Breaking News

Kaliforniyada falajga o'xshash yangi kasallik tarqaldi


Oxirgi bir yarim yil ichida AQShning Kaliforniya shtatida 25 bola poliomiyelitga o’xshash yangi kasallik bilan og’rigan. Ularning beshtasida falajlanish holati kuzatilgan. Tadqiqotchilarga ko’ra, kasallikka poliomiyelitlar oilasiga mansub virus turi sabab bo’lgan.
Kaliforniyada yangi kasallik tarqaldi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:17 0:00
Yuklab oling
O’tgan asrning 50-yillarida poliomelitga qarshi vaksina kashf etilishi bilan bu kasallikni butunlay yo’qotishga muvaffaq bo’lingan. Ammo keyinchalik Afg’oniston, Pokiston va Nigeriyada uning qayta bo’y ko’rsatgani aniqlangan.

Mutaxassislarni shunga o’xshash kasallikning Kaliforniyada paydo bo’lgani ajablantirmoqda. So’nggi oylarda San-Fransisko atrofida 25 bola poliomiyelit alomatlariga ega kasallik bilan og’rigan. Ularning besh nafarida oyog’i yoki qo’li falajlanib, bir umrga nogiron bo’lib qolgan.

Shifokorlar xastalikda noma’lum virusni ayblashayotgan bo’lsa-da, ammo barcha bolalarda bunday virusning mavjudligi tasdiqlanmagan. Ularning aytishicha, bemorlarning faqat ikkitasida poliomiyelit oilasiga mansub 68-raqamli enterovirus aniqlangan.

Dunyoda 100 dan ortiq enterovirus bor, ammo 68-raqamli turi kamdan-kam uchraydi, deydi Nebraska universiteti Tibbiyot markazi professori Stiven Treysi.

“Enteroviruslar, odatda, keng tarqalgan. Ular shamollash kabi ko’plab kichik kasalliklarga sabab bo’ladi”, - deydi Treysi.

Poliomiyelitga o’xshash xastalikka olib boruvchi enterovirus turi Osiyo va Avstraliyada ham uchragan. Poliomiyelit emdorisi 68-enterovirusga qarshi foyda bermaydi, chunki ular ikki xil toifadagi viruslar hisoblanadi. Ammo poliomiyelit vaksinasi asosida yangi dori ishlab chiqish mumkin, deydi professor Treysi.

“Poliomelitga qarshi vaksina tayyorlashda ishlatilgan yordamchi moddalar yordamida enterovirus emdorilarini tayyorlash imkoni bor hozir. Ularni ukol yoki og’izga quyiladigan dori sifatida tayyorlash mumkin”, - deydi u.

68-raqamli enterovirus bilan bog’liq kasalliklar juda kam uchrashi bois, farmatsevtika kompaniyalari yangi dori tayyorlashni tez orada boshlashi dargumon. Ayni paytda doktorlarning aytishicha, kasallikning bu turi kamdan-kam hollarda falajlanishga olib boradi. Shunday bo’lsa-da, kasallik alomatlari aniqlanishi bilan farzandingizni zudlik bilan shifoxonaga olib boring, deya maslahat beradi doktorlar.
XS
SM
MD
LG