Breaking News

Filippin Xitoyga qarshi ittifoqchilar topish yo'lidan ketmoqda


Filippin Prezidenti Benigno Akino (chapda) Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe bilan, Tokio, 4-iyun, 2015-yil.
Filippin Prezidenti Benigno Akino (chapda) Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe bilan, Tokio, 4-iyun, 2015-yil.

Filippin prezidenti Yaponiyaga tashrif buyurib, Xitoyning dengizdagi hududlarni egallash yo’lidan borayotganini tanqid qildi. Pekin bilan mavjud hududiy nizolar yuzasidan Manila va Tokio hamfikr: ular Xitoyni agressiv siyosat yuritayotganlikda ayblaydi. Ammo bu Pekinni Janubiy Xitoy dengizida sun’iy orollar yaratish ahdidan qaytara olgani yo’q.

Xitoy Filippinning uchinchi eng katta savdo hamkori. Ammo Manila va Pekin o’rtasida diplomatik tortishuv borgan sari kuchayib bormoqda. Ular dengizdagi Spratli orollarini talashadi.

Xitoy dengizdagi tabiiy zaxiralarga boy hududlarning deyarli barchasi ustidan da'vogar. Bruney, Malayziya, Tayvan va Vyetnam ham ularga egalik huquqini talab qilmoqda.

AQSh Xitoyning yerlarni o’zlashtirish siyosatiga qarshi. Vashington o’z noroziligini izhor qilish uchun mintaqaga kuzatuv samolyotlarini jo’natmoqda.

Filippinda ham rahbariyat Xitoyga qarshilik ko’rsatish tarfdori, ammo “Yangi ittifoq” partiyasi rahbari Renato Reyes kabi ayrim siyosatchilarga ko’ra, bu ishda AQSh yordamiga ko’p suyanmaslik kerak.

“Filippin xalqi bizning suv chegaralarimizga, maxsus iqtisodiy hududimizga boshqalarning bositirib kirishiga yo’l qo’ymaydi. Baliqchilarimizning bu yerdan surib chiqarilishiga va agressiv hududiy da’volarning amalga oshishiga ruxsat bermaymiz”, - deydi Reyes.

Filippin Prezidenti Benigno Akinoning Yaponiya tahrifi chog’ida ham shu masala ko’tarildi. Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe bilan bo’lib o’tgan uchrashuvdan so’ng e’lon qilingan qo’shma bayonotda tomonlar orollar ustidan qilinayotgan da’volardan xavotirda ekanini izhor qildi.

Akino Yaponiya parlamentida so’zlagan nutqida Xitoyning dengizdagi hududlarni kengaytirish siyosatini Adolf Gitlerning II Jahon urushi oldidan olib borgan bosqinchilik siyosatiga qiyosladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Filippin rahbari bayonotini bema’nilik va asossiz deb atadi.

Prezident Akinoning yapon jurnalistlariga aytishicha, Manila va Tokio Mehmon kuchlar kelishuvini imzolagan. Janubi-sharqiy Osiyoda harbiy byudjeti eng kichik bo’lgan davlatlardan biri sanaluvchi Filippin uchun bu ijobiy yangilik sifatida ko’rilmoqda.

Tinchlik, zo’ravonlik va terrorizm tadqiqotlari bo’yicha Filippin instituti tahlilchisi Rommel Banlaoyning aytishicha, Yaponiya bilan hamkorlikni kuchaytirish Xitoy bilan munozaralarda Filippinga qo’l keladi. Lekin Xitoyga qarshi turishning badali bor, deydi u.

“Hozirgi hukumat tashqi va xavfsizlik siyosatida Amerikaga yaqinlashish yo’lidan ketmoqda. Demak, Filippin hukumatining AQSh bilan ittifoqqa kirishi Xitoy bilan diplomatik aloqalari buzilishi hisobiga bo’ladi”, - deydi Banlaoy.

Manila Janubiy Xitoy dengizidagi munozara yuzasidan Xitoyni xalqaro sudga bergan. Xitoy bu da’voni inkor qilib, sudda qatnashishdan bosh tortgan. Sud o’z ishini kelasi yil boshida yakunlashi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG