"Nyu-York Tayms": Xitoy Markaziy Osiyoda faollashmoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoy mollari

Xitoy mollari

Xitoy xalq ozodlik armiyasi generali Lyu Yajou Markaziy Osiyoni Xitoyga osmondan tushgan tuhfaning katta bir bo'lagi deb ta'riflaydi.

Xitoy Markaziy Osiyoda turli sohalarda faolligini oshirmoqda. Mintaqani tashqi siyosatidagi ustuvor yo'nalishlardan deb biladi. Afg'onistonda esa bir guruh rasmiylar qo'shni Pokistondan Tolibon bilan muloqotni yo'lga qo'yishda yordam so'ramoqda.

"Nyu-York Tayms" gazetasining xabar berishicha, Xitoy Markaziy Osiyoga eksportini oshirishda davom etar ekan, Tojikiston bilan chegarada yangi bojxona qurilishi yakunlanmoqda. Ishga tushishi bilan Xitoydan yuk tashiyotgan mashinalar soni ko'payishi kutilmoqda. Chin mamlakati bir vaqtlar Rossiya nazorati ostidagi yurtlarga kirib bormoqda, deb yozadi gazeta.

Markaziy Osiyo rivojlanib borayotgan va energetik resurslarga talabi oshayotgan Xitoy uchun muhim yonilg'i manbaidir hamdir. Xitoy hukumati mintaqa davlatlari poytaxtlarida xitoy tilidan saboq berish maqsadida Konfutsiy institutlarini ochgan.

Xitoy xalq ozodlik armiyasi generali Lyu Yajou Markaziy Osiyoni Xitoyga osmondan tushgan tuhfaning katta bir bo'lagi deb ta'riflaydi.

Ba'zi kuzatuvchilar nazarida Qo'shma Shtatlar Markaziy Osiyo, Hindiston va Afg'oniston bilan harbiy hamkorlikni oshirib, Xitoyni o'rab olmoqchi. O'z navbatida Xitoy ham mintaqada faollashib, sentabr oyida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida Qozog'istondagi harbiy mashqlarda ishtirok etdi.

Wikileaks sahifasida chop etilgan AQSh maxfiy hujjatlariga ko'ra, Xitoy Qirg'izistonga AQSh harbiy bazasini yopish evaziga 3 milliard dollar va'da qilgan.

Amerika rasmiylariga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Xitoyning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy faolligiga qarshi emas, biroq bu faoliyat va sarmoyalarning tiniq emasligi xavotirga sabab, deydi ular.

Mintaqadagi ayrim mamlakatlar aholisi xitoyliklar faolligidan tashvishda. Masalan, Qirg'iziston va Qozog'istonda. Xitoy o'z mollarini Markaziy Osiyoga sotibgina qolmay, ularni Rossiya va Yevropaga o'tkazishda mintaqadan tranzit sifatida ham foydanaladi.

Rasmiy Pekin Markaziy Osiyo davlatlariga iqtisodiy yordam berish maqsadida 10 milliard dollar ajratgan. Olim Vu Xonveyning "Nyu-York Tayms" ga aytishicha, mintaqaning tinch va farovon bo'lishi Xitoy iqtisodiy o'sishi uchun muhimdir.

* * *

"Vashington Post" gazetasi afg'on-Pokiston munosabatlariga to'xtalar ekan, o'tgan yili Tolibon bilan tinchlik yo'lida muloqot qilish maqsadida tuzilgan kengashning 17 nafar a'zosi qo'shni Pokistonga yo'l olgani haqida xabar beradi.

Guruh Pokiston prezidenti va bosh vaziri bilan uchrashadi, ammo hukumatdagi partiyalardan biri koalitsiyadan chiqqach, har ikkisining siyosiy kelajagi savol ostida. Afg'oniston rasmiylari nazarida Pokiston yordami va tinchlik jarayonidagi ishtiroki mamlakat barqarorligi uchun juda muhim.

Biroq Islomoboddagi hukumat siyosiy inqirozga yuz tutar ekan, Afg'oniston masalasi keyingi planga surilishi mumkin. Afg'oniston tinchlik kengashiga sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy rahbar etib tayinlangan. So'nggi bir necha oy ichida kengash a'zolari viloyatlarga safar qilib, hokimlarni jangarilar bilan muloqotga da'vat etgan. Xurujlarda qo'li yo'q, al-Qoidadan uzoq toliblarni jamiyatga qaytarish kengashning asosiy maqsadi.

70 a'zolik guruhga ko'zga ko'ringan siyosatchilar va oqsoqollardan tashqari sobiq dala qo'mondonlari ham kirgan. Afg'oniston qo'shni Pokistonni Tolibon rahbarlariga boshpana berib, ularni qo'llab-quvvatlaganlikda ayblab keladi. Rasmiy Islomobod ayblovlarni inkor etadi. Shu sabab tinchlik kengashining Pokistonga tashrifi muhim ahamiyat kasb etadi, deb yozadi "Vashington Post".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG