Matbuot erkinligi - uzviy huquq, O'zbekistondagi vaziyatga sharh


Matbuoti erkin bo’lmagan jamiyat taraqqiy eta olmaydi. Fuqarolari erkin nafas olmagan davlat sog’lom muhit emas, deya bong urmoqda 3-may Xalqaro matbuot erkinligi kunida dunyo ahliga murojaat qilayotgan tomonlar.

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi (Committee to Protect Journalists) nazarida 10 davlat axborot vositalari va ularning xodimlarini tazyiqqa olishda birinchi o’rinda: Eritreya, Shimoliy Koreya, Suriya, Eron, Ekvatorial Gvineya, O’zbekiston, Birma, Saudiya Arabistoni, Kuba va Belarus.

Bilish, erkin axborot olish – insonning uzviy huquqlaridan biri.

Matbuot erkinligi haqida gap ketganda, O'zbekiston hukumati mamlakatda qancha axborot vositasi borligini qayd etadi. Lekin gap sonda emas, sifatda. Jurnalistlar xalqni qiynayotgan masalalarni bemalol yorita oladimi?

Matbuot erkinligi haqida gap ketganda, O'zbekiston hukumati mamlakatda qancha axborot vositasi borligini qayd etadi. Lekin gap sonda emas, sifatda. Jurnalistlar xalqni qiynayotgan masalalarni bemalol yorita oladimi?

Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi direktori Joel Saymonning (Joel Simon) bayon qilishicha, hukumatlar matbuot xodimlarini siquvga olishga shu qadar o’rganib ketganki, nomigagina qabul qilingan qonunlarni ro’kach qilib, o’z siyosatini oqlashda davom etaveradi. Konkret talablar va choralar haqida og’iz ochmaydi.

Xorijiy muxbirlar kiritilmaydi. Mahalliy jurnalistlar qonun ularni himoya qilishiga ishonmaydi. Boshqaruvning ra'yiga qarab faoliyat yuritadi.

Axborot vositalari erkinligi haqida so’ralganda rasmiylar shu paytgacha qancha qonun qabul qilingani-yu, mamlakatda qancha nashr, telekanal va radio borligini aytish bilan cheklanadi. Gap sonda emas, sifatda. Odamlar bu manbalardan nima olmoqda?

Eritreyadan tortib, Saudiya Arabistonigacha, O’zbekistondan Shimoliy Koreyagacha, hammasi yopiq jamiyatlar, deya ta’riflaydi Joel Saymon. Hukumatlar buni qanchalik rad etmasin, oddiy xalqning o’ziga bu oydek ravshan.

O’zbekistonda mustaqil axborot vositalari yo’q, deyiladi Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi hisobotida.

Chet el matbuotiga ishlaydigan jurnalistlar bosimga uchraydi, sudlanadi, qamaladi. Qamalmasa, vatanni tark etishga majbur bo’ladi, chunki ular uchun mamlakatda hamma eshiklar yopiq. O’zbekistonda tanqidiy material yozgan jurnalist odatda tuzumga qarshi harakat yoki jamoat tartibiga raxna solish degan ayblovlar bilan yuzlashadi. Bu insonlarga xalq dushmani degan tamg’a bosiladi. O’zbekistonda hozir kamida 10 jurnalist panjara ortida. Hukumat senzura 2002-yildayoq rasman bekor qilinganini ta’kidlaydi, prezident Islom Karimov o’z murojaatlarida jurnalistlarni dadilroq bo’lishga, professional ishlashga undab keladi, lekin u boshliq tuzumga nisbatan qo’rqinch shu qadar kuchliki, jurnalist yangilik yoki muammoni bemalol yorita olmaydi, mutasaddilarni savolga tutishga haddi sig’maydi.

Shu yilning 6-aprelida Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi yosh jurnalist Yelena Bondarni milliy, irqiy, etnik, diniy nafrat uyg’otuvchi materiallar tayyorlaganlikda aybdor deb topib, unga 6 million 900 ming so’m jarima soldi. Yelena Bondar fergananews.com saytida ijtimoiy mavzudagi maqolalari bilan tanilgan, ya’ni jamiyatning turli qatlamlarini tubdan qiynab kelayotgan masalalarni yoritadi.

Vashingtonda asoslangan “Freedom House” (Ozodlik uyi) vitse-prezidenti Kristofer Voker (Christopher Walker) deydiki, O’zbekiston hukumati yoki ommasi buni tan oladimi-yo’qmi, respublika bugun nafaqat Markaziy Osiyo balki global miqyosda “erkinlik keskin cheklangan” jamiyatlardan biri.

“ Jurnalistika sistematik ravishda nazorat qilinadi va hukumatga yoqmaydigan narsa yozgan jurnalist qilmishi uchun javob beradi. Bu oddiy haqiqat. Bu sistematik va konkret repressiya", - deydi mutaxassis.

"O’zgacha fikrlovchi odamlarga toqat yo’q. Bu taraqqiyot yo’lida katta to’siq. Xalqaro hamjamiyat buni ko’rib turibdi va unga ko’z yuma olmaydi. Boshqa davlatlar O’zbekiston hukumatiga muammoni eslatib turishi, vaziyatni o’zgartirishga undashi lozim. O’zbekiston rahbariyati xalqni bu erkinlikdan ayira olmaydi. Bu uzviy huquq”, - deydi Kristofer Voker.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG