Virjiniya shtatining so’lim, ulug’vor go’shalaridan – Shenandoa tabiat zonasidamiz. Appalachi tog’larining bir qismi bu yer.

Virjiniya shtatining so’lim, ulug’vor go’shalaridan – Shenandoa vodiysidamiz. Appalachi tog’larining bir qismi bu yer. Uzoqdan moviy rangda ko’rinishiga qarab, ko’ktog’lar deb atashadi. 1935-yilda tashkil etilgan tabiat zonasi. Shovqin shaharlardan uzoqda. Havo musaffo, salqin.

Vodiyning so’qmoqlaridan yurib borar ekanmiz, yo’l yoqasidan soy ohista oqadi… Sal narida sharshara shovullaydi.

Suv bo’yida dam olib turganlar – Vashington va Virjiniya atrofida yashovchi musulmon yoshlar.

Fotima Popalning ota-bobosi Afg’onistondan. O’zi Amerikada tug’ilib o’sgan, yuqori texnologiya sohasida ishlaydi. Bo’sh vaqtida ko’ngilli xizmatchi.
Professional musulmon yoshlarini bir joyga jamlab, islom va e’tiqod, shunindek, Amerikada oyoqqa turib, ildiz otish haqida maslahatlar beradi.

Bu galgi yig’in uchun Shenandoani bejiz tanlamagan. Amerikaning durdonasi bu, deydi Fotima, uning faxri, hatto ramzi.

Suhbatdoshimiz bu yerga yoshligidan beri tez-tez kelib turadi. Umidi - tarixiy vatani Afg’onistonda ham bir kun kelib vodiy va bog’lar xuddi Amerikadagi kabi osuda, xavfsiz bo’lsa.

Fotima bilan bir jamoa bo’lib kelgan Nadia ham Afg’onistondan. Sovetlar bostirib kirganida yosh bola edi, jonholatda ota-onasi bilan vatanidan qochishga to’g’ri kelganini yaxshi eslaydi.

Afg’onistonlik bosiq Imom Ziyo urushni ko’p xotirlaydi. U Amerika imkoniyatlar yurti ekani, shu mamlakatda tez tomir otib ketish ahamiyatini aytadi.

Suhbatdoshlar va ularning hamrohlariga ergashamiz… Qizlar va yigitlarning ko’pi Qo’shma Shtatlarda tug’ilib katta bo’lgan, ortda qolgan vatan bilan bog’lab turgan mana shu davralar, oilaviy suhbatlar.

Aksariyati maktab paytidayoq shu atrofda muallimi bilan sayohatga chiqqan. Tabiatga mehrli bo’lish haqida ko’p eshitgan.

O’tgan asr boshida mingdan oshiq xususiy xo’jaliklar bo’lgan bu yerda. Keyinchalik tabiat qo’riqxonasiga aylantirilgan.

Virjiniyalik Ed va Jennifer Delakruz nazarida bu go’shani bir kelishda to’liq qamrash mushkul. Takror-takror kelib, shu atrofdagi kichik mehmonxonada qolishni tavsiya qiladi ular.

Virjiniyadagi bu o’rmonzor, tog’larni himoyaga olish g’oyasi o’tgan asrning boshida paydo bo’lib, prezident Xerbert Xuver davrida uning ijrosiga kirishilgan. Shu atrofda bog’dorchilik, fermerlik qilib kun ko’rgan oilalar esa hukumat ko’rsatmasi bilan ko’chishga majbur bo’lgan, yer egalariga kompensatsiya to’langan. Tabiatning asl holini tiklash uchun bu fermalar va xonadonlar ko’chirilgan.

Shenandoa tabiat zonasi yilda to’rt fasl xushmanzara. Biroq Merilend shtatidan Elbek Ismoilov eng ajib ko’rinish kuzda, oktabrda deydi. Yozda namgarchilik juda yuqori, nafas olish qiyin.

“Umuman, Amerikadagi parklarning juda behad ekani yoqadi menga. Bu istirohat bog’larida soatlab mashinada haydab ketaverish mumkin, yo’l tugamaydi. Shenandoaning yana bir jozibasi esa, yulduzlar juda yaqqol ko’rinadi. Tunda ularni tomosha qilish uchun odamlar ataylab har xil shtatlardan kelib bog’da tunab qoladi”, - deydi u.
XS
SM
MD
LG