O'zbekiston: Matbuotchilar kunida qamoqdagi jurnalistlar eslanmadi


Toshkent ko'chalarida

Toshkent ko'chalarida

Xalqaro tashkilotlar rasmiy Toshkentdan qamoqdagi jurnalistlar ozod etilishini talab qilmoqda. Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita (CPJ) bugun bayonot chiqarib, Solijon Abdurahmonov taqdirini eslatdi. "Chegara Bilmas Muxbirlar" ham jurnalist og'ir ahvolda deya uni chiqarishga undamoqda.

Davlat Matbuotchilar kunini bayram qilsa-da, mamlakatda so’z erkinligi bo’g’ilgan, jurnalistlar ta'qib ostida.



"Cheraga Bilmas Muxbirlar" tashkilotiga ko'ra, Abdurahmonov sog’ligi keskin yomonlashgani bois "Sangorod" qamoqxonasiga ko’chirilgan.

Matbuotchilar kuni arafasida chiqarilgan bu bayonotda kasbiy faoliyati uchun 10 ga yaqin jurnalist qamoqda qolayotgani ko’rsatiladi.

O’zbekistonda bu murojaat qamoqdagi hamkasblar taqdirini eslatuvchi ojiz bir ishora sifatida ko’riladi.

Bu jurnalistlarning ayrimlari salkam 15 yildirki jazo muddatini o’tayapti, ayrimlari qamoqqa olinganiga undanda ko'p bo’lgan. Ularning "jinoyatini" birlashtirib turgan asosiy nuqta esa jurnalistikadir.

Mustaqil jurnalistlardan biriga ko’ra, hamkasblar va, umuman, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi uchun ham matbotchilar kuni so’z erkinligi yoki qamoqdagilar taqdirini eslash bilan emas, ko’proq hukumat olqishi va prezidentning tabrigi blan muhim ko’riladi.

"Prezident qutlovi esa asosan matbuot ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qilib keldi", - deydi u.

Farg’onalik jurnalist Bahodir Eliboyevga ko’ra, uning uchun hukumat tabrigi muhim emas, asosiysi ishlashga halaqit berishmasa bo’ldi.

"Aslida bunaqa tabriklar hech narsaga xizmat qilmaydi, oddiy rasmiyatchilikdan boshqa narsa emas. Shaxsan menga bunaqa e’tibor kerak emas, jurnalistikada ishlashimga halaqit berishmasa bo’ldi. Mana, Farg’onaga borib keldim, aholining kayfiyatini ko’rdim, hech kimning ishi yo’q jurnalistika kuni bilan. Tabriklaydimi, yo’qmi, bundan hech kim xafa ham emas, hammaning xayoli non topishda", - deydi u.

O’zbekiston so’z erkinligi bo’g’ish bo’yicha dunyodagi sanoqli davlatlardan biriga kiradi. Mustaqil matbuot yo’q, hukumatning bevosita nazoratidan tashqarida bo’lgan internet saytlariga to’siq qo’yilgan.

Hukumat ta'qibi mamlakatda mustaqil jurnalistlarni deyarli qoldirmadi, ko’plar xorijga chiqib ketishga majbur bo’lgan, ayrimlari qamoqqa olindi.

O’zbekistonda bugun bevosita jurnalistikadagi faoliyati uchun qamalgan 10 dan ortiq jurnalist bor. Ular taqdiri har doim ham muhokamada emas.

"Qamoqdagi jurnalistlarni oladigan bo’lsak, albatta, jurnalistlar o’rtasida hamkasblar eslanadi, ularning taqdiri qiziq, lekin ovoz ichkaridan tashqariga chiqarilmaydi, birrov eslanib darhol unitiladi. Qamoqdagi jurnalistlardan bittasi Xayrulla Hamidov. U ko’pchilikka diniy ma’ruzalar bilan tanildi, vaholanki, sport sharhlovchisi ham edi, o’shani butun O’zbekiston hozirgacha eslaydi", - deydi Eliboyev.

"Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti O’zbekistonda o’z kasbiy faoliyati uchun qamoqda o’tirgan va ozod etilishi talab qilingan jurnalistlarning ro’yxatini taqdim etadi:

Solijon Abdurahmonov, Xayrulla Hamidov, Dilmurod Sayyid, Bahrom Ibrohimov, Davron Qobulov, Ravshanbek Vafoyev, Abdulaziz Dadaxonov, Botirbek Eshqo’ziyev, Yusuf Ro’zimurodov, Muhammad Bekjon.

Bu jurnalistlar O’zbekiston matbuotidagi mustaqil faoliyati uchun turli ayblovlar bilan qamalgan.

Kecha AQShning 12 senatori siyosiy mahbuslarni ozod qilish talabi bilan O’zbekiston prezidenti Islom Karimovga murojaat qildi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG