Amerika Filippinda harbiy baza ochishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh va Filippin askarlari qo'shma mashg'ulot o'tkazmoqda, Manila, 21-aprel, 2012-yil.

AQSh va Filippin askarlari qo'shma mashg'ulot o'tkazmoqda, Manila, 21-aprel, 2012-yil.

Filippin rasmiylarining ma’lum qilishicha, AQSh harbiylarini bazalarga vaqtincha joylashtirish bo’yicha Vashington bilan olib borilayotgan muzokaralar o’zining so’nggi pallasiga kirgan. Ikki mamlakat harbiylari anchadan beri o’zaro muloqot olib borayotgan edi.

Filippin muzokarachilarining aytishicha, Amerika askarlari foydalanadigan bazaga filippinliklarning kira olish huquqini saqab qolish yuzasidan kelishuvga erishish qiyin kechgan.

So’nggi kelishuv shartlariga ko’ra, AQSh o’zi foydalanadigan bazaga filippinliklarning kira olishiga rozi bo’lgan.

Muzokarachilar guruhi a’zosi, Filippinning Malayziyadagi elchisi Eduardo Malayaning aytishicha, bu masala yuzasidan tushunmovchiliklar to’liq bartaraf etilgan.

“Ular Filippin bazalari ichida bizga yo’q deya olmaydi. O’ziga xos huquqlar yoki hududlar haqida gap bo’lishi mumkin emas. Bu yerda Filippin qonunlari amal qiladi”, - deydi u.

Malayaning aytishicha, agar xavfsizlik bo’yicha xavotirlar yuzaga chiqsa, istisno holatlari joriy etilishi mumkin.

Tashqi siyosatda Osiyoga e’tiborni oshirayotgan AQSh Filippindagi bazalardan kemalarni to’xtatish, samolyotlarni qo’ndirish hamda yuklarni saqlash maqsadida foydalanishni ko’zlamoqda.

Filippin esa bu hamkorlikdan ilgarigi harbiy salohiyatini qayta tiklab, Xitoyga qarshi mudofaa imkoniyatlarini oshirishga umid qilmoqda.

Janubiy Xitoy dengizidagi ayrim qoyali orollar Pekin va Manila o’rtasida talash. Manila bahsli hududlar yaqinida Filippin kemalariga Xitoy qo’riqchi kemalari tajovuz ko’rsatgani yuzasidan Pekinga shikoyat jo’natdi. Mineral manbalarga boy dengiz orollari ustidan, shuningdek, Bruney, Malayziya, Tayvan va Vyetnam ham da’vogarlik qiladi.

1991-yil Filippin hukumati mahalliy bosim natijasida qariyb yuz yillik AQSh harbiy bazasini mamlakatdan chiqarib yuborgan edi. 10 yildan keyin ikki davlat harbiylari yana o’zaro hamkorlikni boshlab, har yili mintaqaga ko’plab AQSh askarlari kelib ketadigan bo’ldi.

Filippin konstitutsiyasiga ko’ra, mamlakatda xorijiy davlatlarning harbiy bazasi saqlanishiga yo’l qo’yilmaydi. AQSh bilan tuzilayotgan kelishuvda ham bu yerdagi AQSh inshootlarining to’liq salohiyatli harbiy bazalar bo’lishi haqida gap yo’q.

Mudofaa vaziri o’rinbosari Pio Lorenzo Bationa AQShliklarga to’liq huquq berilmasligini aytadi.

“AQSh kuchlariga topshiriladigan joylar faqat ular ixtiyorida bo’lmaydi. Ulardan har ikki tomon birgalikda foydalanadi. Ham AQSh, ham Filippin kuchlari bu inshootlardan birdek manfaat ko’radi”, - deydi u.

Tomonlar harbiy kelishuvning uzog’i bilan 20 yilgacha davom etishini ta’kidlamoqda. Aprel oyida AQSh prezidenti Barak Obamaning Filippinga tashrif buyurishi kutilar ekan, ungacha kelishuv yuzasidan muzokaralar o’z nihoyasiga yetadimi yoki yo’q, hali ma’lum emas.

Mart oxirida muzokaralarning navbatdagi bosqichi boshlanishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG