Filippin Xitoy bilan sudlashmoqda

  • Amerika Ovozi

Fillipin Xitoyni sudga berdi. Rasmiy Manila Pekinning Janubiy Xitoy dengizidagi siyosatidan norozi va masalani Gaaga tribunali ko’rib chiqsin demoqda. Bu mamlakat hukumati, sud tizimi va parlamenti vakillaridan tarkib topgan jamoa xalqaro sudni ishni ko’rib chiqish kerakligiga ishontirishga urinmoqda.

Filippin rasmiylari o’z qarorida qat’iy va sud masalani ko’rib chiqishiga ishonchi komil. Gaagaga yo’l olayotgan prezident so’zlovchisi muovini Abigeyl Valte ish jiddiy asosga ega, deydi.

Filippin Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Charls Xosening aytishicha, Manila faktlarni taqdim qiladi. Bu dalillar BMTning Dengiz qonuni konvensiyasiga asoslangan.

“Biz uchun bu hududiy suverenitet haqida emas, balki dengizdagi huquqlarni aniqlash haqida. Masalaning mazkur sud yurisdiksiyasiga kirishi aniq”, - deydi u.

Rasmiy Manilaning bildirishicha, Pekin Janubiy Xitoy dengizi hududini o’ziniki deyishi xalqaro huquq tamoyillariga zid. Manila o’ziga tegishli hisoblagan hududni Xitoy egallab olganidan shikoyat qilmoqda. Rasmiy Pekin esa uning Janubiy Xitoy dengizidagi orollar ustidan suvereniteti tarixiy faktlardan kelib chiqishini ta’kidlaydi.

Dengiz rang-barang jonzotlarga to’la, neft va gaz borligi taxmin qilinadi, trillionlab dollarga teng yuk tashuvchi kemalar uchun tranzit yo’li bo’lib xizmat qiladi. Bu hudud Bruney, Malayziya, Tayvan va Vyetnam orasida ham talash.

Xitoy o’sha yerda sun’iy orollar qurgan. Filippin aynan shu orolchalarni deb sudga murojaat qildi.

Xitoy ishni rad etdi, shuning uchun masala ko’rib chiqilayotgan Gaagada Pekin vakillarini ko’rmaysiz. Pekin Manila harakatlarini siyosiy g’alamislik-provokatsiya demoqda.

O’tgan yil oxirida chiqarilgan hujjatda Xitoy masala xalqaro sudda ko’rilmasligi kerak, chunki davlatlar suvereniteti, chegaralarni belgilash bu idora vakolatiga kirmaydi, deya ta’kidlagan edi.

Aprelda sud ushbu hujjatni Pekinning rasmiy pozitsiyasi sifatida qabul qilishga qaror qildi.

Avstraliya Mudofaa kuchlari akademiyasidan Janubi-sharqiy Osiyo bo’yicha mutaxassis Karl Teyer sud o’z vazifasini bajarishga harakat qiladi, deydi.

“Lekin ular qat’iy qaror qabul qila oladimi, bu boshqa masala. Faqat Xitoy yoki Filippin foydasiga qaror qabul qilishdan cho’chimaydimi yoki murosaga intiladimi, gap mana shunda”, - deydi Teyer.

Mutaxassis fikricha, mazkur sud ishi ahamiyati shundaki, uning oqibatida Xitoy siyosatining huquqiy jihati sinovdan o’tadi. Biroq sud qaror chiqarganida ham uning kuchga kirishi amri mahol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG