Breaking News

Filippinda isyonchilar va hukumat o'rtasida tinchlik sulhi imzolandi


Moro islomiy ozodlik fronti rahbari Al-Haj Murod Ibrohim (chapda) va Filippin hukumati rasmiylari tinchlik sulhini imzolamoqda, Manila, 27-mart, 2014-yil.
Moro islomiy ozodlik fronti rahbari Al-Haj Murod Ibrohim (chapda) va Filippin hukumati rasmiylari tinchlik sulhini imzolamoqda, Manila, 27-mart, 2014-yil.
Filippin hukumati hamda musulmon isyonchilar guruhi tinchlik sulhiga imzo chekdi. Ushbu kelishuvning bir necha o’n yillar davom etgan va 120 mingdan ortiq inson hayotiga zomin bo’lgan urushga chek qo’yishi kutilyapti.

Maniladagi prezident saroyi atrofiga mingdan ortiq odam yig’ilib, Moro islomiy ozodlik fronti vakillari hamda hukumat rasmiylari o’rtasidagi tinchlik sulhining imzolanishiga guvoh bo’ldi.

Isyonchilar guruhi rahbari Al-Haj Murod Ibrohimning aytishicha, ushbu bitim Mindanao viloyati musulmonlari, nasorolar, mahalliy etnik xalqlar hamda mamlakat aholisining boshqa qatlamlari uchun birdek baham ko’riladigan g’alabadir. Bangsamoro nomi ostida tanilgan aholining o’zligi, kuch-qudrati va boyliklari qayta tiklanadigan bo’ldi, deydi u.

Musulmon isyonchilar 40 yildan beri janubdagi Mindanao orolida ozodlik uchun kurash olib boradi. Bugungi sulh turli darajada 17 yil davom etgan muzokaralarning samarasi bo’ldi.

Kelishuvga ko’ra, musulmonlar ko’pchilik bo’lgan hududlarda Bangsamoro avtonom viloyati tashkil etiladi. U parlamentar ko’rinishdagi hukumatiga hamda mustaqil soliq tizimiga ega bo’ladi. Viloyat, shuningdek, o’z xavfsizlik kuchlarini tuzishi mumkin. Maniladagi markaziy hukumat faqat milliy mudofaa, pul birligi hamda pochta xizmatlarini boshqaradi.

Yangi viloyat 1996-yil isyonchilarning kichikroq guruhi bilan kelishuv asosida tuzilgan Musulmon Mindanao avtonom viloyati o’rnida tashkil etiladi. Mindanao avtonom viloyati mamlakatning eng qashshoq hududi bo’lgan, shuning uchun unga muvaffaqiyatsizlikka uchragan tajriba sifatida qaralar edi.

Bitim bo’yicha, mintaqadagi isyonchilar hamda boshqa mustaqil kurash olib borgan guruhlar qurolsizlantiriladi. Kuzatuvchilarning aytishicha, sulhning muvaffaqiyati kelishuvdan rozi bo’lmagan kichikroq guruhlar bilan qanday aloqa o’rnatilishiga bog’liq. O’zaro kelishmovchiliklarni qurol yordamida hal qilishga o’rgangan odamlarni bu yo’ldan qaytaruvchi kuchli sud tizimi yo’lga qo’yilmaguncha, mintaqa ixtiloflardan xoli bo’lmaydi, deydi ular.

Isyonchilarning sobiq qo’mondoni Ibrohim tinchlik sulhi tuzilganidan “boshi osmonga yetganini” aytadi. Ammo hujjatning to’liq ijroga kirishi uchun belgilangan shartlar qanday bajarailayotganini ikkala tomon ham jiddiy kuzatib bormog’i lozim, deydi u.

Rasmiylar 2016-yilgi milliy saylovlargacha bitimning barcha shartlarini amalga tatbiq etish niyatida.

Muvaqqat qo’mita hozir Bangsamoro viloyatini tashkil etishga asos bo'lib xizmat qiladigan qonun loyihasini tayyorlamoqda. Loyiha Filippin kongressi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Uning yil oxirigacha kongressga taqdim etilishi kutilyapti.

Kelasi yili Bangsamoro tarkibiga kirishi belgilangan hududlarda yashovchi fuqarolar referendumda ishtirok etib, yangi viloyat tarkibiga kirish niyati bor yoki yo’qligini ma’lum qiladi. Viloyat chegaralari aniqlangach, 2016-yilda rahbariyat uchun saylovlar bo’lib o’tadi. Filippin prezidentligi uchun saylovlar ham o'shanda o'tkaziladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG