Poroshenko-Putin muloqoti janglarni to'xtatmadi

  • Amerika Ovozi

Donetsk, 3-sentabr, 2014

Donetsk, 3-sentabr, 2014

Ukraina prezidentining idorasi tarqatgan ma’lumotga ko’ra, Petro Poroshenko va Rossiya rahbari Vladimir Putin telefon orqali so’zlashib, Ukraina sharqida harbiy harakatlarni to’xtatishga kelishib olgan. Biroq shu paytgacha olingan xabarlarga ko’ra, hududda otishmalar davom etmoqda.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya Ukraina bilan urush qilayotgani yo’q, shuning uchun Putin harbiy harakatlarni to’xtatish xususida Poroshenko bilan kelishishi mumkin emas. Ular shunchaki mintaqadagi vaziyatni muhokama qilishgan, deydi Peskov.

Shundan so’ng Poroshenkoning matbuot xizmati bayonot matnini o’zgartirib, ikki rahbar tinchlikni o’rnatishga qaratilgan choralar xususida gaplashdi, deb qo’ydi.

Sharqdagi isyonchilarga ko’ra, Ukraina armiyasi Donbassni tark etmaguncha, sulh haqida gap bo’lishi mumkin emas.

Ukraina Mudofaa vazirligi dushanbadan beri 15 askar janglarda nobud bo’lganini aytmoqda, biroq isyonchilar bundanda ko’p harbiylarni o’ldirganini, yuzdan ziyodini asirga olganini da’vo qilmoqda. Kecha Youtube da chiqqan videoda ukrainalik asirlar tasvirlangan. Isyonchilar ularni Donbassda tiklanish ishlariga jalb etishini aytmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) matbuot erkinligi bo’yicha vakili Dunya Miyatovich Ukrainada rossiyalik fotomuxbirning o’ldirib ketilganini qoralamoqda.

Andrey Steninning o’limi Ukraina sharqidagi mojaroning jurnalistlarga nisbatan ham beshafqat ekanini namoyish etadi, deydi Miyatovich.

YXHT vakili Ukraina hukumatini bu va jurnalistlarga qarshi boshqa xurujlarni tergov qilishga chaqirdi.

"Rossiya Segodnya" xalqaro axborot agentligi fotomuxbiri Andrey Stenin 5-avgustda g’oyib bo’lgan edi. Rossiya hukumati Ukraina qurolli kuchlarini voqeada ayblamoqda. Kiyev ayblovlarni inkor etyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG