Saylov-2012: Irq, elat, din va jins - muhim omillar

  • Amerika Ovozi

Yurish-turishi, fikr-qarashlari o’zimizga monand insonlar bilan til topishish, do’st tutinish, ularga ergashish inson tabiatiga xos narsa. Bu ayniqsa siyosatda, saylov kampaniyalarida qo’l keladi.

Aksar saylovchilar uchun nomzodning turli masalalar bo’yicha tutgan pozitsiyasi va yetakchilik qobiliyati muhim. Lekin ovoz berishda irq, din, etnik kelib chiqishi va boshqa faktorlar muhim rol o’ynashini ham rad eta olmaysiz.

Vashingtondagi Jorjtaun Universiteti professori Mark Rom 2008-yili Janubiy Karolinada o’tgan saylovni misol keltiradi. O’shanda prezidentlikka nomzod Xillari Klinton afro-amerikaliklardan atigi 17 foiz ovoz to’plagan. Sobiq prezident Bill Klinton senator Obamani boshqa bir qora tanli nomzodga taqqoslab, xato qilgan, deydi u.

"Jessi Jekson Janubiy Karolinada ikki marta, 1984 va 1988 yillarda g’olib bo’lgan. Obama ham yaxshigina kampaniya yuritmoqda",- degan edi Klinton o'shanda.

Klintonning bu so’zlari Obamani kamsitish, yutuqlarini arzimas qilib ko’rsatish deb baholangan. Natijada Obama shtatda g’alaba qildi. Kuzgi saylovda ham qora tanlilar uni quvvatlashi kutilmoqda.

Irq va etnik mansublik siyosatda azaldan muhim, ammo boshqa faktorlar ham bor.

Tarixan AQShda e’tiqodga jiddiy qaraladi. 1928-yilda Demokratik partiyadan nomzod Al Smitning katolik ekani uning mag’lubiyatida katta rol o’ynagan. 1960-yilda esa Jon Kennedi Rim papasidan yo’l-yo’riq oladi degan tanqidlar yangragan. 2008 va mana endi 2012-yilda prezidentlikka respublikachi nomzod Mitt Romni mormon ekani hamon bahsli mavzu.

Jurnalist Natan Gonzalesning aytishicha, yana bir omil bu mafkura:

"Deylik, Respublikachilar partiyasi haqida gap ketganda, nomzod albatta konservativ qarashlarini reklama qiladi. Kim nomiga, kim qalbaki, kim haqiqiy konservativ…"

Siyosatshunos Deril Xarris, odamlarni rangi, jinsi va diniga qarab ajratish va baholash bugun ham davom etayotgan illatlardan. Buni, albatta, siyosiy maydonda ham ko’ramiz.

"Fuqaro huquqlari uchun kurashni oxiriga yetkazish kerak. Buning uchun Amerika jamiyatida hamon mavjud tengsizlik va diskriminatsiyadan qutulish zarur",- deydi olim.

Bu faqat Amerikaga xos narsa emas. Irq, din va jins omili dunyoning ko’pgina davlatlarida siyosatga ta’sir ko’rsatadi. Sobiq Yugoslaviya, Ruanda va Sudanda hatto xunrezlikka ham sabab bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG