Turkiya PKKning Iroqdagi yutuqlaridan bezovta

  • Amerika Ovozi

Kurdiston ishchilar partiyasi jangarilari

Kurdiston ishchilar partiyasi jangarilari

Iroq va Suriyada katta hududlarni egallab olgan jihodchilarga qarshi minglab kurdlar ham jang qilmoqda. Ayniqsa Kurdiston ishchilar partiyasining bu mojarodagi ishtiroki guruhni terrorchi deb tan olgan Turkiyani bezovta qilmoqda.

O’tgan oy Iroqdagi jangarilar birin-ketin muvaffaqiyatlarga erishib, Kurdiston poytaxti Irbilga yaqinlashib qolgan edi.

Sinjar tog’larida o'rnashgan Kurdiston ishchilar partiyasi yoki turkchasiga qisqacha PKK kuchlari yordamga shoshib, Irbilni saqlab qoldi, deydi Turkiyada chiqadigan “Milliyet” gazetasi sharhlovchisi Kadri Gursel.

"Kurdiston ishchilar partiyasi Islomiy davlatga qarshi samarali kurasha oladigan kuch ekanini namoyish etdi. Kurdiston demokratik partiyasining jangovar qismlari hisoblangan peshmergalar o’q uzishga ham ulgurmay chekinayotgan bir paytda PKK jangga kirishib, jihodchilarning olg’a yurishini to’xtatishga muvaffaq bo’ldi", - deydi Gursel.

PKK 30 yildan beri kurdlar muxtoriyati uchun Turkiya armiyasiga qarshi kurashib keladi. Uning safida olti-yetti ming jangchisi bor. Ular asosan Iroqning Kurdiston mintaqasidan turib harakatlanadi.

Kurdiston ishchilar partiyasini AQSh ham, Yevropa Ittifoqi ham, Turkiya ham terrorchi tashkilot deb tan olgan. Anqara so’nggi paytda ular bilan tinchlik muzokaralariga kirishib, o’rtada sulh e’lon qilingan bo’lsa-da, ularning terrorchi maqomini hozircha bekor qilmoqchi emas.

Biroq, deydi Istanbul universitetidan siyosatshunos Nuray Mert, xalqaro sahnada vaziyat o’zgarmoqda, PKK ga munosabat ham ijobiy tomonga o’zgarishi mumkin.

"Kurd jangarilari Islomiy davlat jihodchilariga qarshi kurashga kirishib, bu kurdlarga endi qonuniy hamkor sifatida qaray boshlashgan. Guruhni bir kecha-kunduzda terrorchi tashkilotlar ro’yxatidan olib tashlashmaydi, albatta. Uning Suriyadagi bo’limiga munosabatning o’zgarayotgani jiddiy o’zgarishlarga olib kelishi mumkin", - deydi Mert.

Kurdiston ishchilar partiyasining Suriyadagi bo’limi fuqarolar urushidan foydalanib o’z muxtoriyatini yaratdi. Islomiy davlat jangarilarining hujumlari, Turkiya embargosiga qaramay, yangi muxtoriyat jihodchilarni mag’lub etishga muvaffaq bo’ldi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, xalqaro hamjamiyat Suriyadagi kurd muxtoriyati tan olinmagan bo’lsa-da, u bilan norasmiy aloqaga kirishgan. Biroq Anqara bu guruhning PKK dan farqi yo’q deya, unga ham terrorchi sifatida qarashni taklif etmoqda.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li mintaqada Islomiy davlatga qarshi kurashayotgan kuchlarga qurollarning to’xtovsiz uzatilayotganidan tashvish bildirgan. Anqara nazarida PKK tinchlikni istasa, qurolsizlanishi zarur, biroq siyosiy tahlilchi Mertning aytishicha, bu bilan turk rasmiylari voqelikdan uzoqlashganini ko’rsatmoqda.

"PKK yirik davlatlar bilan Islomiy davlatga qarshi jang qilayotgan bir paytda ulardan qurollarini topshirishni so’rash kulgilidir. Turkiya kurd masalasida, G’arb bilan ittifoqchilik masalasida, mintaqada ittifoqchilik masalasida jarayondan chetda qolib ketganday", - deydi ekspert.

Jihodchilarning bir qismi mojaro zonalariga Iroq va Suriya bilan umumiy chegaraga ega Turkiya orqali o’tar ekan, Anqara jihodchilarga qarshi urushda muhim davlat hisoblanadi. Agar u Kurdiston ishchilar partiyasining xalqaro sahnada yakkalanishini istasa, jihodchilarga qarshi kurashda alohida shijoat bilan hamkorlik qilishi lozim. Hozircha esa bunday shijoatni diniy toqatsizlik kuchayayotgan mintaqada dunyoviy qarashlarni targ’ib qilayotgan kurd jangarilari namoyish etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG