Amerikada brakonyerlikka qarshi kurash

  • Amerika Ovozi

Karkidon shohi va fil tishining noqonuniy bozordagi narxi baland bo'lgani sababli bu hayvonlar - brakonyerlarning birinchi qurboni.

Karkidon shohi va fil tishining noqonuniy bozordagi narxi baland bo'lgani sababli bu hayvonlar - brakonyerlarning birinchi qurboni.

Terrorizmga qarshi kurash jabhalari kengaymoqda. Yaqinda AQSh brakonyerlik, ya’ni yovvoyi hayvonlarning noqonuniy ovi va savdosiga qarshi yangi dastur boshladi va shu maqsadda 10 million dollar ajratdi. Ammo “Amerika Ovozi”ga intervyu bergan bir mutaxassisning aytishicha, ko’rilayotgan choralar yetarli emas.

Yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurash kutilgan natija bermayapti, deydi Vashingtondan Joan Bergenas:

“Hayvonlarning noqonuniy ovi va savdosi chegara bilmas xalqaro jinoyat ekani hammaga ma’lum. So’nggi bir yarim yil ichida bunday jinoyatlar ko’paydi”, - deydi u.

Bergenas Stimson nomli nodavlat tadqiqotlar markazining aynan shu masalalar bulan shug’ullanadigan dasturi rahbari.

“Eng xavfli o’zgarish shundan iboratki, boshqa narsalar, masalan, narkotik yoki qurol-yarog’ning noqonuniy savdosi bilan shug’ullanadigan guruhlar va terrorchi tashkilotlar jinoiy faoliyatning boshqa turlari, shu jumladan, hayvonlar ovi va savdosiga ham qo’l urmoqda”, - deydi Bergenas.

Masalan, Somalida al-Qoidaga aloqador al-Shabab guruhi bir necha yildan buyon Afrikaning boshqa mamlakatlari, xususan, noyob hayvonlarga boy Keniyada ov qiladi. Ularga qarshi kurashayotgan davlat xavfsizlik xizmatlari xodimlarining o’ldirib ketilgani hollari ham bo’ldi, deydi Bergenas.

“Brakonyerlarning uslublari ham o’zgargan. Oddiy qurol bilan cheklanib qolmay, ular vertolyot, avtomatlar, tunda ishlatiladigan maxsus ko’zoynaklar va boshqa narsalardan foydalanadi. Ularga qarshi kurashayotgan tarafga ham shunday jihozlar bermasa bo’lmaydi”, - deydi faol.

Stimson markazi xodimi yaqinda Obama ma’muriyati boshlagan tashabbusni hayvonlarga qarshi sodir etilayotgan jinoyatchilikni tugatish uchun kamlik qilishini aytadi.

“Prezident Obama yovvoyi hayvonlarning noqonuniy ovi va savdosi jarayonini o’rganadigan agentliklararo guruh tuzishni buyurdi. Jarayon o’rganib chiqiladi va guruh AQShning bu boradagi yangi strategiyasini ishlab chiqadi. Obama, shuningdek, bu maqsadda qo’shimcha 10 million dollar ajratdi. Lekin bu mablag’ tahdidni batamom yo’q qilish uchun yetarli emas, albatta”, - deydi hayvon huquqlari faoli.

Bergenas AQShning bu borada Afrika mamlakatlari bilan olib borayotgan
siyosati Yevropanikidan tubdan farq qilishi kerakligini aytadi.

“Biz taraqqiyot masalalari, xavfsizlik muammolari, masalan qurol, narkotiklar yoki yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosidan kelib chiqqan holda bu mamlakatlar bilan hamkorlikni o’zgartirishimiz kerak. Shunda biz eng ustuvor yo’nalishlar - terrorizm va qurol savdosiga qarshi kurashda g’alaba qozonamiz. Yevropa davlatlari ham o’z ustuvor maqsadlariga erishadi, ya’ni hayvonlar ovi yoki chegara bilmas jinoyatlarga qarshi kurashda muvaffaqiyat qozonadi”, - deydi u.

O’z navbatida Afrika mamlakatlari brakonyerlarga qarshi kurash uchun mablag’ ayamay, shu maqsadda kurashayotgan idoralarni eng zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlashi lozim, deydi mutaxassis. Masalan, uchuvchisiz uchadigan qiruvchi samolyotlardan foydalanish mumkin. Bu holda ular, albatta, qurol bilan emas, kuzatuvchi kamera bilan jihozlanadi, deya tushuntiradi Bergenas.

“Brakonyerlar maxsus parklarga borib karkidon yoki fillarni o’ldiradi va ularning shohi yoki tishini sug’urib olib ketadi. Ular parklarga qaysi yo’llar bilan kirib borgan? Politsiya, yovvoyi hayvonlarni himoya qiluvchi maxsus xizmat va boshqalar oldidan qanday qilib o’tib ketgan? Katta pulga sotiladigan bu narsalarni ular qaysi yo’llar bilan chegaralardan olib o’tadi? Xalqaro bozorga qanday yetkazadi? Mana shu savollarga javoblarni aynan yangi texnologiyalar yordamida topish mumkin”, - deydi Bergenas.

Ayni vaqtda narkotiklar, tamaki va qurol-yarog’ning noqonuniy savdosiga qarshi kurash ham kuchaytirilishi kerak. Shu bilan birga Osiyodagi karkidon shohi yoki fil tishiga bo’lgan talabga qarshi ham kurashish zarur, deydi Vashingtondagi tahlil markazi tadqiqotchisi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG