"Ozodlik uyi": Markaziy Osiyoda matbuot erkinligi yo'q. Yaqin Sharqda esa xalq jurnalistikasi kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

"Ozodlik uyi": Markaziy Osiyoda matbuot erkinligi yo'q. Yaqin Sharqda esa xalq jurnalistikasi kuchaymoqda

"Ozodlik uyi": Markaziy Osiyoda matbuot erkinligi yo'q. Yaqin Sharqda esa xalq jurnalistikasi kuchaymoqda

Joriy hafta Xalqaro matbuot erkinligi kuni nishonlanar ekan, inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi "Ozodlik uyi" (Freedom House) tashkiloti jahonda matbuot erkinligiga doir yillik hisobotini chiqargan.

Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar matbuot erkinligi yo'q 63 mamlakat safiga kiritilgan.

"Ozodlik uyi" Qirg'izistonda qabul qilingan ayrim qonunlar sabab ijobiy qadam qo'yilganini qayd etadi.

Tashkilot 196 davlatda ahvolni o'rganib, mamlakatlarni maxsus jadvalga joylashtirgan.

Eng quyi pog'onadan Turkmaniston, 194-o'rindan esa O'zbekiston joy olgan. Bu ikki davlat "yomonlarning yomoni" ro'yxatiga kirgan 10 davlat jumlasidandir ham. Bunday mamlakatlarda mustaqil matbuot deyarli yo'q yoki umuman faoliyat yurita olmaydi.

"Yomonlarning yomoni"ga, shuningdek, Belarus, Birma, Kuba, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Eron, Liviya va Shimoliy Koreya kiritilgan.

Yaqin Sharqda ham 2010-yilda ahvol ayanchli bo'lgan, ammo 2011-yil boshida qator ijobiy jarayonlar ro'y berib, ahvol yaxshilanmoqda. Ayniqsa xalq g'alayonlari sodir bo'lgan va bo'layotgan mamlakatlarda an'anaviy va davlat matbuoti rolini oddiy fuqarolar bajarmoqda.

Norasmiy axborot vositasiga aylangan internetdagi ijtimoiy sahifalar, uyali telefonlar va internet mustaqil va xolis axborotdan bebahra qolgan odamlarni ma'lumot bilan ta'minlashda muhim rol o'ynadi. Buni Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi so'nggi voqealardan ham bilsa bo'ladi.

Yil boshida arab dunyosini namoyishlar qamrab olganidan beri dunyo hamjamiyati u yerda bo'layotgan voqealarning katta qismini havaskor video tasvirlar va suratlardan o'rganmoqda. Oddiy odamlar qo'l telefonlari yordamida bo'layotgan jarayonlarni yozib olib, internet orqali butun dunyoga tarqatmoqda.

Vashingtondagi Jorjtaun universiteti tahlilchisi Odil Iskandarning aytishicha, oddiy fuqarolar olgan video tasvirlar va suratlar hamda ijtimoiy axborot vositalari namoyishlarni uyushtirishga hamda ularni dunyoga ko'rsatishda yordam berdi.

"Ular o'ziga yarasha jurnalist bo'ldi. Ayniqsa muxbirlar yo'q Suriyada. Dunyo u yerdagi voqealarni aynan shu vositalar, shu odamlar orqali o'rganmoqda", - deydi u.

Ommaviy namoyishlar natijasida Misr va Tunisda hukumatlar almashdi. Boshqa mamlakatlarda esa avtokratik tuzumlarga qarshi chiqishlar davom etmoqda.

Freedom House vakili Kortni Redshning aytishicha, arab dunyosida uyali aloqa xizmati rivojlanib, faollar qo'lida kuchli qurolga aylandi.

"Namoyishlar yoki politsiya zo'ravonliklarini uyali telefonda suratga olib yoki videoga tushirib, internetga qo'yish osonlashdi. Buning uchun kompyuter ham kerak bo'lmay qoldi", - deydi tashkilot vakili.

Odil Iskandarning aytishicha, Suriyadan kelayotgan video tasvirlar va suratlarni ko'plab internet sahifalarida topsa bo'ladi. Ulardan biri Facebook.

"Al-Jazira, al-Arabiya va boshqa teletarmoqlar Suriyada oddiy fuqarolar olayotgan axborotga tayanmoqda. Bahrayn, Misr va boshqa joylarda ham shu ahvol kuzatildi", - deydi u.

Jurnalist rolini bajarayotgan fuqarolar hissasi katta, deydi Kortni Redsh, ammo bu bilan an'anaviy jurnalistika yo'qolmaydi.

"Kundalik siyosiy yoki iqtisodiy voqealarni yoritishga kelganda tasodifiy, ko'chadagi odamlar bergan axborotga tayanib bo'lmaydi. Xalq jurnalistlari an'anaviy jurnalistika qo'li yetmagan yoki yoritishga ojiz joylarda as qotadi", - deydi Freedom House vakili.

Ijtimoiy axborot vositalari kuchiga qaramay, uning o'ziga yarasha chegarasi bor. Masalan, Misrdagi chiqishlar paytida hukumat internetni o'chirib qo'ydi. Tunisda esa namoyish tashkilotchilarining Facebook dagi sahifalariga xakerlar hujum qildi.

Biroq, deydi tahlilchilar, hukumatlarga bu cheklovlar yordam bermadi. Ko'cha namoyishlari avjiga chiqdi. Bundan tashqari internet o'chiqligi natijasida Misr hukumati kam savdo qilib, 90 milliard dollar zarar ko'rdi.

"Inson irodasini bukib bo'lmaydi. Biror narsaga ahd qilibdiki, uni hech kim to'xtata olmaydi", - deydi Iskandar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG