AQSh: Rossiya xakerlari jiddiy muammo

  • Amerika Ovozi

Amerika xavfsizlik agentliklari Rossiyadan mamlakat saylov tizimiga qilinayotgan kiber-xurujlar jiddiy xavf ekanini tan olib, barcha organlarni ogoh turishga undamoqda.

Biroq xakerlar qancha zarar keltirmoqda degan savolga hozircha aniq javob yo'q.

“E'tiborimiz shu masalada", - deydi Admiral Mayk Rojers, Milliy xavfsizlik agentligi direktori va Mudofaa vazirligida Kiber-xavfsizlik idorasi rahbari.

Senatga hisobot bergan admiral vahimaga hojat yo'q deydi, lekin bugungi dunyoda har sohada ogoh turgan ma'qul.

Senatda Qurolli kuchlar bo'yicha qo'mita raisi, respublikachi Jon Makkeyn fikricha, Vashington vaqtida chora ko'rmasa, xakerlar davlat organlariga ulkan zarar keltirishi mumkin. Obama ma'muriyati nega qo'l qovushtirib o'tiribdi, deya so'raydi u. Makkeyn Arizona shtatidan senatorlikka qayta saylanish umidida.

Admiral Maykl Rojers, AQSh Milliy xavfsizlik agentligi direktori va Pentagonda Kiber-xavfsizlik bo'yicha bosh rasmiy, Senat, Vashington, 14-sentabr, 2016

Admiral Maykl Rojers, AQSh Milliy xavfsizlik agentligi direktori va Pentagonda Kiber-xavfsizlik bo'yicha bosh rasmiy, Senat, Vashington, 14-sentabr, 2016

“Rossiya bizning manfaatlarimizga kiber-tahdid solmoqda va endilikda demokratik tizimimizni yemirish harakatida",- deydi senator.

AQSh razvedkasi, mudofaa va qonun tartibot organlariga ko'ra, Rossiya xakerlari qilayotgan hujumlar yangilik emas, lekin saylov oldidan ular soni oshgani haqiqat.

Sarosima?

Demokratik partiya elektron tizimi xakerlar iskanjasida, degan xabarlar Amerika bo'ylab kuchli xavotir uyg'otdi. Arizona va Illinoys shtatlaridagi tizimlar ham rus agentlari iznida bo'lishi mumkin. Biroq, xakerlar ularni buza olmaydi, deydi rasmiylar, chunki ovoz berish sistemasi internetga ulanmagan. Saylov jarayonini bu xakerlar buza olmaydi, deydi federal mutaxassislar.

Shimoliy Karolina shtati saylovchilari

Shimoliy Karolina shtati saylovchilari

“Xakerlar butun tizimga kirishi shart emas",- deydi Rays universitetidan professor Dan Vollak.

“Eng muhim shtatlarda buzg'unchilik qilishsa, tamom, natijaga ishonch yo'q".

Odamlar vaqtida ovoz bera olmasligi, mashinalar buzilishi, sekin ishlashi mumkin. Bu esa qator muammolar tug'diradi, deydi ekspert.

Senator Makkyen AQSh hukumatini bu xakerlik hujumlarining oldini ololmaganlikda ayblab, Rossiya bilan bu borada bevosita gaplashmaslik Oq uy naqadar zaif ekanini ko'rsatmoqda, deydi.

Rasmiylar esa "chora ko'rayapmiz" deydi. Senatdagi yig'inda ular qonunchilarning ko'plab savollariga javob bera olmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG