BMT komissari Qirg'izistonda o'zbeklarga qarshi tazyiq kuchayganidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Navi Pillayning aytishicha, Qirg’izistonda xavfsizlik kuchlari yuzlab o’zbek yigitlarini asossiz hibsga olmoqda, ba’zilari qiynoqqa solingan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Navi Pillayning aytishicha, Qirg'izistonda xavfsizlik kuchlari yuzlab o'zbek yigitlarini asossiz hibsga olmoqda, ba'zilari qiynoqqa solingan. Mahalliy hukumat, deydi BMT rasmiysi, bunga ko'z yummoqda.

Navi Pillaynining aytishicha, Qirg'iziston xavfsizlik kuchlarining g'ayriqonuniy harakatlari ichki va xalqaro qonunlarga zid bo'lib, janubda shundog'am qaltis vaziyatga tahdiddir.

BMTning inson huquqlari bo'yicha oliy komissarining ogohlantirishicha, tobora kuchayib borayotgan qo'rquv na qonun ustuvorligini ta'minlashga, na ikki elat o'rtasida murosa o'rnatishga imkon beradi.

Oliy komissar matbuot kotibi Rupert Kolvilning aytishicha, idora to'plagan ma'lumotlarga qaraganda mahalliy hukumat asossiz hibsga olish, qiynoqqa solish yoki tazyiq o'tkazish kabi qonunbuzarliklarga ko'z yumadi.

"Jabrlanganlar advokatlari, oila a'zolari va inson huquqlari himoyachilariga ham bosim qo'yilmoqda, do'q-po'pisalar qilinmoqda. Bizning hisobimizcha, iyun oyida xunrezlik boshlanganidan shu kungacha O'sh va Jalol-Obodda 1000 dan ziyod kishi ushlangan", - deydi Kolvil.

Uning mamlakatda huquq ahvolini kuzatayotgan faollar to'plagan ma'lumotlariga tayanib aytishicha, tergovchilar o'zbeklarni qo'lga olgan zahoti tajovuz qila boshlaydi, qiynoqqa soladi. Sodir etmagan jinoyatni o'z bo'yniga olishga, tanishlarini shu jinoyatga sherik deb guvohlik berishga majburlashadi. Ba'zilar katta miqdorda pul to'lab ozodlikka chiqishga muvaffaq bo'lmoqda, deydi komissariat rasmiysi.

"Mahalliy va markaziy hukumat bilan muntazam aloqadamiz. Ular qiynoqqa solish yoki tazyiq hollari bo'yicha oz shikoyat tushganiga ishora qilishadi, biroq bizning nazarimizda odamlar shunchaki shikoyat qilishdan cho'chiydi. Rasmiylar esa shikoyat bo'lmagach, chora ham ko'ra olmaymiz, deb aytmoqda", - deydi Rupert Kolvil.

BMT xodimining qo'shimcha qilib aytishicha, ba'zi hollarda shifokorlar tergov paytida tazyiqqa uchragan yoki qiynoqqa solingan odamlarga tibbiy "spravka" va, hattoki, iyun fojiasida hayotdan ko'z yumganlar bo'yicha o'limi haqida shahodatnoma berishdan bosh tortmoqda.

Buning oqibatida qurbonlar oilalari moddiy kompensatsiya yoki vasiyatga da'vo qila olmayapti.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Navi Pillay iyun voqealari bo'yicha xalqaro, mustaqil va xolis tergov o'tkazilishiga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG