So'rov: Musulmonlarning ekstremist guruhlarga munosabati salbiy

  • Amerika Ovozi

Dehlidagi Jama masjidda musulmonlar iftordan so'ng, 30-iyun, 2014-yil.

Dehlidagi Jama masjidda musulmonlar iftordan so'ng, 30-iyun, 2014-yil.

Vashingtonda asoslangan “Pew” (Pyu) tadqiqot markazi yaqinda o’tkazgan ommaviy so’rov natijasi shuki, musulmon mamlakatlarda diniy ekstremizmning o’sayotgani yuzasidan xavotirlar oshgan. Bu o’lkalarda aholining katta qismi al-Qoida, XAMAS va Boko Haram kabi jangari guruhlarga nisbatan salbiy munosabatda.

Yaqin Sharqdan tortib Janubiy Osiyogacha musulmon jamiyatlari ekstremizm va zo’ravonlikdan ko’p aziyat chekadi. So’nggi yillarda bu mintaqalarda jangarilar hujumidan halok bo’lganlar soni yuz mingdan oshgan. Shu yil apreldan maygacha davom etgan so’rovda “Pyu” tadqiqotchilari, asosan, musulmonlar yashovchi 14 davlatda 14 ming odamni so’roqqa tutdi.

So’rov Iroqda jangarilar Mosul va boshqa shaharlarni nazoratiga olishidan avval o’tkazilgan.

Natija aksariyat musulmonlar ekstremizm o’sib borayotganidan xavotirda ekanini ko’rsatdi. Ularning tashvish darajasi o’tgan yilga qaraganda keskin oshgan.

Livanda ishtirokchilarning 92 foizi jihodchi guruhlar ko’payayotganidan vahimada. Bu o’tgan yilgi raqamdan 11 foizga ko’p.

Tunisda esa 80 foiz qatnashchi yurtida ekstremizm xavfi oshayotganidan qo’rquvda. Ana shunday tunisliklar soni 2013-yilda 71, 2012-yilda esa 65 foizni tashkil etgan.

Bangladesh va Pokiston kabi Janubiy Osiyo mamlakatlarida ham musulmonlar islomiy ekstremizmdan ko’p aziyat chekayotganini bildirgan. Bangladeshliklarning 69 foizi, pokistonliklarning 66 foizi zo’ravonlikka yetaklovchi ekstremizmdan xavotirda.

Pokistonlik faol Sayfulloh Mahsud so’rov natijalaridan ajablanmadi.

Uning aytishicha, oxirgi 10 yilda pokistonliklar zo’ravonlik va ekstremizmdan ko’p jabr ko’rdi. Shunga qaramay, hukumat aholi xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli choralarni ko’rmayapti, deydi u.

Livanda aholining 96 foizi, Turkiyada 85, Iordaniyada 83, Misrda esa 81 foiz musulmonlar al-Qoida guruhiga nisbatan salbiy munosabatda.

Hizbulloh guruhiga ham livanliklarning 59 foizi (sunniy musulmonlarning 88 foizi va nasorolarning 69 foizi) yomon ko’z bilan qaraydi. Ammo bu yerdagi shialarning 86 foizi guruhga ijobiy baho bergan.

Falastinda so’roqqa tutilgan aholining yarmidan ko’pi (53 foiz) XAMASdan norozi bo’lsa, 35 foizi uni yoqlaydi.

Pokistonda 59 foiz aholi “Tolibon”ga qarshi.

Pokistonlik tadqiqotchi Oisha Siddiqiyning ta’kidlashicha, ekstremizmga qarshi kurashda musulmon jamiyatlari o’z e’tirozlarini bot-bot takrorlashi muhim.

“Nazarimda, musulmon olami dunyoviylashishga juda muhtoj. Bu e’tiqoddan voz kechish kerak degani emas, balki dinni davlatning siyosatidan ajratish kerak. Ya’ni dinni siyosiylashishdan saqlash lozim. Shu masalani hal qilmaguncha, jamiyatlarimiz o’zgarishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi u.

Siddiqiy so’zlariga ko’ra, ekstremizmning kuchayib, zo’ravonlikning din bilan qorishtirilishida odamlarning dunyoqarashi katta o’rin tutadi.

Ommaviy so’rovda qo’lga kiritilgan muhim ma’lumotlardan biri shuki, musulmonlar orasida xudkushlik hujumlarini qo’llab-quvvatlovchilar soni keskin kamaygan.

2002-yilda xudkushlikni ba’zi holatlarda oqlovchilar Livanda 74 foizni tashkil etgan edi. Hozir bu raqam 29 foizga tushgan. Pokistonda bu ko’rsatkich 2002-yil 33 foiz bo’lgan bo’lsa, hozir uch foiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG