Markaziy Osiyoda siyosiy islomning kelajagi qanday?


Boboxo'ja jome masjidida juma namozi, Xo'jand, Tojikiston

Boboxo'ja jome masjidida juma namozi, Xo'jand, Tojikiston

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi har yili Markaziy Osiyo mamlakatlarini diniy erkinlik keskin cheklangan davlatlar ro’yxatida qayd etadi. Bu o’lkalarda diniy partiya tuzish u yoqda tursin, fuqarolarning vijdon erkinligini talab qilishi ham mushkul. Ammo ayrim davlatlarda siyosatini islom bilan asoslovchi arboblar yo’q emas. Markaziy Osiyoda yangi siyosiy islomning o’ziga xos jihatlari nimada?

Markaziy Osiyoda siyosiy islom deganda, odatda, “Hizbut Tahrir”, “O’zbekiston islomiy harakati” kabi radikal diniy guruhlar yodga tushadi. Angliyalik tadqiqotchi Emmanuel Karagianisning aytishicha esa, mintaqada mo’tadil diniy qarashdagi va erkin faoliyat yuritayotgan partiya va siyosatchilar ham yo’q emas. Masalan, Qirg’izistonda Tursunboy Bakir o’g’li, Qozog’istonda Bekbo’lat Tleuxon, Tojikistonda esa Muhiddin Kabiriyni ana shunday siyosatchilar qatoriga qo’shish mumkin.

O’zbekiston va Turkmanistonda islomni namoyon qiluvchi biror partiya va siyosatchi yo’q. Bu mamlakatlarda din to’liq hukumat nazorati ostida bo’lib, qolipdan tashqarida fikrlovchi shaxs va guruhlarga siyosiy islom mavzusida faoliyat yuritish imkoni berilmaydi. Qo’shni yurtlarda ham demokratiyaning ahvoli maqtovga arzigulik emas, ammo bu yerlarda hukumatdan farqli fikrlovchi shaxslar yo’q emas.

“Bakiro’g’li AQShning regiondagi siyosatini tanqid qiluvchi siyosatchilardan. Amerikaga qarshi keskin qarashlari bilan ma’lum. 2006-yil AQShga taklif qilinganda, men (Jorj) Bush yashaydigan joyga bormayman, deb taklifni rad etgan edi”, - deydi Londondagi Kings kolleji professori, islomshunos olim Emmanuel Karagianis.

Qirg’izistonlik Tursunboy Bakir o’g’li mintaqada mo’tadil siyosiy islom namoyandalaridan biri. O’z vaqtida Qirg’iziston parlamenti deputati hamda Ombudsman bo’lgan arbob dindorlar huquqlarini himoya qilish, islomiy qadriyatlar asosida ijtimoiy-madaniy muammolarga qarshi kurashish mavzularidagi chiqishlari bilan tanilgan.

Bunday siyosatchilarni qo’shni Qozog’istondan ham topish mumkin. Masalan - bir paytlar san’atkor, deputat va vazir o’rinbosari sifatida faoliyat yuritgan Bekbo’lat Tleuxon. Uni haqiqiy ma’noda islom namoyandasi deb bo’lmasa ham, diniy-milliy qadriyatlarni himoya qilishga undovchi chaqiriqlari bilan ajralib turadi, deydi Karagianis.

“U qozoq jamiyatida islomning o’rni mavzusida ko’p gapiradi. 2010-yilda qabul qilingan diniy faoliyatlar to’g’risidagi qonunni ham tanqid qilgan. Shuningdek, hijobning taqiqlanishiga, qozoq ayollarining yevropacha ochiq kiyinishiga qarshi chiqqan”, - deydi tadqiqotchi.

Bekbo’lat Tleuxonni bugun siyosat maydonida faol deb bo’lmaydi. Uning islomda radikal ideologiya sanalmish salafiylikni himoya qilib gapirgani aks etgan audio ommaga oshkor bo’lgach, siyosatchi hukumatni tark etishga majbur bo’ldi.

Markaziy Osiyodagi siyosiy islomning bugungi eng taniqli vakili sifatida tojikistonlik Muhiddin Kabiriy ko’riladi. Tojikiston Islomiy uyg’onish partiyasi rahbari sifatida u ko’p yillik siyosiy tajribaga ega. Mintaqaning rasman ro’yxatdan o’tgan yagona islomiy partiyasi aynan Tojikistonda. U 90-yillar boshida fuqarolar urushiga barham berish maqsadida hukumat va muxolifat tuzgan sulh asosida faoliyat yuritadi. Prezident Imomali Rahmon boshliq Demokratik partiyadan keyin ikkinchi eng yirik siyosiy guruh. Ammo uning ham ta’siri cheklangan.

“Kabiriyning maqsadi davlatni islomlashtirish emas, balki jamiyatni islomlashtirish. Shu tariqa u davlat va jamiyat o’rtasidagi mavjud tafovutni ko’rsatmoqchi”, - deydi Karagianis.

Kabiriyning G’arb jamiyatlariga munosabati ijobiy; Afg’onistonda AQSh olib borgan urushni yoqlab chiqqan.

“Mintaqa xavfsizligi masalasiga kelganda u, masalan, uzoq yillar AQShning Afg’onistonda turishini qo’llab-quvvatlagan. Tolibon va al-Qoidani islomni noto’g’ri namoyon qilayotganlikda ayblagan. U, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida yaqin hamkorlik tarafdori, G’arb va musulmon davlatlari o’rtasida birdek muvozanatli, ijobiy aloqa olib borilishini istaydi”, - deydi islomshunos kuzatuvchi.

Karagianis so’zlariga ko’ra, yuqorida tilga olingan barcha siyosatchilar jamiyatni islomlashtirishda Turkiyadan namuna olish tarafdori. Siyosiy islomning kelib chiqishi va rivojlanishi, asosan, Yaqin Sharqdagi islomiy guruhlarga borib taqalsa ham, diniy va madaniy qadriyatlardagi o’xshashlik bois markaziy osiyoliklar ko’proq o’zlarini Turkiyaga yaqin his qiladi, deydi angliyalik tahlilchi.

“Markaziy Osiyodagi bugungi siyosiy islom eski siyosiy islomdan keskin farq qiladi. Avvalo, ular demokratiyaga qarshi emas. Islomlashtirishni hukumatni egallash yo’li bilan emas, balki jamiyatni isloh qilish orqali amalga oshirishni istashadi. Shuningdek, ular taqiqlangan yoki yashirin tashkilot emas, ro’yxatdan o’tgan va ochiq faoliyat yurituvchi shaxslar yoki guruhlardir”, - deydi Karagianis.

Ammo jamiyatni islomga yo’naltirish tarafdori bo’lgan bu shaxslar qanchalik ta’sir kuchiga ega? Hukumat yoki jamiyatga so’zini o’tkaza oladimi? Karagianis bu jihatdan Tojikistonni alohida tilga oladi.

“Kabiriyning jamiyatda tarafdorlari ko’p. Uning partiyasi muntazam hukumat zug’umlariga duchor bo’lsa ham, jamiyatga ta’sir ko’rsata oladi. Hukmron partiyadan keyin ikkinchi eng katta muxolif guruh sanaladi. Hukumat shuning uchun uni e’tiborsiz qoldira olmaydi”, - deydi tadqiqotchi.

Angliyalik olim nazarida Markaziy Osiyodagi yangi siyosiy islom yashashda davom etadi. Tadqiqotchi bunga bir necha omilni asos qilib ko’rsatadi.

Avvalo, ular demokratiyani qo’lab-quvvatlagan holda, mavjud rejim ichida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, ularning maqsadi islomiy davlat qurish emas, balki jamiyatni isloh qilish, islomiy qadriyatlarni targ’ib qilishdir. Qolaversa, ular hukumatga, rejimga to’g’ridan-to’g’ri qarshi chiqayotgani yo’q”, - deydi Karagianis.

Ammo islomga asoslangan partiya va siyosatchilarning mavjudligini real hayotda payqash qiyin. Chunki Markaziy Osiyoning har bir davlati vijdon erkinligi huquqi keskin toptaladigan davlatlar ro’yxatining eng yuqori pog’onalarini band etgan.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG