Afg'oniston va Rossiyadagi o'zgarishlar Amerika matbuoti sahifalarida

  • Amerika Ovozi

Moskvada tartibsizliklar

Moskvada tartibsizliklar

AQSh matbuotining yoritishicha, Afg'onistonda neft sanoati yo'lga qo'yilsa, iqtisodiy ahvol tezroq yaxshilanishi mumkin.

"Vashington Post" gazetasining xabar berishicha, Afg'oniston shimolida mahalliy kompaniya Sari Pol viloyatidagi Angot konidan xom neft chiqarish bo'yicha hukumat e'lon qilgan tenderda g'olib chiqdi. Konning kichik qismi Amu-Daryo bo'yida joylashgan bo'lib, izlanishlar xulosasiga ko'ra u yerda 80 million barrel neft bo'lishi mumkin. Qolgan qismi esa afg'on-tojik chegarasida. 2006-yilda 1,5 milliard barrel xom neft borligi aniqlangan.

Iroq va Afg'onistonda tiklanish ishlariga mas'ul Pentagon rasmiysi Pol Brinklining aytishicha, Afg'onistonning neft ishlab chiqaruvchi davlatga aylanishi mahalliy iqtisodiyot uchun yaxshi. Ish o'rinlari yaratiladi, mamlakatga investitsiyalar kiritiladi.

Angot konidan kuniga 800 barrel neft olish mumkin. Bu oyiga bir million dollar foyda degani. Hukumat bahorda Amu-Daryo bo'yidagi yana to'rt kondan neft olish uchun tender o'tkazmoqchi.

"Vashington Tayms" Rossiya-NATO aloqalariga e'tibor qaratar ekan, Qo'shma Shtatlar ba'zi masalalarda Kremlga yon bosib, Rossiyani kuchaytirmoqda, deb yozadi.

"Rossiya NATO va AQShning jahondagi ta'sirini susaytirmoqchi. Kreml NATOni o'zining impercha maqsadlariga to'siq deb bilgani uchun uni tahdid deb ataydi", deb yozadi gazeta. Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev G'arbdan alyansni sharq tomon ortiq kengaytirmaslikni talab qilib, aks holda u bilan hamkorligini to'xtatishi haqida ogohlantirgan.

Yaqinda Lissabondagi NATO sammitida Rossiya bir necha shart qo'ygan. Ularga ko'ra, alyansga kirgan yangi a'zo-davlatlar NATO uchun ajratgan qo'shinlari sonini 3 mingdan oshirmasligi, mojaro paytida NATOga qo'shimcha askar kerak bo'lsa, Rossiya roziligini olishi lozimdir. Ya'ni bu Rossiya alyansga a'zo davlatga hujum qilsa ham Kreml roziligisiz aralasha olmaydi degani.

Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi borasida Rossiya kiritgan takliflar ham, gazeta nazarida alyans va G'arbni zaiflashtirishga qaratilgan. Jumladan, Kreml Yevropani ikki qismga bo'lib, birining xavfsizligiga AQSh, ikkinchisinikiga esa Rossiyani mas'ul qilish kerak, deydi.

"Vashington Tayms" Medvedev siyosatini "inson qiyofasidagi imperializm" deb ta'riflaydi.

Afg'oniston masalasida, deyiladi maqolada, Rossiya AQShga omad tilamaydi. Aks holda NATOning Markaziy Osiyoda ta'siri kuchayishi mumkin. Rasmiy Vashington Afg'onistonda qancha chuqur botsa, shuncha ko'p resurs sarflab, Rossiya yon-atrofida faoliyati cheklanadi, deb yozadi "Vashington Tayms".

Amerika yetakchi gazetalaridan biri "Nyu-York-Tayms" Rossiyaning ikki yirik shahrida shu hafta sodir etilgan etnik zo'ravonliklarga ham diqqat qaratmoqda.

O'tgan shanba kuni Moskvada Qizil Maydon yonida rus yoshlari to'planib, Markaziy Osiyo va Kavkaz vakillariga hujum qilgan. Yakshanba kuni rus millatchilari avtobus bekatida turgan 37 yoshli qirg'izistonlik ishchi migrantni pichoqlab o'ldirgan.

Prezident Medvedev televideniye orqali etnik zo'ravonliklarni qoralab, huquq-tartibot organlariga bunday illatga qarshi murosasiz chora ko'rishni buyurdi.

Shu hafta etnik ozchilikdagi millatlar vakillariga qarshi 40 dan ziyod hujumlar qayd etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG