Pentagon va Markaziy Osiyo: Sizdan ugina, bizdan bugina

  • Amerika Ovozi

Bugun harbiy yukning 40 foizi shimoldan, O’zbekiston, Qozog’iston va boshqa davlatlar territoriyasi orqali olib o’tiladi

Bugun harbiy yukning 40 foizi shimoldan, O’zbekiston, Qozog’iston va boshqa davlatlar territoriyasi orqali olib o’tiladi

Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi qo’shinlariga Markaziy Osiyo respublikalari orqali ko’proq yuk olib o’tishni istaydi.

Mintaqa rahbarlari bilan bu borada muzokara ketmoqda. Bunga asosiy sabab Vashington-Islomobod aloqalari so’nggi payt sovuqlashganidir.

Pokiston uning hududidan o’tgan ta’minot yo’llarini yopib qo’yishi mumkin. Shohruh Hamro matbuotni sharhlaydi.

Afg’onistonda 100 ming sonli amerikalik qo’shin Tolibon va al-Qoida bilan olishayapti. Ularga yonilg’i, oziq-ovqat va boshqa zarur anjomlarni yetkazishda Pokiston strategik rol o’ynaydi.

Biroq bugun harbiy yukning 40 foizi shimoldan, O’zbekiston, Qozog’iston va boshqa davlatlar territoriyasi orqali olib o’tiladi.

“AQSh Mudofaa vazirligi Pentagon tranzit ulushini yil oxirigacha 75 foizga yetkazishni maqsad qilgan”, - deb yozadi “Vashington Post” gazetasi.

O’zbekiston Shimoliy Ta’minot Tizimining (Northern Distribution Network) muhim qismi sifatida Amerikaga bu borada katta ko’mak ko’rsatayotgan davlat. Afg’onistonga shimoldan kelayotgan yukning 80 foizi respublika orqali o’tadi.

Rasmiy Toshkent va qo’shni davlatlar ikki cheklov qo’ygan.

Birinchisi, o’q-dori va qurol-aslaha olib o’tishga ruxsat yo’q. Ikkinchisi, yuk faqat bir tomonga harakatlanadi, ya’ni urush maydonidan hech nimani qayta olib chiqish mumkin emas.

Pentagon rahbariyati mazkur cheklovlarni bekor qilish borasida muzokara boshlagan.

Kelasi yilgacha Afg’onistondan 33 ming askarini olib chiqayotgan Amerikaga bu katta yordam bo’lardi, deydi rasmiylar.

“Ochig’ini aytsam, O’zbekiston Pentagon xavfsiz deb biladigan, muqobil yo’nalishlar markazida yotgan mamlakat. Islom Karimov ma’muriyati buni juda yaxshi biladi”, - deydi harbiy ekspert Aleksandr Kuli.

Harbiy hamkorlikni oshirish bosh maqsad ekan, AQSh diplomatlari Toshkentga tez-tez qatnaydigan bo’lib qolgan. Xalqaro maydonda esa tanqidlar kuchayib bormoqda.

Huquq himoyasi bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar, qolaversa AQSh Davlat departamenti O’zbekistonni so’z va matbuot erkinligi o’ta cheklangan davlatlar qatoriga qo’shadi. Kuchli repressiya ostidagi jamiyatlar ro’yxatida mamlakat deyarli har yili o’ntalikdan joy oladi.

“Obama ma’muriyati O’zbekiston bilan muloqotda huquq masalasini doimo ko’taradi, lekin Afg’oniston bo’yicha hamkorlik baribir ustun keladi”, - deydi Tomas Anderson, Shimoliy Ta’minot Tizimi bo’yicha izlangan olim.

Internetda fosh etilgan maxfiy diplomatik hujjatlardan shunisi ayonki, bunday achchiq tanqidlar Karimov rahbariyati uchun nozik masala.

“Hamkorlik qilishni istasa, Vashington talab va tanqidlarni yumshatishi kerak deb uqtirilgan”, - deyiladi “Vashington Post” nashri chop etgan maqolada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG