Breaking News

Nyu-Yorkda o'smirlar orasida homiladorlikka qarshi kurash


O'smirlar orasida homiladorlik hollari - Teen pregnancy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00

O'smirlar orasida homiladorlik hollari - Teen pregnancy

BMT Aholishunoslik jamg’armasi ma’lumotiga ko’ra, har yili yoshi 18 ga kirmagan 16 million qiz farzandli bo’ladi. Yana 3,2 million nafari abort qildiradi. Ularning aksariyati kambag’al mamlakatlarda yashasa-da, o’smirlar orasidagi homiladorlik – global muammo, har bir mamlakatda uchraydi.

Masalan, AQShda har yili yoshi 20 ga kirmagan va aksariyati turmush qurmagan 750 ming qiz homilador bo’ladi. Bu G’arb mamlakatlari orasida eng yuqori ko’rsatkichlardan.

Yoshligida ona bo’lganlarning o’qiy olmasligi, ish topa olmasligi va keyinchalik kambag’allikda yashashi ehtimoli kattaroq. Bu ma’noda Nyu-York ayniqsa ajralib turadi. Yiliga 20 ming qiz farzandli bo’ladi. Ammo 1984-yildan buyon shaharda bir dastur faoliyat yuritadi. Yoshi 10-11 kirgan o’g’il va qiz bolalar bilan ishlaydigan bu dastur ishtirokchilari orasida homiladorlik hollari boshqa o’smirlarga qaraganda 50 foizga kamroq.

Nyu-Yorkning bir maktabida darsdan keyin o’tkaziladigan mashg’ulotlardan maqsad – o’smirlar orasida homiladorlikning oldini olish.

Darslarda jinsiy aloqalar haqida ham gap boradi. Ruhshunos Maykl Karrera 29 yil avval asos solgan bu loyihaga. O’smirning barcha ehtiyojlarini inobatga olish kerak, deydi u, toki u hayotda ota-onalikdan oldin boshqa ishlar qilish kerakligi, muvaffaqiyat va baxtli hayot kaliti nimada ekanini tushunsin.

“Yoshlar hayotda ijobiy qadam nima ekanini anglab, yaxshi-yomonni ajrata olishni o’rgansa, o’zini ehtiyot qiladi, ogoh bo’ladi hamma narsadan. Taqdiri biz emas, ularning qo’lida,” - deydi u.

Dastur bir necha qismdan iborat: sport mashqlari, san’at mashg’ulotlari, ish topish, bank hisobiga egalik qilish, oliy ta’lim, tibbiy ko’rik va jinsiy hayot. Darslar yuzma-yuz suhbat, maslahatlashuv shaklida o’tkaziladi.

Karrera dasturi ishtirokchilari orasida homiladorlik hollari Nyu-Yorkning boshqa o’smirlariga qaraganda 50 foizga kamroq uchraydi.

“Bu dastur mening hayotimni saqlab qoldi,” - deydi Felipe Ayala. U hozir bu yerda oliy ta’lim bo’yicha maslahatchi bo’lib ishlayapti. Aslida bu yigit 1984-yilda dasturning birinchi ishtirokchisi bo’lgan.

“Dasturda ishtirok etganlar doim band bo’lardi, jinsiy aloqa haqida o’ylashga vaqt ham qolmasdi. Kechki payt qizlar bilan ko’chada yurmasdik… Yoshligingda ota bo’lib nima qilasan? Hali vaqt bor, deb o’ylashni o’rganganmiz. Shuni tushunganmiz,”- hikoya qiladi u.

22 yoshli Keyti Modesto ham dasturni bitirgan. Universitetga o’qishga kirdi. Ustozlari unga ish topishda ko’maklashdi va hatto ishi uchun kiyim sotib olgin deb pul ham berdi. Oila, baxt va jinsiy hayot sirlarini ham shu yerda o’rgandi.

“Yo’q deyishni o’rgandim. Ba’zi hollarda, masalan, yigit yoqib qolsa, qizlar rad javobini bera olmaydi. Lekin yo’q deya olish kerak. Bundan narsalarni o’rganganim sababli o’zimga ishonchim ham oshdi,” - deydi u.

Maykl Karrera yoshi 70 dan oshganiga qaramay ish faoliyatini to’xtatmoqchi emas.

Dasturida 12 shtatdan 4000 o’smir ishtirok etadi. Barak Obama ma’muriyati unga “Ijtimoiy innovatsiya” mukofotini taqdim etdi. 2010-yilda esa hukumat o’smirlar orasida homiladorlikni kamaytirishga qaratilgan dasturlarga federal byudjetdan mablag’ ajratishga qaror qildi. Shu jumladan Maykl Karrera dasturiga.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG