AQShda prezidentlik poygasi: endi nima bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Respublikachilar va demokratlar qurultoylari tugadi, Hillari Klinton va Donald Tramp o’z partiyalaridan prezidentlikka nomzod sifatida tanlandi. Endi poyga yanada keskinlashadi.

So’nggi oylarda ikki arbob asosiy e’tiborini o’z partiyasi tarafdorlariga qaratib keldi. Ammo AQShda hech bir partiyaga a’zo bo’lmagan saylovchilar ko’payar ekan, bundan buyon ular mustaqil saylovchilar ko’nglini ovlash kerak.

Pul to’plash va sarflash

Klinton va Tramp olidida turgan asosiy vazifalardan biri – donorlardan kampaniya uchun pul yig'ish va bu maqsadda ularni o’z saylov dasturlariga ishontirish.

“Kampaniya uchun pul to'plash katta ahamiyatga ega”, - deydi demokrat strateg Penni Li. Turli shtatlarda kampaniya olib borilar ekan, xodimlarga maosh to’lamasa bo’lmaydi. Shunigdek, siyosiy reklamani kuchaytirish kerak, deya tushuntiradi u.

Federal saylov komissiyasiga ko’ra, iyul boshida Klinton kampaniyasi ixtiyorida 44 million, Trampnikida esa 20 million dollar bor edi. Klinton shu kungacha poyga uchun 230 million, Tramp esa 71 million dollar sarfladi.

Asosiy xarajatlar hali oldinda. Prezident Barak Obamaning 2012-yilgi kampaniyasi 775 million dollarga tushgan. Uning raqibi, respublikachi Mitt Romninikiga esa – 460 million.

Debatlar

Nomzodlar shtatma-shtat yurib, saylovchilar ko’nglini ovlashda davom etadi. AQShda ayrim shtatlarda aksar saylovchilar demokrat bo’lsa, boshqalarida - respublikachilar ustun. Ammo kim g'olib chiqishi noma'lum shtatlar ham bor, masalan, Florida, Ogayo va Pensilvaniya. Asosiy e’tibor aynan shularga qaratiladi.

Bundan tashqari, Klinton va Tramp o’rtasida debatlar ham rejalangan. Birinchisi – 26-sentabrda. Keyingilari 9-oktabr va 19-oktabr kunlari bo’lib o’tadi. Vitse-prezidentlikka nomzodlar respublikachi Mayk Pens va demokrat Tim Keyn ham 4-oktabr kuni sahnada bellashadi.

To'qson daqiqalik debatlarni butun mamlakat bo’ylab televizor orqali tomosha qilish mumkin.

Uchinchi partiya nomzodlari ham bunday bahsda qatnashish imkoniga ega. Faqat, qonunga ko’ra, buning uchun ular beshta milliy so’rovda kamida 15 foizdan ovoz olishi shart. Hozircha Libertarianlar partiyasidan Geri Jonson 5-10 foiz ovoz olmoqda. Qolganlari undan ham kamroq.

Salbiy fikrni o'zgartirish

Debatlardan keyin fuqarolarni saylov uchastkalariga borib, ovoz berish kerakligiga ishonitish lozim. 2012-yilda ovoz berish huquqiga ega amerikaliklarning 55 foizi saylovda qatnashgan. Saylov 9-noyabr seshanba kuni bo’lib o’tadi. Bu dam olish kuni emas. Yarim kechaga borib g’olib ismi ma'lum bo'ladi, lekin rasmiy natija 6-yanvar kuni e'lon qilinadi.

Saylov kunigacha har ikkala nomzod o’zi haqidagi salbiy fikrlarni o’zgartirishga harakat qilishi kerak.

“Tramp o'zini prezidentga o’xshab tuta boshlamasa bo’lmaydi. “Twitter” orqali odamlarni haqorat qilishni bas qilsin. Klinton haqida gapiradigan bo’lsak, u shaxsiy tarafini ko’rsatishi lozim, o’zining insoniy fazilatlarini namoyish qilsin, odamlarni o’ziga ishontirsin”, - deydi Penni Li.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG