Tadqiqot: AQShda politsiya qo'lida qoralar ko'proq o'ladi

  • Amerika Ovozi

Qora tanlilar hayoti va qadr-qimmati oqlarnikiga qaraganda kamroqmi? AQShda hozir shu savol ustida bahs qizigan. Shu paytgacha mavjud statistikaga qaralsa, haqiqatdan ham qoralar ko’proq zo’ravonlik qurboni bo’lgan. Bu narsani to’xtatish uchun qurolli zo’ravonliklar jiddiy o’rganilishi kerak, deydi mutaxassislar.

San-Fransiskodan Chikago va Atlantagacha namoyishchilar ko’chalarga chiqib, politsiya qo’lida o’lgan ikki qora tanli fuqaroni yod oldi.

Minnesotada namoyish zo’ravon tus olib, 21 politsiyachiga tan jarohati yetkazildi.

Bu orada Dallasda pistirmadan o’ldirilgan besh politsiyachi xotirlandi. Unda qatnashgan Prezident Barak Obama xalqni tinchlanishga chaqirdi.

“Biz ayrimlar o’ylagandek bo’lingan emasmiz”, - dedi Obama.

So’nggi yillarda qora tanlilarning politsiya qo’lida tez-tez qurbon bo’layotgani mamlakat bo’ylab “Qoralar ham odam” degan harakatning boshlanishiga turtki berdi.

Garvard universiteti o’tkazgan bir tadqiqotda politsiya qo’lida o’lim topgan qoralar va oqlar soni sanab chiqildi. Izlanishga professor Nensi Kriger boshchilik qildi.

“Qoralar oqlarga qaraganda politsiya zo’ravonligida 5 martadan 19 martagacha ko’proq o’lishi mumkinligi aniqlandi”, - deydi u.

Kriger bu farqni “favqulodda katta” deb atab, ayrim o’limlarning oldi olinishi mumkin edi, deydi. Tadqiqot politsiya o’qidan o’lish hollarini jamoatchilik darajasidagi muammo deb ataydi.

“O’lim, jarohat hamda oilalar va mahallalarga yetkazadigan zarari jihatidan, bu jamoatchilik sog’lig’i uchun katta muammo”, - deydi professor.

Luizianada o’ldirilgan yigitning o’rtog’i ham shu masalaga urg’u berdi.

“Bu qotillikni amalga oshirganlar bolali odamning hayotini oldi. Bu bolalar har kungi hayotida otalariga qaram edi”, - dedi u.

Jamoatchilik sog’lig’i uchun zararli muammo sifatida tan olinishi uchun bu o’limlar muntazam hisoblab borilishi va tahlil qilinishi kerak. Sog’liqni saqlashga oid hech bir federal agentlik bunday ma’lumotni yig’ib bormaydi. Shuningdek, bu muammoni o’rganish uchun ularda mablag’ yo’q.

“Bu haqda hatto asosiy ma’lumotnoma ham yo’q. Bu qabul qilib bo’lmas holat”, - deydi Kriger.

Garvard universiteti tadqiqoti politsiya o’qidan o’lgan odamlarni rasman ro’yxatga olib borishni hamda ular izchil o’rganilishini tavsiya qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG