Assadning Britaniyadagi mulkiga nima bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Assad oilasi, 1990-yillar boshida. Prezident Hofiz al-Assad, rafiqasi va farzandlari.

Ispaniya va Fransiyada Suriya rahbari Bashar al-Assadning amakisi Rifaat al-Assadga tegishli mulklar muzlatilgan. Millionlab dollarga teng boylik, deydi rasmiylar. Britaniya hozircha jim.

Ispaniya va Fransiya prokuraturalarining bildirishicha, Assad moliyaviy jinoyatlar orqali yaratgan yarim milliard dollarga yaqin miqdordagi biznes imperiya tarixi 1980-yillarga borib taqaladi.

Rifaat al-Assad o'sha davrlarda akasi Hofiz al-Assadning o'rinbosari bo'lgan hamda maxsus kuchlarga boshchilik qilgan. Prezident Assad buyrug'i bilan 1982-yilda Hama viloyatida hukumatga qarshi qozg'olon qurol bilan bostirilgan. Muxolifat qirib tashlangan. Qatliomda 40 ming kishi halok bo'lgan. Rifaat al-Assad bu jinoyatlarni hozirgacha o'z bo'yniga olmay keladi.

Yillar o'tib, u akasini hokimiyatdan ag'darishga uringanlikda gumon qilindi. Vatanidan qochib, Yevropadan panoh topdi.

“Bu inson 30 yildan beri surgunda",- deydi Kris Doyl, ingliz siyosatdoni. "U o'z xalqini yoppasiga qirgan sobiq qo'mondon".

O'tgan hafta Ispaniya politsiyasi Rifaat al-Assadning bu mamlakatdagi uyini tintuv qilgan. 740 million dollarga teng mulk musodara etilgan. 500 dan ortiq mulk haqida gap ketmoqda.

Rifaat al-Assad Suriyadan 300 million dollar o'marganlikda ayblanadi. Hech kim hozircha hibsga olinmagan.

Rifaat al-Assad,2011-yilda olingan surat

Rifaat al-Assad,2011-yilda olingan surat

Rifaat al-Assadning oilasi bu ayblovlarni inkor etib, biznes Saudiya Arabistonidagi sheriklarning sarmoyasi yordamiga yaratilgan, deb keladi.

Assad Fransiyada 2013-yildan beri tekshiruvda. Qator mulklar muzlatilgan.

Londonda 12 million dollarlik koshona ham uniki. Britaniya hukumati bu uyni musodara qilishi kerak degan talab kuchaygan.

Tahlilchilar deydiki, agar Assadning boyligi tortib olinsa, unda Londondagi boshqa minglab qasrlar va bizneslar ham musodara qilinishi kerak, chunki ular ham diktatorlar, mafia, yulg'ich siyosatchilar va ularning oilalari hamda hamtovoqlarining "iflos puli" aksidir.

Nik Kokan bu borada kitoblar yozgan, bu masalani o'rganib keladi.

Assadlar oilasining ketiga tushsangiz, boshqalar ham qolib ketmasligi kerak. London o'g'rilar, o'z xalqining haqqini yeb yashashgan o'rgangan ochko'z va yeb-to'ymas insonlar va ularning avlodlari kelib joylashadigan makon, deydi u.

Britaniyada sud biror mulkni o'g'rilangan pulga olinganini tasdiqlab, hukm chiqarmaguncha, musodara qilish mumkin emas.

Inson huquqlarini qo'pol ravishda poymol etib, to'plangan boylik tortib olinishi mumkin, lekin Britaniyada bu jarayon ham yuridik jihatdan juda murakkab. Shu bois, deydi ingliz ekspertlar, Assadlarning bu yurtdagi koshonalariga hozircha hech kim qo'l tekkizmasligi mumkin.

Suriyani 2000-yildan beri boshqarib kelayotgan Bashar al-Assadning boyligi 550 million dollarga teng deya baholanadi. 52 yoshli Assadga hokimiyat otasidan o'tgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG