Klinton va Tramp: Birinchi yuzma-yuz bahs

  • Amerika Ovozi

Oq uy uchun ikki yil oldin kurash boshlagan arboblar - demokrat Hillari Klinton va respublikachi Donald Tramp - bu marraga yetguncha ko'plab raqiblarni mag'lub etdi. Maydonda hozir ikkisi qolgan. 26-sentabr kuni ular ilk bor yuzma-yuz bahs qildi. Debat Nyu-York shtatining Hofstra universitetida kechdi.

Nomzodlarga berilgan birinchi savol: Ish o'rinlari yaratish bobida nima rejangiz bor va u nima uchun raqibingiznikidan kuchliroq?

Klintonning javobi shu bo'ldiki, Amerika yangi zamon talab qiladigan sanoatlarni o'stirishi, yangi ish o'rinlari yangi sohalarda vujudga kelishi kerak. Shuningdek, deydi u, o'rta sinfni kengaytiruvchi loyihalarga sarmoya qilish kerak. Inqirozga uchragan yo'nalishlarni qayta tiklash nafaqat kapital balki jiddiy e'tibor hamda bilim va qunt talab qiladi. Muqobil energiya va ilg'or texnologiya kabi sohalarda AQSh yetakchi va bu ustunlikni saqlab qolish bilan iqtisodiy kelajagini kafolatlaydi, deydi Klinton. Savdo va tijoratda ham omilkorlik va raqobatbardoshlikka urg'u berish zarur, deya undadi Klinton.

Tramp esa chet elga ko'chib ketayotgan korxona va fabrikalarni qaytarishga so'z berib, ish o'rinlari vatanda qolishi uchun keskin choralar ko'rishga shay ekanini aytdi. Xitoy Amerikadan nafaqat ishni balki sanoatlarni o'g'irlamoqda va Obama ma'muriyati o'tgan sakkiz yil ichida mahalliy iqtisodni himoya qilish uchun hech narsa qilmadi, deya tanqid qildi u. AQSh mag'lubiyatga o'rganib ketdi, hamma narsa Xitoydan kelayapti va Xitoyga ketmoqda, deydi u. Bu sharmandalik emasmi? Shtatlarni kezsangiz, kompaniyalar hamma narsasini yig'ishtirib xorijga otlanayotganini ko'rasiz, deya tasvirlaydi Tramp.

Klinton uning rejasi 10 million ish joyi yaratsa, Trampniki 3,5 million ish o'rinlarini boy beradi, deya bong urdi.

Trampning aytishicha, Klinton xalqni aldamoqda. U xususiy sektor ustidan nazoratni oshirib, soliqni ko'taradi, deydi respublikachi. Klinton fikricha, Tramp o'z dunyosida yashaydi va real hayotdan uzoq, sharoitni tushunmaydi.

"Boylarga soliqni oshirmoqchi ekanimni hech qachon yashirmaganman, chunki hozirgi tizim faqat ularning manfaatini ko'zlaydi", - deydi Klinton.

Prezidentlikka nomzodlar odatda soliq deklaratsiyasini ommaga oshkor etadi. Tramp hali bu ishni qilmadi. Klinton uni bu borada tanqid qildi. Tramp esa bir shart bilan bunga rozi bo'lishini aytdi. "Agar Klinton "30 ming elektron maktublarini oshkor etsa, men ham soliq bo'yicha hisobot beraman", - dedi u.

"Mening qancha soliq to'laganim jamoatchilikka uncha qiziq emas. Buning ustiga shirkatim har yili tekshiriladi, hozir ham auditdan o'tmoqda. Lekin Klinton davlat kotibi lavozimida ishlab yurganida shaxsiy elektron pochtasini ishlatib, maxfiy aloqa olib borgan va bu borada hisobot berishdan qochib yuribdi", - deya aybladi Tramp raqibini.

Klinton fikricha esa, Tramp soliq to'lamagani uchun ham bu boradagi hujjatlarni ko'rsatmayapti. Biznes yutuqlari haqida maqtanib, prezidentlikka loyiqligini da'vo qilayotgan shaxs, deydi Klinton, o'tmishda juda ko'p xatolarga, nohaqliklarga qo'l urgan. Uning qo'lida ishlagan odamlar - tirik guvohlar, deydi demokrat nomzod. Tramp bir necha bor bankrotga uchragan, yolg'onlarga asoslangan bizneslar yuritgan, deydi Klinton.

Bularning hammasi safsata, deydi Tramp, biznes qilgan odam xato qilishini, tavakkal qilish har doim ham muvaffaqiyatga yetaklamasligini biladi. Muhimi, deydi u, biznesda pishgan odam davlat ishini ham eplashi aniq, chunki konkret natijalar haqida o'ylaydi, quruq gap sotmaydi.

Ikkinchi savol: Irqchilikka qarshi qanday chora ko'rasiz?

Klinton deydiki, qonun ustuvorligini mustahkamlash lozim, bu degani jinoyat uchun javob berish lozim. Qora tanlilar huquqini buzish hollarini kamaytirishning asosiy yo'li jinoyatni yashirmasdan, javobgarni jazoga tortish. Tekshiruv va tergov jarayonini oydinlashtirishni talab qiluvchi yangi qoidalar joriy etish kerak. Adliya va jazo tizimidagi irqchilik uchun mas'ul odamlarni sudlash kerak, deydi Klinton. Hozirda ular turli qonuniy bahonalar bilan qutulib ketadi.

Tramp ham irqchilik chuqur ildiz otgan muammo ekanini tan oladi. Lekin amaliyotda Klinton bilan bir fikrda emas. Uning nazarida politsiyani kuchaytirish kerak. Butun tizimni isloh qilish kerak, deydi u. Tramp Klintonni politsiyaga qarshi nafratda ayblaydi. Demokrat nomzod azaldan huquq va tartibot tizimining dushmani bo'lib kelgan, deydi u. Klinton buni inkor etib, tizimni undan yaxshiroq bilishini, sistematik muammolar ko'p ekanini aytdi.

"Rahbarlik masalaga serqirra yondashishni talab qiladi, men prezidentlikka tayyorman va buning uchun uzoq tayyorlangan odamman",- dedi Klinton.

Tramp esa Klinton azaldan Amerika xalqi qo'ynini puch yong'oqqa to'ldirib keladi va unga ishonch juda past, deya ishonch bildirdi.

Uchinchi savol: Xakerlarga qarshi nima qilmoq zarur?

Klinton nazarida ayni damdagi xakerlik ishlari ortida Rossiya turibdi. Kremlning qilmishi bu, deya ishonch bildiradi u. Tramp esa Rossiya rahbari Vladimir Putinni mamlakatga taklif qilib, hatto xakerlikni ham yoqlab chiqdi, deydi Klinton.

Tramp bu yolg'on deydi. General va admirallar "meni yoqlab chiqayapti, agar xakerlar haqida noto'g'ri gapirganimda ular menga ergashmas edi",- deydi u. Tramp fikricha xakerlar kimligini hech kim bilmaydi. Balki Rossiya, balki Xitoy, balki umuman boshqa tomon, deya gumon qiladi respublikachi.

Kiber-xavfsizlik bobida AQSh hukumati aniq rejaga ega emas, Vashington bu borada no'noq, deydi Tramp.

To'rtinchi savol: "Islomiy davlat" va mahalliy terrorizmga qarshi qanday kurashasiz?

Har ikki nomzod uchun bu kurash eng dolzarb vazifa. Terror guruhlariga zarba berish kerak, ularni yo'q qilish uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'rmoq zarur va mahalliy yoshlar terrorchilarga qo'shilmasligi uchun omma bilan yaqindan ishlash kerak.

Tramp nazarida Barak Obama prezidentligi davrida Amerika xavfsizligi tahdid ostida qoldi. Klinton deydiki, Tramp nima deyayotganini bilmaydi.

Terrorizmga qarshi kurashda Amerika musulmonlari va dunyo bo'ylab musulmon davlatlar bilan hamkorlikni oshirish lozim, deydi Klinton.

Tramp esa shu paytgacha qilingan hamkorlik nima foyda berdi deya so'raydi.

Obama va Klinton musulmon-musulmon deydi-yu, aslida nima qilayotganini bilmaydi, deydi Tramp.

Respublikachi nomzod NATO doirasidagi hamkorlikni ham tanqid qilib, bu harbiy ittifoq uchun AQSh eng ko'p mablag' ajratsa-da, biror foyda ko'rmaydi, deya nolidi.

Klinton so'zlariga ko'ra, Tramp na NATO, na atom qurollari va na xalqaro hayot va siyosat nima ekanini tushunadi. Og'ziga kelganini gapirib o'rgangan odam qanday qilib dunyodagi eng qudratli davlatni boshqara oladi, deya so'raydi Klinton.

Tramp fikricha esa Klinton o'zini usta siyosatchi deb bilsa-da, "qilgan ishlariga qarab uning naqadar uquvsiz va vijdonsizligini ko'rsa bo'ladi".

Klinton davlat kotibi bo'lganida Amerikaning dushmanlari ko'paydi, davlatga nisbatan nafrat oshdi, deydi Tramp. Obama siyosati ko'plab mamlakatlarda pand berdi, deydi respublikachi, Liviya va Suriyadagi urushlarga ishora qilib.

Tramp: Klinton prezident bo'lishga yaroqli odam emas, zaif va ishonchsiz

Respublikachi nomzod poygaga kirganidan beri shunday deb keladi. Uning nazarida Klintonning demokrat nomzod etib tanlangani strategik xato. Klinton esa xalqaro maydonda va mahalliy siyosatda erishgan yutuqlariga ishora qilib, "qilgan ishlarimga qarang, vijdonan baho bering", deydi.

Tramp debat oxirida shunday dedi: "Agar Klinton yutib chiqsa, uni albatta qo'llab-quvvatlayman".

Har ikki nomzod hujjatsiz immigrantlar bilan bog'liq muammolarni hal etish ham asosiy vazifalardan biri, deya ta'kidladi. Biroq ular yuzasidan ham turlicha qarashga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG