Mina” va “Red Star Enterprises” bildirishicha, Rossiya hukumati mahsulot katta hajmda ekani va aynan Amerika qo’shinlari uchun xarid qilinayotganini bilgan. Bundan o’z manfaatlari yo’lida foydalanishni ko’zlagan. “Mina” va “Red Star Enterprises” bu nojo’ya harakatlarni Pentagondan yashirmagan.

To'qqizinchidan, AQShning Bishkekdagi elchixonasi yonilg’i ta’minoti xususida ko’p narsadan bexabar bo’lgan, hatto yuqorida tilga olingan hamkorlik ikki davlat orasidagi ishonch va aloqalarga putur yetkazsa ham.

O'ninchidan, Qo’shma Shtatlar Manas tranzit markazi yonilg’i ta’minoti masalasiga shu qadar loqaydlik bilan qaraganki, “Mina” va “Red Star Enterprises” yagona va a’lo darajada xizmat ko’rsatadigan ta’minotchi deb ko’rilgan.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi

Kongress Obama ma’muriyatiga quyidagi tavsiyalar va chora-takliflar bilan chiqmoqda:

Amerika hukumati Afg’onistondagi missiya bilan bog’liq yonilg’i ta’minot tizimini izchil ko’rib chiqishi, jarayon butkul oshkora kechishini ta’minlashi kerak. Ayniqsa, Rossiyaning ta’siri nazarga olinsin. Biror kompaniya, jumladan “Mina” va “Red Star Enterprises” ga ham ko’r-ko’rona tayanmaslik kerak.

Prezident Davlat Xavfsizlik Kengashiga yangi ishchi guruh tuzib, uning zimmasiga urush bilan bog’liq shartnomalarni muntazam ravishda tekshirib turish vazifasini yuklasin. Manas yonilg’i shartnomalari ustidan diplomatik nazorat ham ta’minlansin, toki Bishkekdagi elchixona bu borada boxabar qilib turilsin.

Qirg’iziston rasmiylari, Pentagon va biznes hamkorlar faoliyati haqida axborot almashilsin. Harbiy shartnomalar va sheriklar haqida aniq ma’lumotlar talab qilinsin.

Hukumat bu kompaniyalarning egalari, ularning butun faoliyati va mahalliy hamkorlari haqida mufassal tasavvurga ega bo’lsin. Pentagon bilan shartnoma imzolagan firma va bu firmaning mahalliy sheriklari moliyaviy tekshiruvlardan o’tkazilishi, audit qillinishi kerak. Buning uchun qonuniy choralar ko’rish lozim.

AQSh hukumati bilan bitim tuzgan har bir kompaniya yoki tomon Kongress nazorati ostida. Bu degani Amerika qonunchilari ularni savolga tutganidan javob berishi kerak bo’ladi. Kongress ularning ishini tekshirishga haqli.

AQSh Davlat kotibasi Manas tranzit markazida harbiylar bilan

AQSh Davlat kotibasi Manas tranzit markazida harbiylar bilan

AQSh Mudofaa vazirligi bu xulosa va tavsiyalarga hali javob berganicha yo’q.

Davlat departamentida Markaziy Osiyo uchun mas’ul Robert Bleyk deydiki, Bishkek va Vashington yonilg’i ta’minoti bo’yicha yangi kelishuv ustida bosh qotirmoqda. Mahsulotning 50 foizini Qirg’izistonning o’zi ta’minlashi mumkin.

Masala yuzasidan izlangan olimlardan biri, Kolumbiya Universiteti professori Aleks Kuli fikricha, Kongress qattiq tekshiruv olib borgan. 75 betli hujjat kuchli asosga va hukumat tegishli saboq olib, tezkor va jiddiy choralar ko’rishi kerak.

“Amerika rasmiylari, xususan Pentagon Manas ishi bilan bog’liq xatolarni tan olmay kelgan va o’zini bu muammolar uchun javobgar deb bilmaydi”,- deydi ekspert.

Bunday munosabatdan voz kechib, oqilona, hushyorlik bilan ish yuritish vaqti yetdi, deydi u, ayniqsa Qirg’izistondek korrupsiya darajasi yuqori jamiyatlarda.

Oshkoralik va halollik degan qadriyatlarni chetga surib qo’yish Amerika hukumatiga yarashmaydi, deydi Aleks Kuli.

U va yana ko’plab ekspertlar nazarida Vashington nazoratni kuchaytirishi, nafaqat kontraktor va biznes hamkorlar balki ularning sherigi kim ekanini ham yaxshi bilishi kerak.

Aleks Kuli ta’biricha “Mina” va “Red Star Enterprises”ning Qirg’izistondagi kuni sanoqli. Bu mamlakatning yangi rahbarlari Manas yonilg’i ta’minoti yuzasidan o’z loyihalariga ega.

Ular bu kompaniyalarni siqib chiqarish uchun barcha chorani ko’radi, Vashingtonga bosimni oshiradi, deydi u. Tranzit markazi Amerika uchun o’ta muhim bo’lib turgan bir paytda Pentagon ayrim qarorlaridan qaytishi va Manas bo’yicha hamkorlarini o’zgartirishi mumkin.

Vashingtonda bu fikrga qo’shilmaydigan siyosatdonlar ko’p, ammo ular ham Kongress tekshiruvi va xulosalari chetda qolmasligini tan oladi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG