Filippin ahli 40 yillik qonli mojaro bahram topadi degan umidda

  • Amerika Ovozi

Filippin prezidenti Beninyo Akino (o'ngda) Moro Islomiy xaloskorlik fronti rahbarlari bilan

Filippin prezidenti Beninyo Akino (o'ngda) Moro Islomiy xaloskorlik fronti rahbarlari bilan

Filippinda hukumat va musulmon isyonchilar guruhi sulh tuzdi. Bu bilan 40 yil davom etgan va 120 ming odam hayotiga zomin bo’lgan mojaro barham topishiga umid bor.

Filippin hukumati va Moro Islomiy xaloskorlik fronti o’rtasidagi sulh shartlariga ko’ra, Bangsamoro deb nomlangan yangi tuzilma vujudga keladi. Unga dinidan qat’iy nazar mamlakatning janubi-g’arbiy qismi – asosan musulmonlar yashaydigan hudud aholisi kiradi. Musulmonlar azaldan Mindanaoga da’vo qiladi.

Abel Moya siyosiy mojarolar bo’yicha mutaxassis. Yangi nom umid baxsh etadi, deydi:

“Mindanaoda davomli tinchlikka qarata qo’yilayotgan tarixiy qadam bu. Chunki hukumat Bangsamoro degan tuzilmani tan olyapti”.

Bangsamoro bundan 16 yil avval asos solingan Musulmon Mindanao avtonom mintaqasi o’rniga tuzilmoqda. “Bangsa” malaychasiga “xalq” degani bo’lib, Moro mintaqa aholisining nomi. Filippin prezidenti Beninyo Akino sobiq muxtoriyatni natija bermagan eksperiment, deb atadi.

“Aksariyat odamlar bu tizim ular uchun tuzilmaganini his etib keldi. Ehtiyojlari inobatga olinmagan, huquqlari hurmat qilinmagan odamlar nima qiladi? Qo’liga qurol oladi,” – deydi u.

Yangi muxtoriyatning qanday bo’lishini mahalliy aholi yaqindan kuzatyapti. Odamlar uchun jarayon muvaffaqiyati tinchlikni, pirovardida iqtisodiy taraqqiyotni anglatadi. Chunki besh viloyatni o’ziga olgan hudud qashshoqlik va zo’ravonlik o’lkasi bo’lib keldi.

“International Alert” xalqaro tashkiloti xodimi Fransisko Lara deydiki, Bangsamoroning tuzilishiga hududda ilgaridan hukmdor bo’lgan oila va qabilalar qarshi chiqishi mumkin.

"Yangi tuzilma vujudga kelsa va yangi qonunlar kiritilsa, ularning qudrat va salohiyati kamayadi degan xavotirlar bor. Bu esa yangi mojaroga olib kelishi mumkin”, - deydi Lara.

Yangi muxtoriyatning batamom o’rnatilishi va hokimiyatning Moro Islomiy xaloskorlik frontiga o’tishi 2016-yilga qadar davom etishi rejalashtirilgan. Amaldagi prezident Beninyo Akinoning muddati ham aynan o’shanda tugaydi.

Tinchlik o’rnatish jarayoni oson kechmasligini barcha kuzatuvchilar bir ovozdan aytmoqda. Hududda faol Abu Sayyaf islomiy guruhi sulhga qarshi chiqishi va terror hujumlarini ko’paytirishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG