Breaking News

Saylov va mulla jiring: Amerikada prezidentlik uchun kampaniya boshlandi


Prezident Barak Obama vitse-prezident Jo Bayden bilan
Prezident Barak Obama vitse-prezident Jo Bayden bilan

Amerikada kelasi yil prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Prezident har to’rt yilda saylansa, targ’ibot ishlari kamida bir yarim yil oldin boshlanadi.

Jarayonning ajralmas bir qismi bu moliya jamg’arish. Nomzodlar badavlat amerikaliklar orasida tarafdor izlaydi. O’rtamiyona fuqarolar ham o’zi ma’qullagan nomzodga qurbi yetgancha pul berib, uning saylov kampaniyasiga yordamlashadi.

Bu Amerikada juda takomillashgan bir jarayon. Saylov natijasini pul hal qiladi deyishadi, lekin bunga har doim ham guvoh bo’lavermaysiz.

Boy nomzodlar katta foizda yutqazgan hollar ko’p. Shunisi aniqki, g’olibmi-mag’lubmi, kampaniya da’vogarga juda qimmatga tushadi.

Barak Obama ikkinchi muddatga saylanmoqchi va targ’ibot ishlarini boshlab yuborgan.

“Bizni qo’llang” deganda, ham siyosiy, ham moliyaviy madad so’raladi.

2008 yilda 750 million dollar yiqqan Obama bu safar 1 milliard dollarga ko’z tikkan. Bunga erishsa, Amerika tarixida misli ko’rilmagan bir voqea bo’ladi. Rekord.

Bu albatta uning raqiblariga ham bosimni oshirib, saylov kampaniyasini yanada qizdirib yuborishi turgan gap. Bu yomon odat, deydi ayrimlar.

“Saylov desa faqat pul, pul, pul. Kim ko’p yig’sa marra o’shaniki…”, - deydi fuqarolar.

“Rasvogarchilik, menimcha. Vijdon, iroda qayerda qoldi?”

Lekin AQSh qonunlari bunga ruxsat beradi. Qurbi yetgan biznes va fuqarolar istagan nomzodiga moliyaviy yordam berishi mumkin. Pul to’plash oson emas, nomzod avval odamlar ko’ngliga, keyin hamyoniga yo’l topishi kerak.

“Menga yoqmaydigan tomoni shuki, nomzod kompaniya va lobbichilarning quliga aylanadi. Pul bergan ular, talabni qo’ygan ham ular. Bu narsa demokratiyamizni xavf ostida qo’yadi”, - deydi mana bu ayol.

Dag Kendall Konstitutsion Mas’uliyat Markazi degan tashkilot ochgan. Saylov jarayonida moliyaviy javobgarlik uchun kurashib kelmoqda.

“Bizneslar o’z foydasini ko’zlaydi. Ular fuqaro emas, biznes. Oliy Sudimiz ularga nomzodlarga xohlagancha pul berishing mumkin deb yo’l ochib qo’ygan. Biz bunga tubdan qarshimiz”, - deydi Kendall.

Obama 2012 yilda prezidentlikka qayta saylanish uchun tarafdorlaridan 1 milliard dollar yig'ishga bel bog'lagan
Obama 2012 yilda prezidentlikka qayta saylanish uchun tarafdorlaridan 1 milliard dollar yig'ishga bel bog'lagan

Qizig’i, prezident Obamaning o’zi Oliy Sudning bu qarorini qoralab chiqqan.

“Oliy Sud kompaniyalar, jumladan xorijiy bizneslarga ham saylov kampaniyalariga aralashishga ruxsat berib, vaziyatni murakkablashtirmoqda",- deydi Obama.

"Amerika saylov tizimida o’zining tor manfaatini ko’zlagan guruhlar uchun joy yo’q deb o’ylayman”.

Lekin Oliy Sud sharofati bilan Obama 1 milliard dollar yig’adi.

Nomzod uchun eng qimmatga tushadigan narsa bu televizion reklamalar. Saylanish uchun juda muhim, lekin efirga chiqish bahosi bag’oyat yuqori. Har bir soniya katta pul.

“Nomzodlar chorrahada turib, “menga ovoz bering” deydigan damlar o’tib ketgan. Saylanish uchun ommaviy axborot vositalarida o’zingizni reklama qilasiz, dasturingizni tushuntirasiz. Musobaqa, raqobat maydoni aslida o’sha yerda”, - deydi siyosatdon Deyv Levintal.

Barak Obama, Amerika tarixida shu kungacha ommadan eng ko’p moliyaviy madad ola bilgan siyosatchi.

Prezidentlikka qayta saylanish uchun zarur mablag’ni bemalol yig’a oladi, deydi siyosatdonlar. U bilan kuch sinashishga tayyor respublikachilar ham asta maydonga chiqmoqda.

XS
SM
MD
LG