Breaking News

Filadelfiya, Pensilvaniya shtati: O'zbek oilalari va choyxonalar


Filadelfiya - O'zbeklar davrasida/Uzbeks in Philadelphia
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:39 0:00

Filadelfiyadagi o'zbeklar davrasida/Uzbeks in Philadelphia

Filadelfiyadamiz. Pensilvaniya shtatining eng yirik shahri va umuman bu davlatning sharqiy qismida Nyu-Yorkdan keyin ikkinchi eng yirik shahar. Bir yarim milliondan oshiq aholisi bor.

Filadelfiya: O'zbeklar davrasida/Uzbeks in Philadelphia
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:34 0:00
Yuklab oling

Filadelfiya - yirik metropolis. Atrofidagi bir necha tumanlarni ham qo'shsak, olti million odam bu shahar hisobiga kun ko'radi.

Filadelfiya nomi grekchadan olingan bo'lib, birodarlik, birodarlarga xos mehr-muhabbat degan ma'noni beradi.

Aslida Filadelfiya Amerikaning birinchi shaharlaridan. Bu zamin Britaniya mustamlakasi bo'lgan paytlarda Filadelfiya Londondan keyingi ikkinchi katta markaz hisoblangan. Amerika Qo'shma Shtatlari degan davlat vujudga kelgunicha esa Filadelfiya poytaxt shahar hisoblangan.

1776-yilda Mustaqillik Deklaratsiyasi shu yerda qabul qilingan. Xuddu shu maskanda Amerika poytaxti Vashington bo'ladi degan qarorga kelingan.

19-asrdan boshlab Filadelfiya sanoat markaziga aylanadi. Yevropadan ko'chib kelgan aholi uchun bu yer imkoniyatlar makoni edi. 20-asrning birinchi yarmida o'nlab ming italyan va greklar bu shaharda katta sonda o'rnashadi.

Qullikdan keyingi davrda ko'plab afro-amerikaliklar Filadelfiyadan non va panoh topgan. 1950-yillarga borib u qora tanlilar uchun tayanch nuqtasiga aylanadi. Fuqarolik huquqlari va tenglik talab qilib, irqchilikka qarshi bosh ko'targanlar Filadelfiyadan turib, hukumatni adolatni ta'minlashga chaqirgan.

Bugun Filadelfiyaning yillik yalpi ichki mahsuloti 388 milliard dollarga teng. Qiyos uchun keltiradigan bo'lsak, O'zbekistonniki yiliga 45 milliard, Qirg'izistonniki esa 6 milliard dollar. Iqtisod o’z yo’lida, lekin dunyoning bu burchaklarida ham hayot qattiq mehnat, o’zaro ishonch va mehr-muruvvat talab qiladi.

Filadelfiya men uchun aziz shahar, chunki bu yerdagi hayotim aynan shu maskanda boshlangan. Amerika asoschilaridan biri Benjamin Franklin tashabbusi bilan ochilgan Pensilvaniya universitetining yozgi maktabida o'qib, keyin magistraturani o'qish uchun Indiana shtatiga yo'l olganman. Oradan mana 12 yil o'tibdi. Lekin Filadelfiya hamon o'ziga tortadi…

O'zbek jamoasi

Filadelfiya va uning atrofida sobiq sovet o’lkalaridan kelgan minglab muhojirlar yashaydi. Ularni bir joyga to’playdigan maskanlar bor. Masalan, "O'zbekiston" deb nomlangan choyxona.

Uning egasi Buxoro yahudiylaridan ekan. Amerikadagi o’zbek restoranlarining ko’pini o’zi ular ochgan. Artur ismli bu tadbirkor bilan gaplashishga imkon bo’lmadi, ammo xo’randalarning bizga aytishicha, bu restoran vatandoshlar diydor ko’rishadigan, mazali taomlar, ayniqsa haqiqiy o’zbek qozonida damlangan palovga to’yadigan maskan.

“O’zbek palovi - eng sevimli taomim”,- deydi asli moldovalik bu suhbatdosh. Amerikada 35 yildan beri yashayotgan bu kishi Filadelfiyada ko’plab o’zbeklarni bilar ekan. “Bordi-keldi qilamiz, yaxshi-yomon kunlarda shu yerda ko’rishamiz”, - deydi u.

O’zbek jamoasi vakillari ham deydiki, bugun Filadelfiya atrofida kamida beshta kattayu kichik oshxona bor. Eng tanilganlari "O'zbekiston" va "Samarqand". "Toshkent" degani hozirda yopilgan.

Bu choyxona va restoranlar nafaqat o’zbek taomlari taklif qiladi balki ayrimlari musiqiy kechalar, raqqosalar ishtirokida ko’ngilochar dasturlar ham taqdim etib turadi. To’ylar, tug’ilgan kunlar, yubiley va turfa xil tantanalar shu maskanlarda o’tadi. Oddiy amerikaliklar orasida bu restoranlarga keladiganlar ko’p emas. Xo’randalar asosan muhojirlar.

Biroq haqiqat shuki, o’zbeklar uyda qozon qaynasin deydi. Restoranda o’tirish boshqa, o’z xonadoningizda bir dasturxon atrofida gurunglashib, non sindirish, ovqatlanish boshqa. Mehmon kelsa, uyning to’rida.

Grin karta, Amerikada yashash va ishlashga ruxsat beradigan, ko’p hollarda lotereya o’ynab qo’lga kiritiladigan hujjat bilan kelgan o’zbekistonliklar davrasidamiz.

Uy-joy, ish, tanish-bilishni ortda qoldirib, okean ortida yangi hayot boshlash biz o’ylagandan ko’proq matonat, sabr-qanoat va mehnat talab qilar ekan, deydi ular. Boshida hamma qiynaladi. Hamma ham sinovlarga bardosh bera olmaydi. Kimdir sinadi, kimdir unadi.

Oilasi buzilgan, mashaqqatga ruhan dosh berolmagan, do’stlariga ishonib aldangan yoki o’zi o’rtoqlarini laqqa tushirgan, xiyonat yoki tuhmat qilib, birovning hayotini barbod qilgan muhojirlar o’zbeklar orasida ham talaygina.

Musofirlik hayotning har bir lahzasini, oila va yaqinlaringizni, vatanni va topgan pulingizni qadrlashga o’rgatadi, deydi suhbatdoshlarimiz. Yoshmi qari, Amerikaga kelgach ishlamasangiz bo’lmaydi.

Mahsuma Valiyeva: “Tirikchilikka, mehnatga o’rgangan odam hech qayerda qiynalmaydi. Biz Toshkentda nafaqaga chiqqanimiz... Bu yerda tilni o’rganishga majbur bo’ldik. Chunki til bo’lmasa, hayot ancha qiyin. Ish masalasi ham oson emas. O’z sohangizda ish topish muammo… Lekin ish bor. Ishlasa bo’ladi, tirikchilik qilsa bo’ladi”.

Mohira, Mahsuma Valiyevaning qizi: “Shu yerda o’qib, turmush qurdim. Turmush o’rtog’im ham o’zbekistonlik. Ikki farzandimiz bor… Uydagilar har doim kelib turishadi. Har yerda o’ziga yarasha qiyinchilik bor. Yaxshi kunlar ham, yomon kunlar ham bo’lib turadi.”

Odiljon: “Mana kelganimizga to’rt yil bo’ldi. Bolalarimiz bilan kelib, tilini o’rganib, shart-sharoitga ko’nikib yashab yuribmiz. O’zbekistondagi tosh-tarozi bu yerda ham o’sha tosh-tarozi… Hamma joyning o’ziga yarasha qiyinchiligi bor. O’zbekistonda omadi yurishgan odamning bu yerda ham omadi yurishadi.”

Durdonaxon, Odiljonning rafiqasi: “Mehnatsevar odam bo’lsa, agar O’zbekistonda ham biror narsani qo’li bilan yaratib, biror narsaga erisha olgan inson bo’lsa, mehnatni yaxshi ko’rib, xohlagan kasbida ishlagan bo’lsa, bu yerda ham qoqilmaydi. Odamzot bir savol bilan kelishi, ya’ni nima maqsadda ketayapman degan savolga javobi bo’lishi kerak va shu maqsad yo’lida harakat qilishi kerak. Harakat bo’lmasa, bu yerda hech narsaga erishib bo’lmaydi. Biz ham birinchi grin karta xatini olganimizda, juda xursand bo’ldik. Lekin keyin o’ylanib qoldik: Xo’p, ertaga o’sha joyga boramiz, tanish yo’q, do’stlar yo’q, nima ish qilamiz? Javobimiz shu bo’lganki, nima qilsak ham farzandlarimiz kelajagi uchun…”

Odiljon: “Ish tanlash imkoniyati bo’lmadi. Nima bo’lsa ham qilishga tayyor bo’ldik”.

Durdonaxon, Odiljonning rafiqasi: “Nima bo’lsa ham, qanchalik qiyin bo’lsa ham, birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib, shu qiyinchiliklardan o’tamiz deb kelishib oldik”.

Odiljon: “Bolalarimizning tili juda zo’r chiqib ketdi. Biz ancha qiynaldik. Yashayotgan joyimizda rus tilida gaplashadiganlar ko’p bo’lgani uchun sal oson bo’ldi… O’zbekligimiz, ota-onamiz bergan tarbiya bolalarga o’tishini xohlaymiz. Shuning uchun uyda faqat o’zbek tilida gaplashamiz. Bolalarga aytaman, xohlasang 20 ta tilda gaplash, lekin o’zbek tilini unutma”.

Muhojir oilalar shahar markazida emas, Filadelfiya atrofidagi tumanlarda, maktab va bog’chalari yaxshiroq joylarda yashashni ma’qul ko’radi. Hayot ham arzonroq bu hududlarda. Farzandlar ko’chada bemalol o’ynaydi, kichkina bo’lsa ham hovli bor, qo’ni-qo’shnilar bir-birini taniydi.



  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG