Breaking News

Xitoy bilan yer talashayotgan Filippin AQSh yordamiga ko’z tikkan


Filippin hukumati Janubiy Xitoy dengizida o’ziniki deb biladigan hududlarni himoya qilish maqsadida AQSh harbiylaridan madad so’ramoqda. Orollarga bir necha davlat, jumladan Xitoy da’vogarlik qiladi.
Xitoy bilan yer talashayotgan Filippin AQSh yordamiga ko’z tikkan/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00
Yuklab oling

Filippin AQSh bilan qo’shma harbiy mashqlarni ko’paytirish, o’z bazalarini foydalanishga topshirish, yaqinroq hamkorlikni yo’lga qo’yish tashabbusini olg’a surmoqda.

Mazkur strategiya, deydi rasmiylar, talash hududlar ustidan Xitoy bilan kelib chiqqan tortishuvlarni hal qilishda yordam beradi.

Filippin hukumati AQSh bilan hamkorlik bitimi imzolab, kelasi uch yilda uning ijrosiga kirishmoqchi. 2016-yilda prezident Beninyo Akino xizmat muddatini yakunlaydi.

Ayni damda Filippin armiyasi isloh qilinayotgan bo’lsa-da, uning mudofaa sohasidagi xarajatlari hatto regiondagi eng kichik davlatlardan ham kam.

Qariyb bir asr davomida AQSh harbiylariga mezbon bo’lgan bu davlat aholi qarshiligi sabab 1991-yilda bazalarni yopishga majbur bo’lgan edi.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi rahbari Karl Beykerning aytishicha, bugunga kelib ommaviy qarshilik sezilarli darajada pasaygan.

“AQSh bazalarini qayta ochsin deyayotgan odamlar esa, aksincha, ko’paygan. Chunki Xitoy o’zini qanday tutayotganini hamma ko’rib turibdi”, - deydi u.

Karl Beyker o’tgan yili Skarboro Rif deb ataluvchi orollar yaqinida ro’y bergan voqeaga ishora qiladi. O’shanda Filippin va Xitoy kemalari to’qnashib, Xitoy filippinlik baliqchilarni hududdan siqib chiqargan.

1990-yillarda Filippin xuddi shu tarzda Mischif orolini ham Xitoyga boy bergan edi. Joriy yilning may oyida esa Filippin da’vo qilayotgan suvlarda Xitoy fregatlari va razvedkachi kemalari suzib yurgani kuzatildi.

Pekin Janubiy Xitoy dengizining tabiiy resurslarga boy katta qismini o’ziniki deb biladi. Filippin, Vyetnam, Tayvan, Malayziya va Bruney ham orollarga qisman da’vogarlik qiladi.

1,8 milliard dollarlik modernizatsiya dasturiga muvofiq, Filippin 12 ta qiruvchi reaktiv samolyot, ikkita fregat va radarlar xarid qiladi. O’tgan hafta AQShdan Filippinga Gamilton rusumidagi ikkinchi yirik harbiy kema yetkazildi.

Garchi hozirda Filippin ahli AQSh armiyasi bilan bordi-keldini ko’paytirishga xayrixoh bo’lsa-da, Karl Beyker fikricha bu holat tezda o’zgarishi mumkin, chunki AQSh uchun Filippin talablarini qondirish oson bo’lmaydi.

“AQSh talash hududlarni mudofaa etishga haqiqatan ham tayyormi? Filippin Amerikadan qanday real ko’mak olishi mumkin? Vashington qanday majburiyatlarni o’z zimmasiga oladi? Hamkorlikning mujmal jihatlari ko’p”, - deydi siyosatdon.

AQSh va Filippin o’rtasida muayyan vaziyatlarda bir-birini himoya qilish to’g’risida bir asrlik kelishuv mavjud. Biroq Janubiy Xitoy dengizidagi bahslar masalasida Amerika neytral pozitsiyada bo’lib, mintaqa davlatlarini ularni o’zaro kelishib hal qilishga undamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG