Breaking News

"Vashington Tayms": Qirg'izistonga nima bo'ldi?


Markaziy Osiyoda "demokratiya oroli" deya bir vaqtlar e'tirof etilgan davlat qanday qilib xato yo'lga kirdi?

AQSh matbuoti Markaziy Osiyoga nigohini qaratar ekan, ikki asosiy muammoni ko’tarib chiqadi. “Vashington Tayms” bir paytlar mintaqada “demokratiya orolchasi” bo’lgan Qirg’iziston nega bu yo’ldan og’ganini tahlil qilsa, “Nyu-York Tayms” nazarida Qozog’istonda AQSh tamaki kompaniyasi yosh bolalarning dalada ishlatilishiga ko’z yummoqda.

“Vashington Tayms” maqolasi “Qirg’iziston qanday xatoga yo’l qo’ydi” degan savol bilan boshlanib “Takroriy zo’ravonliklarning oldini olish uchun xalqaro hamjamiyat nima qilishi kerak” degan savol bilan davom ettiradi.

Gazeta ta’biricha, asosiy xatolardan biri muvaqqat hukumatning hokimiyatdan ag’darilgan prezident Qurmanbek Bakiyevga sodiq odamlarni lavozimlaridan imkon qadar tez chetlatmaganida bo’lgan. Natijada armiya va militsiya tizimlarida Bakiyev tomonidan bir vaqtlar mas’ul lavozimlarga tayinlangan shaxslar mamlakatni tartibsizlik girdobiga tortdi. Roza Otunbayeva hukumati respublika boshqaruvini qo’lga olib, tartib va nazorat o’rnatish o’rniga, yangi konstitutsiya bo’yicha munozaralarga zo’r berdi, deb yozadi “Vashington Tayms”.

Maqolada AQSh, Xitoy va Rossiya kabi qudratli davlatlarning voqealarga nisbatan passiv munosabati ham tanqidga olinadi.

“Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi operatsiyalar uchun muhim bo’lgan “Manas” aviabazasidan foydalanish maqsadida hokimiyatga kelgan har bir yangi kuch bilan ijobiy aloqani ushlab turishga intildi. Markaziy Osiyoda o’z mollariga yaxshi bozor topgan Xitoy savdo ishlaridan chalg’igisi kelmadi. Kavkazda o’ziga yarasha muammolarga ega hamda Gruziya bilan yangi to’qnashuv ehtimoliga tayyorgarlik ko’rayotgan Rossiya esa yana bir mojaro unga kerak emasligini bildirdi”, deb yozadi “Vashington Tayms”.

“Agar Qirg’iziston davlat sifatida jarga qulashni istamasa, qonun ustuvorligini ta’minlab, fuqarolari xavfsizligiga jiddiy e’tibor berishi kerak. Buning uchun esa mamlakatga zudlik bilan tinchlikparvar qo’shinlarni kiritish, o’z militsiya va qurolli kuchlarini esa isloh qilib, kuchaytirish, iqtisodiyotni jonlantirish lozim”.

Gazeta nazarida tinchlikparvar kuchlar AQShdan bo’lmasa ham, Qo’shma Shtatlar hukumati bu qarorni qo’llab-quvvatlashi zarur. “Va nihoyat”, deya xulosa qiladi “Vashington Tayms”, “qo’shni davlatlar jim qarab turmasligi kerak, chunki yuz minglab begunoh odamlar hayoti xavf ostida”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG