AQShda kamera taqib yurgan politsiyachilar ko’payadi

  • Amerika Ovozi

Vashington va Nyu-York shaharlarida ayrim politsiyachilar kichik videokamera taqib yurishni boshladi.

Sinov tariqasida yo’lga qo’yilgan bu loyihadan maqsad huquq-tartibot xodimlari fuqarolarga nisbatan ortiqcha kuch ishlatishining oldini olish. Amerikaning boshqa shaharlarida ham bunday dastur anchadan beri bor.

Merilend shtatining Lorel shahrida 32 politsiyachi har kungi ishini kameraga yozib oladi. Zakari Berri shulardan biri.

“Kamera ko’zoynakka yopishtirib qo’yilgan. Tungi syomka uchun boshga kiyadigani ham bor. Siz ko’rgan hamma narsani yozadi, mikrofoni ham bor”, - deydi u.

Poytaxt Vashington atrofida Lorel politsiya boshqarmasi birinchilardan bo’lib dasturga qo’shildi. Politsiya boshlig’i Richard Makloklin:

“Bu nafaqat ofitserlar uchun himoya, balki fuqarolar uchun ham. Mas’uliyatni oshiradi”.

Lorel shahrida huquq-tartibot xodimlari kamera taqib yurganiga ikki yil bo’ldi. Hozircha bu hammaga ma’qul. Politsiya odamlarga qarshi ortiqcha kuch ishlatgan holatlarda video bo’lgani asqatadi.

Voqea yozib olingan bo’lsa, kim aybdor, kim aybsiz, darhol aniqlab masalani hal qilish mumkin.

“Bizning xodimlarga nisbatan shikoyatlar kamaydi. Tasvirlar bilan politsiya o’zini himoya qiladi, fuqarolar ham da’vosi bo’lsa isbotlay oladi. Natijada tushunmovchilikka o’rin qolmaydi”, - deydi Makloklin.

Avgust oyida Missuri shtatining Ferguson shahrida Maykl Braun ismli o’smir politsiya tomonidan otib o’ldirilgani norozilik namoyishlariga turtki bergan edi. Otishmaga aynan nima sabab bo’lganini bilish qiyin. Guvohlar har xil ko’rsatma bergan. Shundan beri shaharda ayrim politsiyachilar kamera taqishni boshladi.

Xo’sh, amerikaliklar yangi qoidalar haqida nima deydi?

“Kameralar biror hodisaga aniqlik kiritishda haqiqatan yordam bersa, yo’q demayman”, - deydi bir fuqaro.

“Menimcha kamera taqib yurish yaxshi fikr. Politsiyani ham, fuqarolarni ham himoya qiladi”, - deydi yana bir amerikalik.

“Shaxsiy huquqlar buzilishiga olib keladi”, - deydi onaxon.

Hozirda AQShda mingdan ziyod politsiya boshqarmalari kameralardan foydalanyapti. Shaxsiy erkinliklar nozik masala. Shu bois politsiyachi videoga tushirayotgani haqida sizni albatta xabardor qiladi. Birovning uyida yoki idorada bo’lsa, ruxsat so’raydi. Mazkur texnologiya Indiana shtatida ham sinab ko’rilyapti.

“Shikoyat tushganida dalil-isbot bo’lmasa, kimga ishonasiz? Politsiyachigami yoki fuqaroga? Kamera olgan tasvirlar bilan darhol aniqlaymiz”, - deydi huquq-tartibot xodimi.

Umid shuki, video kameralar xolis guvoh vazifasini o’taydi. Ham politsiya, ham ommani mas’uliyatli bo’lishga undaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG