Breaking News

Filippin hukumati terrorchi guruhlar bilan muzokara qilmoqchi


Filippin rahbari Rodrigo Duterte mamlakatdagi ikki yirik jangari guruh bilan gaplashishga tayyor ekanini aytmoqda. Bir necha oylik harbiy harakatlar ularni yo'q qila olmadi.

Duterte Abu Sayyof hamda yana bir separatist to'da bilan muzokara boshlashi mumkin.

Shu yilning avgust oyida prezident armiyaga bu guruhlarni nishonga olib, yo'q qilishni buyurgan edi. Abu Sayyof 400 a'zoga ega ekani taxmin qilinadi. Hamon faol.

Duterte 22 yil oldin Davao shahri hokimi bo'lganida u yerda mahalliy jangari guruh bilan murosaga erishgan. Shu bois ham prezident sifatida qilayotgan qarorlarini omma keng miqyosda yoqlab keladi. Davao ham Mindanao orolida. 21 million odam yashaydigan hudud Abu Sayyof va boshqa jangarilar makoni hamdir.

Tahlilchilar nazarida prezident muzokara qilish qarorida qat'iy.

Prezident Rodrigo Duterte harbiylar bilan
Prezident Rodrigo Duterte harbiylar bilan

Abu Sayyof 1991-yilda vujudga kelgan. Tinimsiz nishonda, lekin o'zini qayta tiklab, faoliyatini davom ettirishga qodir. Guruh mahalliy aholi, mansabdorlar va kichik orollarda quvvatga ega. Chunki garov evaziga tushgan daromadni ular bilan bo'lishadi.

Lanaodagi Islomiy davlat degan harakat ham bor. Uch yil oldin tuzilgan.

Har ikki to'da o'zini global terror tashkilotlarining hamkori deb hisoblaydi. O'tgan oy 20 ga yaqin jangari o'ldirilgan. Abu Sayyof germaniyalik ikki sayyohni garovga olgan, birini o'ldirgan. Sentabr oyida bir bozorni portlatgan. Odamlar halok bo'lgan.

Abu Sayyof oxirgi oylarda qattiq bosim ostida. Lekin hukumat uni butkul yo'q qila olishiga ishonmaydi. Tomonlar bir-biri bilan gaplashib, murosa yo'lini izlashi kerak, deydi vaziyat bilan tanish mutaxassislar.

Hozircha narigi tomondan javob yo'q.

Siyosiy arboblar umidga to'la.

“Sinov bu. Balki samara beradi. Bermasa ham nima yutqazamiz? Shuncha yillardan beri olishib kelayapmiz", - deydi hukumatga yaqin siyosatchi Rona Kanoy.

Duterte bu guruhlarga nima taklif qiladi? Bu ham noma'lum.

Mindanao o'tgan yarim asrdan beri notinch. Musulmon jangarilar 1960-yillardan beri hukumatga qarshi kurash olib boradi. Maqsad - hudud boyliklariga egalik qilish, mintaqani ular xohlaganicha boshqarish. 120 ming odam o'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG