Breaking News

Filippin AQSh yordamida mudofaasini kuchaytirmoqchi


Filippin harbiy kemasi Palavan oroli yaqinida
Filippin harbiy kemasi Palavan oroli yaqinida

Janubiy Xitoy dengizidagi hududlar ustidan Xitoy va Filippin tortishuvlari davom etmoqda. So’nggi yillarda Pekin Filippinga qarashli ekani da’vo qilinadigan qoyalarni qo’riqlash uchun harbiy kemalar jo’natgan. Palavan oroli ikki tomon talashashyotgan eng katta maydon. Rasmiy Manila Xitoy zug’umlarini qaytarish uchun bu yerga AQSh askarlarini joylashtirmoqchi.

Filippin-AQSh harbiy hamkorligi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:00 0:00
Yuklab oling

Makaraskas baliqchilar qishlog’idan chiqqan qayiqlar Palavan orolining g’arbiy qirg’og’ida tirikchilik qiladi. Yaqin atrofda Filippinning Ulugan Bey dengiz harbiy bazasi joylashgan.

Qishloq kengashi rahbari Jeyn Vilarinning aytishicha, bu yerdagi aholi Xitoy bilan bo’layotgan munozaradan jiddiy tashvishda. Shuning uchun harbiy baza yaqinda bo’lgani yaxshi, deydi u.

“U biz uchun himoya vazifasini o’taydi. Biz dengizda yashaymiz, shuning uchun xavotirlanamiz”, - deydi qishloq rasmiysi.

Vilarinning aytishicha, odamlar AQSh harbiylarining kelishini ham olqishlamoqda.

Aprel oyida Amerika rahbari Barak Obamaning Filippinga tashrifidan so’ng buning amalga oshishi ehtimoli yanada oshgan.

“Ikki mamlakat aloqalarida muhim yangi sahifa ochayotganimizdan mamnunman. Bu xavfsizlik va mudofaa hamkorligi bo’yicha bugun imzolangan bitimdan boshlanadi”, - degan edi Obama Manilaga safari davomida.

Keng Mudofaa hamkorligi bitimi deya nomlanuvchi hujjat AQSh askarlariga Filippin harbiy bazalaridan foydalanish imkonini beradi. AQSh ixtiyoriga berilishi mumkin bo’lgan inshootlar qatorida Palavan orolidagi Ulugan Bey bazasi ichida joylashgan Oister Bey ham bor.

Oister Bey Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli Spratli orollaridan 160 km uzoqda.

Manila e’tiroziga ko’ra, Xitoy bu hudud yaqiniga harbiy kemalarini joylashtirmoqda.

Filippin Qurolli kuchlari rasmiysi podpolkovnik Ramon Zagalaning aytishicha, hali bitmagan Oister Bey bazasi AQSh va Filippin harbiylari yangi mudofaa bitimi doirasida birga ishlashlari uchun munosib joy.

“Bu bazadan ko’zlanayotgan asosiy maqsad g’arbiy qirg’oq bo’ylab mudofaa salohiyatimizni mustahkamlash. Oister Bey biz rivojlantirish uchun AQShga taklif qilayotgan bazalarimizdan biri”, - deydi Filippin rasmiysi.

Zagalaga ko’ra, AQSh bazani qabul qilib olgan taqdirda ham, u rasman Filippin ixtiyorida bo’ladi.

Shu bilan birga, bu inshootlarni rivojlantirish orqali Xitoyning g’ashiga tegish maqsad qilinmagan, deydi u.

“Manfaatlarimizni himoya qilish Filippin Qurolli kuchlarining huquqi va burchidir. Ular Ulugan Beyni tahdid sifatida qabul qilmasligi kerak. Biz o’z manfaatlarimizni va suverenitetimizni himoya qilyapmiz, xolos”, - deydi Zagala.

May oyida Xitoy Prezidenti Si Zinpin Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarini harbiy ittifoq tuzishdan tiyilishga chaqirgan edi. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, bu bayonot bilan Pekin hududdagi da’volaridan kechmasligiga ishora qilgan.

Ateneo de Manila universiteti tahlilchisi Richard Heydarianning aytishicha, Filippin 2012-yil Skarboro havzasini Xitoyga boy berib qo’ygach, AQSh bilan harbiy ittifoq tuzishga shoshildi.

“Bitimga har xil ma’no berish mumkin. Bu muzokaralarda Filippinning ko’p narsaga rozi bo’lganini ko’rsatadi”, - deydi Heydarian.

Masalan, Filippin va Xitoy harbiylari to’qnashsa, AQShning roli qanday bo’lishi yoki bazalarni moliyalash, ularning atrof-muhitga ta’siri kabi masalalarda aniq cheklovlar qo’yilmagan, deydi u.

Palavan orolida ekologiya himoyasiga katta e’tibor qaratiladi. Hududning aksar qismiga maxsus qo’riqxona maqomi berilgan. Baza qurish uchun mo’ljallanayotgan Oister Bey ham qalin o’rmon va boy hayvonot dunyosiga ega.

AQSh bilan tuzilgan harbiy bitimga qarshi bo’lgan faollar Filippin Oliy sudiga shikoyat qilgan. Agar bitim konstitutsiyaga zid deb topilsa, orolda qurilishlar bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG