AQSh Qurolli kuchlarida korrupsiya ishlari tergov ostida

  • Amerika Ovozi

AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel

AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel

Pentagonda korrupsiyaga doir mashmasha Kongressda muhokama etildi. Qonunchilar tinglov uyushtirib, masalaning tagiga yetmoqchi bo’ldi. Mudofaa vaziri Chak Xeygel keskin choralar ko’rilishini aytdi.

AQSh Harbiy-dengiz kuchlari, Harbiy-havo kuchlari va Milliy gvardiya korrupsiyada ayblanmoqda. Tanqidchilar nazarida Montana shtati kengliklarida shay holatda turgan qit’alararo ballistik raketalar joylashgan inshootda, Milliy gvardiyaning Amerika bo’ylab qismlarida, AQSh harbiy kemalari turgan Sharqiy Osiyo portlarida qabih ishlar qilingan.

Natijada mudofaa vaziri Chak Xeygel yangi lavozim ta’sis etib, qurolli kuchlarda ma’naviyat va ahloqni yaxshilash zarurati haqida gapirdi.

“Ma’naviyat har bir jamiyat va tashkilotning asosidir. Qurolli kuchlarda bunga hamisha urg’u berish kerak – mashqlar paytida, o’qish paytida, Mudofaa vazirligidagi ish davomida”, - deydi Xeygel.

Kongress Vakillar palatasining Hukumat faoliyati nazorati qo’mitasi Harbiy-dengiz kuchlarida xavotirga molik bir ishni ko’rib chiqdi.

Tergovchilarga ko’ra, Singapurda asoslangan kompaniya rahbari Leonard Frensis AQSh harbiy-dengiz ofitserlariga pul berib, xorijiy safarlari xarajatlarini ko’tarib, fohishalar bilan ta’minlab, ularning yordamida o’z ishini bajarmoqchi bo’lgan. Frensis hibsga olingan va sudini kutmoqda.

Qamoqqa olingan ofitserlardan biri Maykl Misiyevich bolaligida Kambodjadan qochqin sifatida kelgan, hujumkor kema esminetsda qo’mondonlik qilgan.

Misiyevich Tinch okeani xavfsizligini ta’minlayotgan Yettinchi dengiz flotida ta’minotchi bo’lib ishlagan. Prokurorlarning aytishicha, ayblanuvchi AQSh kemalarini Frensis kompaniyasi xizmat ko’rsatayotgan bandargohlarga yo’naltirish evaziga pora olgan va hisobni qo’shib yozgan. Misiyevich aybiga iqror bo’lmadi, uni sud kutmoqda.

Yana bir tergovga ko’ra, Harbiy-dengiz kuchlarining maxsus qismi uchun qurol ovozini yo’q qiluvchi glushitelni tayyorlashga 8000 dollar sarflanganiga qaramay, Mudofaa vazirligiga 1,6 million dollarga hisob berilgan. Natijada Harbiy-dengiz kuchlarining rahbarlaridan biri ishdan ketdi.

Harbiy-havo kuchlarida ham shu ahvol. Yadro zaryadi solingan qit’alararo ballistik raketalarni nazorat qilish va uchirishga mas’ul 92 ta ofitser qayta attestatsiyada g’irromlik qilgan. Flotda ham bunga doir tergov boshlangan.

Tergovchilar Milliy gvardiyaga yollashda qonun buzilganini ham tekshirmoqda. Senatda yaqinda o’tgan tinglovda ma’lum bo’lishicha, yollanma zobitlarga atalgan mukofot pulidan 66 million dollargacha o’zlashtirilgan.

Vashingtondagi Brukings tahlil instituti eksperti Maykl Oxanlonning aytishicha, Pentagon barcha ishlarni ko’rib chiqmasa bo’lmaydi.

“Intizomni kuchaytirish vaqti keldimikan deb o’ylaysan kishi. Bunday qing’ir ishlarni tag-tugi bilan yemirib tashlash kerak. Nazorat bo’shashgan va bunga toqat qilib bo’lmaydi”.

Oxanlonning aytishicha, bu kabi mashmashalar mamlakat xavfsizligiga zarar yetkazadi va oldi olinmasa, kelajakda qurolli kuchlar obro’siga putur yetkazishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG