Amerika yangi rahbari siyosiy qutblashishga barham bera oladimi?

  • Amerika Ovozi

AQShda prezidentlik uchun bu yilgi saylov kampaniyasi amerikaliklarni bo’lib qo’ydi. Aksariyat saylovchilar ikki asosiy nomzod uchun ovoz beradi – respublikachi Donald Tramp va demokrat Xillari Klinton uchun. Ularning nomzodlari qarama-qarshi siyosiy qarashlarga ega. Kuzatuvchilarga ko’ra, bo’linish saylovdan keyin ham hali beri barham topmaydi.

"Hokimiyatni vazifasini eplolmagan siyosiy rahbariyatdan olib, xalqqa, fuqarolarga qaytarishga qodir ajoyib tarixiy o’zgarishlar arafasidamiz", - dedi Tramp Floridadagi chiqishida.

Klinton kampaniyaning so’nggi kunida Arizonaga bordi.

"Farzandlaringiz va nabiralaringiz 2016-yilda mamlakat uchun muhim pallada qayerda edingiz deb so’rasa, yaxshiroq, kuchliroq, odilroq Amerikaga ovoz berdim deyishingizni xohlayman”, - dedi u.

Har ikki nomzod o’ziga sodiq tarafdorlarini ruhlantirishga, Klinton esa Barak Obamani ikki bor saylagan saylovchilar ovozlarini olishga umid qilmoqda, deydi tahlilchi Jon Fiyeri.

"Klinton liberal, progressiv guruhlar, etnik jamoalar, Respublikachilar partiyasi esa oq tanli konservativ saylovchilar ovozlariga tayanmoqda", - deydi Fiyeri.

Aksariyat saylovchilarning muayyan siyosiy partiya a’zosi bo’lgani raqib partiyadan nomzodga ularni o’z tomoniga og’dirishni qiyinlashtirmoqda, deydi Amerika universitetidan ekspert Jennifer Loles.

"Shu pallada partiyaga a’zo bo’lgan saylovchilarni o’z fikridan qaytarib, boshqa partiyadan nomzodni qo’llab-quvvatlashini kutish mumkin emas", - deydi u.

Saylovda kim g’alaba qilishidan qat’i nazar, deydi tarixchi Alan Lixtman, siyosiy bo’linish hali beri yo’qolmaydi.

“Kim g’olib bo’lsa ham siyosiy qutblashish kuchayib boradi", - deydi u.

Lixtmanning aytishicha, aksariyat demokratlar Tramp g’alabasini hazm qila olmaydi.

"Donald Tramp Amerikada ko’p odamlarning nafsoniyatiga tegishga ulgurdi, hatto raqibi Xillari Klintonni qamab qo’yishini aytdi. Klinton tarafdorlari Trampni prezident sifatida qabul qilmasligi mumkin", - deydi tarixchi.

Klinton yutsa, Tramp tarafdorlari g’azabga keladi, deydi tahlilchi Skot Folkner.

"Klinton ikkiyuzlamachi, yirik partiyadan nomzod bo’lgan poraxo’r va nosamimiy inson”, - deydi ekspert.

Yangi prezident mamlakatni birlashtira olarmikan, deya so’raydi tarixchi Li Edvards.

"Yangi rahbar hosil bo’lgan jarlikni qisqartirib, odamlarni yarashtirishga majbur. Axir g’olib butun xalqning prezidenti bo’ladi”, - deydi u.

Janjal, haqorat va qarama-qarshiliklarga boy saylov kampaniyasidan so’ng birlikni ta’minlash keyingi rahbar uchun eng katta siyosiy vazifa bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG