Havoni ifloslagan zavodlar uchun yangi jazo

  • Amerika Ovozi

Chunki, deydi ayrimlar, cheklovlar zavodlarni yopishga xizmat qiladi yoki umuman xorijga haydab yuboradi

Chunki, deydi ayrimlar, cheklovlar zavodlarni yopishga xizmat qiladi yoki umuman xorijga haydab yuboradi

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar sabab ekologiya muhofazasiga e'tibor yanada oshgan. Bugun ekologiyaga strategik bir masala sifatida qarashadi.

Amerikada atrof-muhit himoyasi uchun mas'ul agentlik keskin tanqid ostida. Yaqinda bu idora zavod va fabrikalar uchun qoidalarni yangiladi.

Tabiatni zaharlagani uchun ular endi ko'proq jarima to'laydi. Zarur topilsa, ayrim inshootlar butunlay yopilishi mumkin. Sanoat egalari nima deydi?

Oxirgi 10-12 yilda Merilend shtati Baltimor shahri yaqinidagi Brendon elektr zavodida apparatlar ancha yangilandi, bugungi qonun-qoidalariga muvofiq holda ishlash, havoni bulg’amaslik uchun.

Jon Kuinn Atrof-muhit himoyasi bilan shug’ullanuvchi idora boshlig’i. Brendon zavodidagi ahvolni nazorat qiladi.

Kuinning aytishicha, 800 million dollarlik yangi tozalagich atmosferaga sulfat oksidi kabi zaharli gazlarni chiqarmaydi.

AQSh Ekologiyani himoya qilish agentligi talablaridan biri shu. Chunki ko’mirda ishlaydigan zavodlar havoni bulg’aydi, zaharli moddalar chiqaradi.

“Yuqori texnologiyaga o’tishga majburmiz. Zamon shuni talab qilmoqda. Qashiligimiz yo’q. Buni quvvatlaymiz. Zavodimiz yangi uskuna va apparatlarni ishga solmoqda”, - deydi u.

Agentlik hisobicha, yangi qoidalar sharofati bilan havo tozalanib, sog’liqni saqlash sohasida yiliga 280 milliard dollar tejab qolish mumkin. Rasmiylardan biri Jina Makarti deydiki, yangi qoidalar korxonalarga faqat foyda keltirmoqda.

“Natijada 2014 yil va undan keyin har yili 34 ming insonning hayotini saqlab qolamiz. Kasalliklar kamayib boradi. Qo’shma Shtatlar aholisining uchdan bir qismining salomatligi yaxshilanadi”, - deydi Makarti.

Jeffri Xolmsted Jorj Bush prezidentligi davrida ekologiya himoyasi uchun mas’ul arboblardan biri edi va zaharli gazlarni kamaytirishga doir qonunlar ustida ishlagan. Aksariyat konservativ siyosatchilar kabi u ham bu choralardan hayiqqan. Chunki, deydi u, cheklovlar zavodlarni yopishga xizmat qiladi yoki umuman xorijga haydab yuboradi.

“Hukumat joriy etayotgan yangi talablar sababli ko’plar xavotirga tushib qolgan, ayniqsa, sanoat kuchli sanalgan shaharlarda. Elektr toki qimmatlar ekan, zavodlar xalqaro bozorda boshqalar bilan bellasha olmasligini sezmoqda”, - deydi Xolmsted.

Lekin Ekologiya himoyasi bilan shug’ullanuvchi agentlik rasmiylari bu fikrga qo’shilmaydi. Brendon zavodidagi kabi islohotlar, deydi ular, minglab yangi ish o’rinlari yaratadi va bizneslar yanada raqobatbardosh bo’lishiga xizmat qiladi.

Jina Makarti so’zlariga qaraganda, havoni ifloslovchi simob kabi moddalarni tozalash kerakligi azaldan ma’lum:

“Amerikada havoda zaharli moddalarga doir davlat qonun-qoidasi yo’q. Holbuki, atmosferani eng ko’p bulg’ayotgan shu-ku. Elektr energiyasi sohasi, haqiqatan, boshqa har qandar sektorga qaraganda ko’proq zarar keltiradi”.

Xususiy sektor va Kongressning ko’plab a’zolari ekologiya agentligi olg’a surayotgan bu choralardan norozi, zero iqtisodiyot bundan qattiq ziyon ko’rishi mumkin. Lekin, deydi Jina Makarti, iqtisodiyot va sog’liqni saqlash tizimi uchun buning foydasi katta.

“Yechimini kutib yotgan masalani hal qildik, hisob. Havoni tozalashning eng samarali, tejamkor usulini qo’llayapmiz, axir”, - deydi Makarti.

Brendon zavodida esa ekolog va menejer Jon Kuinn “yangi qoida va o’zgarishlarda sekin-sekin ko’nikayapmiz”, deydi.

“Tartibni bilamiz. Aholi foydasini ko’zlagan holda ishlayapmiz”, - deydi u.

Bu kompaniya ilg’or fikrlab, yutdi. Havo toza bo’lsin deb hamkorlik qildi. Mana Amerikaning boshqa zavodlariga ham o’rnak bo’lmoqda, deydi ekologiya agentligi vakillari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG