Vatikanning Falastin davlatini tan olishi nimani anglatadi?

  • Amerika Ovozi

Vatikanda Falastin bayrog'i hilpiramoqda, 2015-yil 17-may.

Vatikanda Falastin bayrog'i hilpiramoqda, 2015-yil 17-may.

Quddusda millatchi yahudiylar yurishi ortidan falastinliklar va isroilliklar o'rtasida zo'ravonlik yana avj oldi. Bu orada Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Rim papasi Fransisk bilan uchrashdi. Bu Vatikanning Falastin davlatini rasman tan olishidan bir necha kun o'tib yuz berdi. Rim papasining Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoniga qo'shilishi nimani anglatadi?

Yakshanba kuni minglab ziyoratchilar Rim papasining to'rt rohibani, jumladan, XIX asrda yashagan ikki falastinlikni avliyo deb e'lon qilish marosimini kuzatish uchun Avliyo Pyotr maydoniga yig'ildi. Vatikanning umid qilishicha, aviyolarning ruhi Yaqin Sharqda tazyiqqa uchrayotgan nasroniylarga umid baxsh etadi.

Marosimni kuzatganlar orasida Falastin Prezidenti Mahmud Abbos ham bor edi. U yig'inga katolik dunyosi rahnamosi tomonidan rasman taklif etilgan.

Yaqin Sharq bo'yicha tahlilchi Sharif Nashashibining aytishicha, Falastinning Vatikan tomonidan rasman tan olinishi bu davlatni Birlashgan Millatlar Tashkilotida ham qo'llab-quvvatlashini anglatadi.

"Rim papasi Yaqin Sharqdagi nasroniy jamoatlarini qo'llab-quvvatlash uchun mintaqa bilan aloqani kuchaytirish yo'lida katta ishlarni amalga oshirdi. Falastinda esa, tabiiyki, faol nasroniylar jamoasi bor. Rim papasi nafaqat Yaqin Sharq nasorolari orasida, balki butun mintaqada mashhur", - deydi u.

Isroil Vatikanning Falastinni tan olish qaroridan norozi bo'ldi. Vatikandagi falastinlik ziyoratchilar esa uni olqishladi.

"Isroil yashashga haqli bo'lganidek, Falastin ham shunday huquqqa ega. U Isroil davlatiga yaqin bir davlat. Ular birga tinch va xavfsiz yashashi kerak", - deydi falastinlik ziyoratchilardan biri.

Vatikanda tinchlik so'rab ibodat qilingan bo'lsa ham, Quddusda bir necha kun o'tib zo'ravon to'qnashuvlar yuz berdi. Yahudiy millatchilar shaharning musulmonlar yashaydigan qismida Sharqiy Quddusning 1967-yilda egallanishini xotirlab marsh o'tkazdi.

Bundan avvalroq Falastin hududida 1948-yilda Isroil davlati tashkil etilishi oqibatida yuz bergan fojeani xotirlab o'tkazilgan namoyishlarda ham zo'ravonlik yuz berdi. Isroil barpo qilinishi ortidan 700 ming arab o'z xonadonini tashlab ketishga majbur bo'lgan edi. Prezident Mahmud Abbos televideniye orqali qilgan murojaatida falastinliklarni umidni uzmaslikka chaqirdi.

"Milliy mavqeimizdan voz kechmaslik bo'yicha bergan va'dalarimizni birgalikda yana bir bor yodga olamiz va ularni hech qachon o'zgartirmaymiz", - deydi u.

Qayta saylanganidan keyin o'tkazilgan birinchi hukumat yig'inida Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu tinchlik muzokaralarining to'xtab qolishida yana falastinlik jangarilarni aybladi.

"Chegaramizni va xavfsizligimizni uzoq va yaqindagi tahdidlardan himoya qilish ahdida qat'iymiz. Davlatimizning barcha dushmanlari shuni bilib qo'ysinki, bizda kesib o'tish mumkin bo'lmagan qizil chiziqlar bor. Oldin ham shunday bo'lgan, hozirgi hukumatda ham bu siyosat o'zgarmaydi", - deydi u.

Falastinni davlat sifatida tan olgan mamlakatlar soni 135 taga yetdi. Nasroniylar dunyosining rahnamosi sifatida Rim papasining bu guruhga qo'shilishi Falastin erki masalasining ahamiyatini yanada oshirishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG